Ma'naviyat 09.04.2019 131

QARSHI - BUYUK SARKARDAGA MUROD ESHIGI BO‘LGANMI?

O‘tmish va bugun

Tarixdan ma’lumki, Qarshi shahri qadimda juda ko‘p bosqinchilik  urushlarini ko‘rgan. Buzilgan, vayron qilingan, o‘tda yonib, kuldan yana qayta tirilgan afsonaviy qush - Qaqnusdek yangi manzilda bunyod bo‘lavergan.

Toju taxt uchun kurashlarda g‘olib chiqqan chig‘atoy naslidan bo‘lgan Kebekxon (1309-1326 y) (ba’zi manbalarda Ko‘ppakxon, Kepakxon) Qarshini o‘z saltanatining poytaxtiga aylantirgan. U davlatida ma’muriy va moliya islohotlari o‘tkazgan, o‘z nomidan pul (kepaki) zarb qildirgan, mamlakatni tumanlarga bo‘lib  boshqargan. Qashqadaryo  daryosi bo‘yidagi manzilni poytaxt qilib tanlagan Kebekxon bu joyda o‘ziga qarorgoh - qasr qurdiradi. Tevarak-atrofida yashagan el bu qarorgohni Qarshi deb ataydi, zero turkiyda Qarshi - Saroy ma’nosini anglatadi. Shunday qilib, XIV asr boshlaridan e’tiboran, bu poytaxt shahar - Qarshi nomi bilan yuritila boshlaydi. Jumladan, 1333-yilda Qarshida bo‘lgan Ibn Batuta shahar haqida to‘xtalib, u kichik bog‘lar hamda zovur bilan o‘ralganini va atrofida devor borligini yozadi.

XIV asrning 60-yillarida Qarshiga Amir Temurning nazari tushadi. Sohibqironning markazlashgan davlat tuzish borasidagi faoliyati aynan Qarshida boshlangan. 1365-1366-yilning qishida bu shaharda mudofaa qal’asini bunyod etgan, shaharni panoh bilib, kuch-lashkar to‘plagan va ularga yetakchilik qilgan. Qal’a haqida dastlabki tarixiy bitik, 1401-yilda Amir Temur bilan uchrashgan, Sohibqironning o‘zidan zafarli yurishlari haqida kelajak avlodlarga yetib boradigan, yirik bir asar yozish to‘g‘risida topshiriq olib, uni sharaf bilan uddalagan Nizomiddin Shomiyga tegishli.

Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asarida bayon etilishicha, "Sohibqiron qish faslini Qarshida o‘tkazdi, o‘shanda Qarshi qo‘rg‘onini qayta ko‘tarishga kirishib, oxiriga yetkazdi". "Hazrat Sohibqiron ... Amu suyidan o‘tib, Qarshiga tushdi. Va Qarshi aning uchun derlarkim, Ko‘ppakxon (Kepakxon) Nasafdin ikki yog‘och yo‘li yiroq, bir qasr yasab erdi va mo‘g‘ul tilida "qasr"ni "qarshi" derlar. Ul jihatdin "Qarshi" bilan mashhur bo‘ldi. Hazrat Sohibqiron ul qish anda qishladilar va Qarshining qal’a imoratiga mashg‘ul erdi. O‘shul qishda qal’a imoratini tugattilar."

Qarshi qal’asi ulug‘ Sohibqironning oliy maqsadlarini ro‘yobga chiqaruvchi omil, porloq istiqbol sari yo‘l oluvchi murod eshigi bo‘lgan. Bu haqda "Zafarnoma"ning "Hazrat Sohibqiron Qarshiga kelgani" bobida quyidagicha yozilgan: "Har murodning gulu gulzor, ammo neda inoyati rabboniy nasimidin ochilsa, o‘zga asbob o‘rtada bahona! Har murod eshikini orzu xalqasin tebratsa, tavaqqufsiz ochilg‘ay va umid yuzini har sorikim qilsa, maqsudi anga o‘tru kelg‘ay...!

Darhaqiqat, Sohibqiron ulug‘ maqsadlariga erishmoq uchun harakat qilib yurgan navqironlik kezlarida, Qarshi shahriga umid ko‘zi bilan qaragan, binobarin, bu shahar istiqbolda tiklanadigan saltanat uchun murod eshigi, Qarshi qal’asi esa orzu xalqasi bo‘lib, unga tavaqqufsiz ochilgan bo‘lsa neajab!

Ibn Arabshohning "Amir Temur tarixi" hamda noyob qo‘lyozma "Amir Temur tarjimai holi" (1281-yil hijriy, 1835-yil milodiy yili Nabijon Xatifning forschadan turkiyga tarjimasi) kabi manbalarda ham Qarshi qal’asiga katta o‘rin berilgan.

Qarshi qal’asi qishda, zarurat (lashkar to‘plash, nafsini rostlab dushmanga zarba berish) yuzasidan qisqa vaqtda bunyod etilgan bo‘lsada, hajmi ancha katta - to‘rt tomoni 630 metrdan, hududi 40 gektar, devorlari g‘ishtdan, usti esa kungurali (zubchatka) mustahkam mudofaa inshooti bo‘lgan. Devorlardagi sirlangan g‘ishtlarning qoldiqlari XIX asning 60-yillari oxirigacha saqlangan. Ma’lumki, qishda loydan devor ko‘tarib bo‘lmaydi, Sohibqiron devorning chetlarini g‘ishtdan va o‘rtasini loydan tiklab, qal’a imoratini bitkazgan.

Sohibqiron Amir Temur shu qal’ada lashkar to‘pladi, o‘zining siyosiy raqibi Amir Husaynni mahv etib, oliy maqsadi - hokimiyatga erishdi. Buyuk saltanat tuzdi. Poytaxt Samarqandni va tug‘ilgan shahri Shahrisabzni obod qildi, shu bilan birga Qarshi shahrini, o‘ziga murod eshigi bo‘lgan qal’ani unutmadi.

1385-1386-yillarning qishida, oradan 20 yil o‘tib Qarshida qishladi va qal’a markazida tijorat markazi - Chorsuni, imon-e’tiqod maskani - Odina jome’ masjidini, poklik go‘shasi - "Amiri hammom"ni bunyod ettirdi. Bu bilan Amir Temur Qarshi registoniga asos solgan va yana qal’a atrofida "Gulshan bog‘i" hamda ko‘shk barpo qilgan.

Qarshi shahri va uning qal’asi Amir Temurga panoh, hokimiyatni qo‘lga olishda kalit shahar bo‘lgani uchun bu yerda katta bunyodkorlik ishlari olib borgan. Shuningdek, o‘z saltanatini kuchli, qudratli davlatga aylantirish, xalq farovonligi uchun savdo-tijoratni rivojlantirish hamda davlatlararo munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratgan. Chunki shahar yo‘llari savdo karvonlari va elchilar bemalol kelib-ketadigan, xavfsiz va obod bo‘lishi kerak edi. Shuning uchun Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Qarshi va boshqa shaharlarda Chorsular - savdo tijorat markazlari, ularning yonida esa karvonsaroylar qurilgan. Buning yana bir sababi, Buyuk Ipak yo‘li Amir Temur saltanatidan o‘tib, G‘arb davlatlari sari yo‘nalgan. Chorsularda nafaqat savdo-tijorat ishlari, balki pul almashtirish va maydalash (sarroflik), omonatni saqlash (bank) ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Axborotchilarning aytishlaricha, karvonlardan berib yuborilgan xat va boshqa narsalarni egalariga topshirish (pochta), Chorsu yaqinidagi karvonsaroylarda tunash (mehmonxona) kabi maqsadlar ham ko‘zda tutilgan. Karvon yo‘llari qaroqchilardan va yo‘lto‘sarlardan, shaharlar va ulardagi bozorlar o‘g‘ri-talonchilardan tozalangan, bunga xalq orasida: "Saltanat hududida kishi boshida oltin tanga solingan jom-lagan olib o‘tganda biror donasi kamaymagan!" degan naql borligi misol. Qarshi Chorsusi boshqa shaharlardagidan o‘lchamlari katta (markaziy gumbazning   diametri va timlarining uzunligi 25 metrdan) bo‘lgani hamda chorraha vazifasini bajargani bilan ham farq qilgan.

Afsuski, ulug‘ Sohibqiron   bunyod ettirgan qal’a va uning bosh maydoni - Registon barcha me’moriy obidalari bilan yo‘q bo‘lib ketdi. Tarixchilar va arxeologlar oldida Amir Temur bunyod ettirgan inshootlarni chuqur tadqiq etish maqsadi turibdi.

Qambar NASRIDDINOV,

 tarix fanlari nomzodi, dotsent