So'nggi yangiliklar 09.08.2019 44

"QARSHI OPEN-2019" XALQARO TURNIRI DAVOM ETMOQDA

Shaxmat

Qarshi shahrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi Ismat Shukurov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha an’anaviy "Qarshi open-2019" xalqaro turniri davom etmoqda. Musobaqa o‘yinlari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan taklif etilgan tajribali hakamlar tomonidan boshqarib borilayapti.

"Qarshi open-2019" musobaqalarida O‘zbekiston, Rossiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston, Xitoy kabi o‘nga yaqin mamlakatlardan 248 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda.

Musobaqada sportchilar FIDE reytingida egallab turgan o‘rniga qarab "A" va "B" guruhlarga ajratilgan. Ular standart (klassik) yo‘nalishda 9 turdan iborat bahslarda qatnashayapti.

11 avgustga qadar davom etadigan turnir g‘olib va sovrindorlari diplom, medal va pul mukofotlari bilan taqdirlanishi bilan birga xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi va FIDE sport ustasi singari xalqaro unvonlarni ham qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘z muxbirimiz