Tibbiyot 20.09.2019 37

QARSHIDA VAKSINALAR SAQLASH OMBORI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Salomatlik

Bugungi kunda respublikamizda yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik vaziyat barqarorligi ta’minlanib, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, poliomiyelit, difteriya, qoqshol kasalliklari qator yillar mobaynida qayd etilmadi. YUNISEF tomonidan bolalarni emlash bo‘yicha mamlakatimiz milliy immunizatsiya dasturini kuchaytirish va barqarorligini ta’minlashga amaliy hamda konsultativ yordam ko‘rsatilayapti.

Qarshi shahrida vaksinalar saqlash omborining ochilish marosimida shu haqda aytib o‘tildi.

Unda viloyat hokimligi,  Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari, viloyat sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda YUNICEFning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Afshin Parsi so‘zga chiqdi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi viloyat  boshqarmasi direktori SHerboy SHerovga omborxonaning ramziy kalitini topshirdi.

- Ushbu zamonaviy vaksina omborxonasi viloyatimizda birinchisi bo‘lib, yilning har qanday faslida ichkaridagi havoni bir xil saqlaydi, - deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi viloyat boshqarmasi direktori o‘rinbosari Sobir Murodov. - Omborxona bir yoshgacha bo‘lgan 78 ming 400 bolani emlashga mo‘ljallangan 37 ming 500 litr hajmdagi vaksinalarni saqlash imkonini beradi. Chiroqchi va Shahrisabz tumanlarida ham shunday omborxonalar qurilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasiga kiritiladigan eng muvaffaqiyatli va tejamkor sarmoyalardan biri emlash bo‘lib, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida qariyb 3 million o‘lim holatlarining oldini olishi mumkin.

- YUNISEF butun O‘zbekiston bo‘ylab 21 ta sovuqlik omborlarini qurish va rekonstruksiya qilishda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘mak bermoqda, - dedi Afshin Parsi. - Qashqadaryoda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar soni oshgani e’tiborga olinib, yangi vaksinalar omborining hajmi boshqa viloyatlarnikiga qaraganda ancha kattaroq qilindi. Mazkur inshootlar Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda eng yaxshi vaksinalar omborxonalari bo‘ladi. Fond O‘zbekistonga mutaxassislarni tayyorlash, omborxonadan foydalanish bo‘yicha zarur ma’lumotlar, vaksinalarni tashish uchun avtomobil-sovutkichlar va sovutkichli sumkalarni yetkazib berishda ko‘maklashadi.

Yig‘ilganlar vaksinalar ombori imkoniyati va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

SH.BOZOROVA

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Muallif olgan suratlar.