Jarayon 12.07.2019 21

QASHQADARYO HUNARMANDLARINING MAHORAT KO‘RGAZMASI

An’anaviy hunarmandchilik

Dehqonobodlik  Choriyor Rajabov gilamchilikni san’at darajasiga ko‘tara olgan. U bu ishga asosan oilaviy mashg‘ulot sifatida qaraydi. Jundan to‘qilgan gilamlari nafisligi bilan ajralib turadi.

Hunarmand tomonidan yuqori did bilan ishlangan noyob buyum - jun dasturxon Qarshi shahridagi Odina masjidida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ustaning aytishicha, mazkur uy-ro‘zg‘or buyumi non mahsulotini yaxshi saqlash uchun juda qulay. Shu sabab bugun gilamdo‘zga doim ish tayin.

Choriyor Rajabovdan tashqari mazkur ko‘rgazmada viloyatimizning boshqa hududlaridan kelgan ko‘plab mahoratli hunarmandlar ham o‘z ijod namunalarini yana bir bor keng jamoatchilik e’tiboriga havola etishdi. Tadbir YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, Madaniyat vazirligi, "Hunarmand" uyushmasi ko‘magida tashkil etilgani ahamiyatli.

Ko‘rgazmada kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtachilik buyumlari ham keng namoyish etildi. Tadbirda nafaqat soha mutaxassislari, balki milliy hunarmandchiligimiz ixlosmandlari, yoshlar ham faol qatnashdi. Mahoratli hunarmandlar esa fursatdan foydalanib o‘z tajribalari bilan keng o‘rtoqlashishdi.

- Kashtachilik bilan shug‘ullanayotganimga 30 yildan oshdi, - deydi ko‘rgazma ishtirokchisi Umida Zikrillayeva. - O‘z ustaxonam bor. Bu hunarni daromadli faoliyatga aylantira olganmiz. Mahsulotimizni mamlakatimizning turli burchaklaridan ham kelib olib ketishadi. Kashtachilik buyumlariga ayniqsa, xorijliklarda qiziqish yuqori. Kashta urilgan kamzul, iroqi do‘ppi oxirgi paytlarda ko‘p talash bo‘layapti. Ixcham, suvenir uchun mo‘ljallangan xurjun, telefon g‘ilofi kabi mahsulotlarni ham tayyorlaymiz. Hozirda bir vaqtlar keng urf bo‘lgan kashtachilik uslublarini qayta tiklash ustida ishlayapmiz. Buning isbotini ko‘rgazmaga taqdim etilgan aksariyat ishlarimizda ham ko‘rish mumkin.

Ta’kidlash joizki, ushbu ko‘rgazma Qashqadaryo viloyatida an’anaviy hunarmandchilik turlarini saqlash va yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar doirasida o‘tkazildi. Bu ishlar YUNESKO va Yevropa Ittifoqining "Afg‘oniston, Markaziy Osiyo va Erondagi Ipak yo‘li merosi yo‘laklari" hamkorlik loyihasiga ko‘ra amalga oshirilmoqda. Loyiha maqsadi moddiy va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish uchun salohiyatni mustahkamlash, odamlarning ushbu merosdan xabardorligini oshirish va keng targ‘ib qilishdan iborat. Viloyatimizga taalluqli chora-tadbirlar dasturi asosida 10 kundan oshiq vaqt davomida turli tadbirlar, jumladan, an’anaviy hunarmandchilik bo‘yicha  amaliy treninglar tashkil etish, asosiy mavzu yuzasidan zarur tavsiyalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

M.SHUHRATOV

Jamshid NORQOBILOV olgan surat.