Iqtisodiyot 03.05.2019 41

QAMROV KENGAYDI

Tashabbus-2019

QAMROV KENGAYDI

Raqobat ham oshdimi?

Har yili Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan "Tashabbus" ko‘rik-tanlovi o‘z faoliyatida ko‘zga ko‘rinarli natijaga erishayotgan xususiy sektor vakillarini faol qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.

O‘z jabhasida eng nufuzli sanalgan ushbu tadbir orqali ishbilarmon ishiga xolis baho berish imkoni mavjud. Albatta, ushbu tanlovda ishtirok etib, hech bir tadbirkor yutqazmaydi. Aksincha, o‘zi uchun yangilik topadi, mahsulotini keng ommaga namoyish eta oladi, tajriba almashadi.

Ma’lumki, mazkur ko‘rik-tanlov qamrovi ancha kengaydi, asosiy yo‘nalishlar soni ortdi. Ilgari biroz e’tibordan chetdan qolgan sohalar — xizmat ko‘rsatish va yoshlar tadbirkorligi rivojiga ko‘mak berish, ularni hudud ravnaqiga qo‘shayotgan hissasiga ko‘ra taqdirlashga sharoit hozirlandi.

Shu kunlarda ko‘rik-tanlovning hududiy bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda. Muborak tumanida ham ushbu tadbir yuqori saviyada, xolislik asosida tashkil etilishiga alohida ahamiyat qaratildi.

Bu bosqichda hududda faoliyat yurituvchi 30 ga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmand g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Shu maqsadda qatnashchilar hakamlar hay’ati va mehmonlarga o‘z mahsulotlari va xizmatlari ko‘rgazmasini namoyish qilishdi.

- Biznesimiz asosan sanoat yo‘nalishiga ixtisoslashgan, - deydi ko‘rik-tanlov tuman bosqichi ishtirokchisi, "Eko hayot" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sobir Umirov. - Hali maqtanishga arzigulik yutuqlarni qo‘lga kiritdik, deb aytolmayman. Chunki faoliyatimizni yo‘lga qo‘yganimizga ko‘p bo‘lmadi. Yangi uskunalar olib kelib, uy-ro‘zg‘or uchun chelak hamda blok g‘isht ishlab chiqarayapmiz. 15 nafar kishini ish bilan ta’minladik. Hozir mahsulotimizga xaridor ko‘p. Oyiga 400 dona 5 va 10 litr hajmli chelak, kuniga 1200 dona g‘isht tayyorlash quvvati mavjud. Ikkinchi chorakda tarmoqlarni ko‘paytiramiz. Yo‘lakbop plita, profilli eshik-rom singari qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etamiz. Aytganimdek, ko‘rsatkichlarimiz biroz qoniqarli, shu ham natijamizga ta’sir etdi. Yakunda "Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori" yo‘nalishida ikkinchi o‘rin bilan kifoyalandik.

Qayd etish o‘rinli, Muborak tumani iqtisodiyotida yirik sanoat ulushi salmoqli bo‘lsa-da, bu hududda kichik biznes subyektlari rivojiga xalal bermayapti. Muhimi, faoliyat yo‘nalishlarida xilma-xillik, bir-birini takrorlamaslik bor.

- 25 yil bo‘libdiki, gilamchilik bilan shug‘ullanib kelamiz, - deydi hududiy bosqich g‘oliblaridan biri, yakka tartibdagi tadbirkor Ergash Yarashev. - 10-15 yil ilgari hunarmandchilikning bu turi hududimizga deyarli xos emasdi, ya’ni keng ommalashmagandi. Biz boshlab berdik, qolganlar rivojlantirishdi. Tabiiy, shu bilan birga, shifobaxsh mahsulotga talab o‘lmaganidek, gilamlarimizga ham doim xaridor topiladi. Asosan chet ellik sayyohlarga taklif etamiz. Aholi buyurtmasi bilan ham gilam to‘qib beramiz. Bu ish oilaviy mashg‘ulotga aylangan. Tuya, qo‘y va echki junidan kigiz,  sholcha, gilam, sumka kabi buyumlarni to‘qishni tashkil etganmiz. Kelgusida qiziquvchilar uchun o‘quv kursi ochish niyatimiz bor. Tanlovda mahsulotimizni namoyish etib, mehmonlarning e’tirofini qozondik.

Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, barcha asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, ularga tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho  sovg‘alari topshirildi. Qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham bir qancha ishtirokchilar munosib taqdirlandi. 

Ma’lumot o‘rnida eslatish joiz, "Tashabbus-2019" ko‘rik-tanlovining ilk bosqichlari Dehqonobod, Koson, Kasbi, Chiroqchi tumanlarida ham o‘tkazib bo‘lindi.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.