Iqtisodiyot 09.08.2019 31

QAMASHI TUMANIDA 297 TA, SHAHRISABZ SHAHRIDA ESA 157 TA ISTIQBOLLI LOYIHA AMALGA OSHIRILADI

Islohot odimlari

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy yil 29-iyulda "2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida", 2-avgustda esa "2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida" qarorlar qabul qildi.

Ushbu hujjatlar asosida viloyatimizning mazkur ikki ma’muriy hududini 2019-2020-yillarda kompleks rivojlantirish dasturlari tasdiqlanib, ko‘rsatilgan qisqa davrda amalga oshiriladigan loyihalar va ularning moliyalashtirish manbalari aniq belgilab berildi. Masalaning mohiyati shundaki, rivojlantirish chora-tadbirlari natijasi ana shu hududlarda sohalarni jonlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xalq iste’moli mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshirish negizida aholi turmush farovonligini yuksaltirishni nazarda tutadi. 

***

Avval, Qamashi tumani bo‘yicha to‘xtalsak, tegishli qaror bilan tasdiqlangan dastur asosida hududda 297 ta istiqbolli loyiha va tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Ular yetti yo‘nalish bo‘yicha ajratilib, 191 tasi muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, 33 tasi ijtimoiy soha, 22 tasi bog‘ va tokzorlar tashkil qilish, 20 tasi sanoat, 15 tasi xizmat ko‘rsatish, 11 tasi qishloq xo‘jaligi va 5 tasi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlariga oiddir. Ushbu loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun 430 milliard 544 million so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning 138 milliard 154 million so‘mi respublika budjeti, 121 milliard 68 million so‘mi tashabbuskorlar, 71 milliard 438 million so‘mi tijorat banklari kreditlari,  29 milliard 970 million so‘mi maxsus jamg‘armalar, 7 milliard 329 million so‘mi tarmoq korxonalari, 6 milliard 824 million so‘mi xorijiy investitsiya, 3 milliard 900 million so‘mi mahalliy budjet mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Natijada joriy yil 695 ta, kelgusi yilda esa 873 ta yangi ish o‘rni yaratilib, hududda ishga tushiriladigan ushbu loyihalar negizida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2019-yilda 26 milliard 890 million so‘mni, 2020-yilda esa 290 milliard 449 million so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan.

Dasturga kiritilgan loyihalar va tadbirlarni qisqacha tahlil etsak, ularning sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatishga oidlari avvalo tuman ichki imkoniyatlarini hisobga olib ishlab chiqilganiga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek, kommunikatsiya tizimlari, ijtimoiy soha obyektlari, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari bo‘yicha taklif etilgan loyihalar ham hududda uzoq yillar davomida yuzaga chiqib, aholini qiynab kelayotgan qator muammolarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Aniq misollarga o‘tamiz. Masalan, sanoat yo‘nalishida loyiha taklif etayotgan "Matanat" MCHJ xorijiy korxonasi Qamashida gips xom ashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni mo‘ljallayapti. Buning uchun jamiyat mulkdorlari 16 milliard 770 million so‘m investitsiya kiritishga tayyor. Binobarin, loyiha istiqboli hududda zarur xom ashyo resurslari yetarli ekanligi bilan ham yuqori baholanadi. Eng muhimi, kelgusi yil oxirlarida ishga tushirilishi ko‘zda tutilayotgan yangi subyektda 300 ishchi o‘rni yaratilishi belgilangan.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligi taklif etayotgan loyiha ham e’tiborga molik. U asosida tumanning tog‘oldi yerlarida 2500 gektar pistazor barpo qilinishi rejalashtirilayapti. Jami 330 ta yangi ish o‘rni tashkil etishga zamin yaratishi belgilangan loyihaning istiqbolini ta’minlash uchun tashabbuskor subyekt 50 milliard so‘m investitsiya kiritishga jazm etgan.

"Kinder sentr" MCHJ mulkdorlari joriy yil so‘ngiga qadar xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etishmoqchi. Ularning taklifi asosida dasturdan joy olgan tegishli loyihani amalga oshirish uchun 2 milliard 557 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 13 yangi ish o‘rni tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qamashi tumanini kompleks rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalarning 64 foizi muhandislik kommunikatsiya, yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish, aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga oid tadbirlar ekanligi diqqatni tortadi. Binobarin, bu borada belgilangan chora-tadbirlar maqsadi hudud aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash bilan izohlanadi. Xususan, mavjud 67 kilometr turli toifaga kiruvchi yo‘llarni ta’mirlash, tuman markazini oqar suv bilan ta’minlash, qator aholi punktlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 7 ta artezian qudug‘i qazish, elektr tizimida 141 punktli, ko‘p qavatli uylar va ular atrofida 11 punktli tadbirlar rejasini amalga oshirish kabi ko‘plab manzilli ishlar shunga zamin yaratadi.

Dastur doirasida tumandagi ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha tasdiqlangan investitsiya loyihalariga asosan 8 ta  umumta’lim maktabida, 11 ta maktabgacha ta’lim va 12 ta sog‘liqni saqlash muassasasida, shuningdek, markazdagi madaniyat va aholi dam olish maskani, Mang‘it mahallasidagi markaziy o‘yingohda bajarilishi belgilangan qurilish-bunyodkorlik ishlari ham qamashiliklarni hayotdan rozi bo‘lib yashashga undashi tayin.

Irrigatsiya va melioratsiya tizimini yaxshilash va foydalanishdan chiqarib yuborilgan yerlarni foydalanishga qaytarish ham avvalo tuman ahli uchun manfaatli bo‘lishi aniq. Dastur doirasida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi belgilangan ishlarning dastlabki qiymati 20 milliard 70 million so‘mni tashkil etmoqda. Natijada 5 maxsus texnika sotib olinib, 11 ta nasos agregati yangidan o‘rnatiladi, yana 2 tasi ta’mirlanadi. 60 ta artezian qudug‘i yangidan ishga tushirilishi evaziga 2000 gektar lalmi yer maydoni o‘zlashtirilib, bog‘ va tokzorlar barpo qilinadi.

 Yana, tegishli dasturda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholi ishtirokida ular daromadlarini oshirishni ko‘zlagan chora-tadbirlar ham belgilanganki, bu haqda ham to‘xtalish joiz.

Ma’lumki, Qamashi odamlari parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik faoliyatiga ancha uquvli. Shunga monand, tumandagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash va xonadonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida 6 ming xonadonga 600 mingta kurka yetishtirish, 3 ming xonadonga 40 mingta quyon sotib olish, chet eldan 2 ming bosh naslli chorva mollari keltirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi ko‘zda tutilayotgani ayni muddao. Bu oddiy odamlarning real daromadlari o‘sishiga xizmat qilishi bilan birga, hududda parhez go‘sht tayyorlash va go‘shtni qayta ishlash tarmoqlari rivojiga turtki berishi turgan gap.

Umuman, Qamashi tumanini kompleks rivojlantirish dasturi qamrovi ancha keng, unda nazarda tutilgan loyiha va tadbirlarning ro‘yi-rost hayotda o‘z ifodasini topishi esa hudud aholisi nazdida katta voqelik sifatida baholanishi aniq.      

***

"Shahrisabz Tekstil" MCHJ mulkdorlari joriy yil so‘ngiga qadar ip-kalava ishlab chiqarishni ko‘zda tutuvchi yirik loyihani amalga oshirishga azm etishdi. Buning uchun ular 167 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirishni maqsad qilishgan. Natijada 270 yangi ish o‘rni yaratiladi.   

Ushbu loyiha Shahrisabz shahrining sanoat salohiyatini yanada kengaytirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal qurish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini taraqqiy ettirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishni ko‘zda tutuvchi  kompleks rivojlantirish dasturidan o‘rin olgan.

Umuman, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan mazkur dasturga hududda amalga oshiriladigan 157 ta loyiha va tadbirlar kiritilgan bo‘lib, ularni ro‘yobga chiqarish uchun 867 milliard 639  million so‘mdan ortiq  mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Shundan qariyb 321 milliard 390 million so‘mi tashabbuskorlar, 203  milliard 23 million so‘mi tijorat banklari kreditlari, 71  milliard 291 million 400 ming so‘mi respublika budjeti,  29 milliard 500 million so‘mi xorijiy investitsiya, 18  milliard 561 million so‘mi mahalliy budjet, 8 milliard 524 million so‘mi tarmoq korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

To‘liq amalga oshirilishi natijasida 1547 ta yangi ish o‘rni yaratililishi mo‘ljallanayotgan dasturning ishlab chiqarish yo‘nalishidan 24 ta loyiha o‘rin olgan bo‘lib, 6 tasi mebel va qog‘oz, yana 6 tasi oziq-ovqat, 5 tasi tekstil va to‘qimachilik, 4 tasi qurilish materiallari,  2 tasi kimyo va neft-kimyo sanoatiga oid. Yana bir loyihada alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish sexini modernizatsiya qilish nazarda tutilgan.

Misol uchun, sun’iy dekorativ qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqqan "Zonda Decor Invest" xususiy korxonasi mulkdori shu maqsadga 3 milliard 320 million so‘m mablag‘ yo‘naltirishini bildirgan. Kelgusi yilning dekabr oyida ishga tushirilishi belgilangan ushbu loyiha asosida 20 ta yangi ish o‘rni ochilishi qayd etilgan.    

Ma’lumki, Shahrisabz shahrida xizmatlar sohasi, servis infratuzilmasi, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat va sharoit bor. Hamma gap bunday imkoniyatlardan unumli foydalana bilishda. Binobarin, hududda tilga olingan sohalarda faoliyat olib borib, dovrug‘ qozongan tadbirkoru ishbilarmonlar, hunarmandlar talaygina. Biroq, hamon turli xizmatlarga bo‘lgan talab taklifdan yuqori qolayotgani 64 ta subyektning yangi g‘oyalar ustida ishlashiga turtki berdi. Ular tashabbus bilan chiqib, shaharni kompleks rivojlantirish dasturiga o‘z loyihalarini taklif etishdi. Xususan, "Suxrob Sardor qurilish" MCHJ mulkdorlari 12 milliard so‘m sarflab, oilaviy mehmonxona tashkil etishni ko‘zlashgan bo‘lsa, 18 milliard 400 million so‘m investitsiya qilishga tayyor "Asqar qurilish invest" MCHJ mulkdorlari zamonaviy savdo do‘koni ochib, mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni boshlashmoqchi.

Shu o‘rinda qayd etish joiz,  dastur bo‘yicha yaratilishi mo‘ljallangan jami yangi ish o‘rinlarining 922 tasi xizmat ko‘rsatish va servis, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish yo‘nalishi hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ham ko‘p narsani anglatadi. Zero, ishsiz aholi vakillarini doimiy ish bilan ta’minlash, ular uchun muqim daromad manbai yaratish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanligi hech kimga sir emas.

Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish dasturiga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishiga oid 12 ta istiqbolli investitsiya loyihasi kiritilgan. Ularning 4 tasida issiqxona tashkil etish, yana 4 tasida parrandachilik faoliyatini rivojlantirish, 3 tasi sovutkichli omborxona qurish va nihoyat, 1 tasida chorvachilikni rivojlantirish nazarda tutilgan. Buning uchun loyiha tashabbuskorlari 11 milliard 130 million so‘m tikishga shay. Faqat, ushbu mablag‘ning yarmidan ko‘pini shakllantirishda ular bank ko‘magidan foydalanishni ko‘zlab turishibdi.

Hudud aholisi turmush farovonligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etishi kutilayotgan chora-tadbirlar tegishli dasturning muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish, aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish yo‘nalishidan o‘rin olgan. Unga asosan mavjud ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash bo‘yicha 6 ta, tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 5 ta, yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha 4 ta, ichimlik suvi, kanalizatsiya va oqova suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 3 ta, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 3 ta, arzon uy-joylar qurish bo‘yicha 1 ta va ko‘mir ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 1 ta punktdan iborat tadbirlarni bajarish rejalashtirilgan.

Shaharning sharqiy qismi shaharsozlik hujjatlarini, G‘alaba va Pillakashlik mahallalarida joylashtirilishi mo‘ljallangan "Shahrisabz city" majmuasi loyiha takliflarini ishlab chiqish, aholi bandligiga ko‘maklashish markazini qurish yumushlari ham ana shu yo‘nalishda qayd etilgan.

Dasturning  ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa turdagi ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash yo‘nalishidagi investitsiya loyihalari ro‘yobi uchun 104 milliard 203 million  700 ming so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan. Buning evaziga Choshtepa mahallasida yangi maktab binosi qurilsa, hududdagi 12-, 14-, 17-, 18-maktablar, 9-, 21-, 23-, 27-, 28-, 29-maktabgacha ta’lim, 3 ta sog‘liqni saqlash muassasasi binolarida rekonstruksiya ishlari bajariladi. Yana, bir nechta fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun bino barpo etish, ularni jihozlash, Namaton madaniyat markazi binosini rekonstruksiya qilish, turizm va boshqa turdagi ijtimoiy soha obyektlarini qurish kabi qator loyihalar ham ana shu yo‘nalish bo‘yicha sarflanishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. Shahar hokimligi, FHDYO uchun yangi binolar qurish, istirohat bog‘i tashkil etish ana shular jumlasidan.

Darvoqe, tegishli qarorda Shahrisabz shahrining Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qismida amalga oshiriladigan qurilish loyihalari YUNESKOning faqat ijobiy xulosasi olingandan so‘ng amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan, buni aslo unutmaslik kerak.

***

Muxtasar qilganda, 2019-2020-yillarda Qamashi tumani hamda Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturlari ikkala hudud rivoji va ularda yashovchi aholi turmush farovonligini yuksaltirishni nazarda tutgani bilan ahamiyatli. Garchi mazkur dasturlar ko‘rsatilgan ma’muriy regionlarning mavjud iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari qamrovini, qalqib turgan barcha muammolarini o‘zida to‘liq namoyon etmagan bo‘lsa-da, ularda ko‘zda tutilgan loyiha va tadbirlar nisbatan qisqa muddatda ushbu tuman va shahar hayotida muayyan ijobiy o‘zgarishlar yasash uchun yetarli bo‘lishiga shubha yo‘q. Faqat, joriy yilning 7 oydan ortiq fursati o‘tib bo‘lgani holda tegishli dasturlarda belgilangan barcha chora-tadbirlarning o‘z vaqtida to‘kis amalga oshirilishi ta’minlansa bas.

Kamoliddin KARIMOV