Tibbiyot 04.06.2019 30

"QARSHI" SANATORIYASI ISH BOSHLADI

Tadbir

Qarshi shahridagi sobiq viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, uning negizida zamonaviy sanatoriya foydalanishga topshirildi. Mahalliy budjetdan ajratilgan 7 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan ushbu sihatgoh asosan 4 toifa vakillari - keksalar, nogironlar, urush va mehnat faxriylarini sog‘lomlashtirishga mo‘ljallangan.

Mazkur muhim voqea - "Qarshi" sanatoriyasi ochilishi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi mutasaddilari, nuroniylar, uzoq yillik mehnat tajribasiga ega tibbiyot sohasi jonkuyarlari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda keksalar va nogironlarning turmush darajasi va sifatini oshirishga e’tibor yuqori. Ularning pensiya ta’minoti va ijtimoiy madad tizimi takomillashtirilgani, tizimli sog‘lomlashtirishni tashkil etish hamda kasalliklarni davolashning zamonaviy usullaridan bahramand bo‘lishi uchun sharoit yaratib berilayotgani fikrimiz isbotidir.

Ayniqsa, Prezidentning 2016-yil 28-dekabrdagi "Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilinishi ham bu masalaga qay darajada ahamiyat qaratilayotgani dalilidir. Mazkur hujjat ijrosi doirasida shu kungacha ko‘plab ishlar amalga oshirildi.

- Davlat rahbari qarorida bepul tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi doirasida keksalar, nogironlar, urush va mehnat faxriylarini sog‘lomlashtirishni ta’minlash masalasiga alohida urg‘u berilgan, - deydi "Qarshi" sanatoriyasi bosh shifokori Shavkat Mamadiyev. - Ayni shu maqsadda 2017-2019-yillarda respublika bo‘yicha faqat uch hudud - Buxoro, Xorazm viloyatlari, shu jumladan, Qashqadaryoda ham sanatoriya tashkil etish topshirig‘i berilgandi. Bu tashabbus tez fursatda ro‘yobga chiqdi. Muassasa moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 340 million so‘mdan ko‘p mablag‘ ajratildi. Stomatologiya, ultratovush apparatlari, 14 xil turdagi fizioterapevtik tibbiyot uskunalari olib kelindi. Muassasamizda bir martada 120 nafar kishiga maxsus yo‘llanma asosida bepul xizmat ko‘rsatiladi.

Sanatoriyaning ochilish marosimida   teatrlashgan badiiy qism ham namoyish etildi. Diltortar kuy-qo‘shiqlar, o‘yin-kulgi tadbirga o‘zgacha shukuh qo‘shdi.

M.SHUHRATOV

Sobir Narziyev olgan surat.