So'nggi yangiliklar 02.08.2019 43

Qarshi tumani IIB boshlig‘i xatti-harakatlari ham tekshiriladi

Yaqinda Kasbi tumani IIB boshlig‘i Chori Kucharovning fermerlarga nisbatan g‘ayriqonuniy harakati yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi ortidan u egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi.

Mana, oradan hech qancha vaqt o‘tmay internet nashrlarida Qarshi tumani IIB boshlig‘i Bahodir Arslonovning ham fermerlar bilan ishlash "uslub"iga oid ma’lumotlar tarqatildi. Ushbu material yuzasidan esa Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi o‘z munosabatini bildirib, Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilganini ma’lum qildi.   

Gap shundaki, "Daryo.uz"  nashri e’lon qilgan "Militsiya boshlig‘i uyimga bostirib kirib tintuv o‘tkazgach, bolalarim qo‘rqib ketgan" sarlavhali materialda Bahodir Arslonovning tumandagi Charog‘il qishlog‘ida yashovchi fermer Bekzod Farmonovni doimiy ravishda haqorat qilib kelishi, 21-iyul kuni esa uning xonadoniga to‘satdan bostirib kirib, tintuv o‘tkazgani aytiladi. E’tiborni tortadigan jihati, hududdagi yana qator fermerlar ham shu kabi iddaolarini bildirgan.

Xo‘sh, viloyatda nega ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq bu kabi xunuk holatlar tez-tez takror bo‘layapti? Avval ham shundaymidi?

Tan olish kerak, avval ham bundan kam emasdi. Faqat OAV bugungidek faol, to‘g‘rirog‘i erkin bo‘lmaganligi uchun bu kabi holatlar haqidagi ma’lumotlar tor doiradan nariga chiqmas, voqeadan keng jamoatchilik bexabar qolardi. Endi esa boshqa davr, hamma yangicha va qat’iy qonun doirasida ishlashi talab etilayapti. Shundan kelib chiqsak, ayrim ichki ishlar xodimlari, eng achinarlisi, ulardagi mas’ul rahbar lavozimida o‘tirgan ba’zilari tomonidan qonun va xizmat vakolati doirasidan tashqariga chiqish holatlari uchrayotgani qator xulosalar qilishga asos tug‘diradi. Binobarin, Qarshi tumani IIB boshlig‘i Bahodir Arslonovning fermer Bekzod Farmonov va boshqalar bayon qilgan harakatlari bo‘yicha tayinlanadigan xizmat tekshiruvi yakunida qanday xulosa qilinishidan qat’i nazar, mansabu tegishli organning xizmat formasini kiyish hech kimga demokratiya va qonun ustuvor davlatda cheksiz vakolat bermaydi.  

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili aynan Qarshi tumanining sobiq IIB boshlig‘i Jahongir Rajabov qonun va xizmat vakolati doirasidan tashqariga chiqib, fermerlarni kaltaklagani uchun lavozimidan ozod etilgan va sud unga ikki yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlagandi.

O‘z muxbirimiz