QASHQADARYOLIK FIFA HAKAMI ASSISTENTI

Sportimiz iftixori

QASHQADARYOLIK FIFA HAKAMI ASSISTENTI

Mamlakatimizda futbol bo‘yicha xalqaro miqyosdagi o‘yinlarni boshqarib borish huquqiga ega bo‘lgan ayol hakamlar soni ko‘p emas. Misol uchun, 2012- yilda FIFA tomonidan xalqaro ayol hakamlar ro‘yxatiga O‘zbekistondan birgina Edita Mirobidova kiritilgan bo‘lsa, hozirda yurtimizdan to‘rt nafar ayol hakam hamda hakam assistenti sifatida FIFA miqyosidagi futbol musobaqalarida ishlamoqda. Ulardan biri viloyatimiz vakili Zilola Rahmatovadir.

Koson tumani Guvalak qishlog‘idagi 71-sonli o‘rta maktabda ta’lim olib, u yerda sportning dzyudo turi bilan shug‘ullanishni boshlagan Zilola sport sohasida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan.  1996 yilda u dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni sifatida Qarshi davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetiga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilingandi.

- Ikkinchi kursda o‘qiyotgan vaqtim universitet miqyosida ayollar futbol jamoasi tuziladigan bo‘ldi, - deydi u. -  Men ham jamoada o‘zimni sinab ko‘rishga ahd qildim va bir nechta musobaqalarda ishtirok etdim. Harakatlarim murabbiylarga manzur bo‘ldi chog‘i, o‘sha yillari viloyatda ilk bor tuzilgan "Qaldirg‘och" ayollar futbol klubiga taklif etishdi. Avval shu jamoa safida o‘ynadim, keyin viloyatimizning ilk ayollar professional futbol klubi - "Sevinch" tashkil etildi.  2003-2006-yillar davomida "Sevinch" safida o‘ynab, jamoadoshlarim bilan birgalikda qator medallarini qo‘lga kiritdik.

2006-yilgi mavsumda "Sevinch" mamlakatimiz miqyosida tilga tushib ulgurgan, chempionatda yaqqol favorit edi. Zilola Rahmatova ana shu yili shiddatli o‘yinlarning birida jarohat olib, maydonni tark etdi va futbolchilik faoliyatini yakunlashga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng uni klubning yoshlar jamoasiga murabbiy sifatida ishga taklif etishdi.

Murabbiylikda ham ancha tajriba to‘plagan Zilola bu orada turmushga chiqdi, farzand ko‘rdi va, tabiiyki, uning sport bilan bog‘liq  faoliyatida biroz muddat tanaffus bo‘ldi. 2010-yilda esa hakam assistenti sifatida maydonga qaytdi.

Mashg‘ulotlarda astoydil ishlashdan, izlanish va harakatdan to‘xtamaydigan Zilolaning hakamlik borasida ham e’tirof etilishi uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Dastlab mamlakat miqyosidagi musobaqalarda ishlagan bo‘lsa, 2014-yilda FIFA hakamlari ro‘yxatiga kiritildi.

Ayni vaqtda Zilola Rahmatova OFK va FIFA miqyosidagi ko‘plab nufuzli turnirlarda hakam assistenti hamda laynsmen (chiziqdagi hakam) sifatida ishlamoqda. Bugungi kunda bosh hakam Edita Mirobidova hamda qanot hakami Zilola Rahmatova juftligi osiyolik ayol hakamlar orasida katta nufuzga ega. Masalan, o‘tgan yili ushbu juftlik Olimpiada-2020 musobaqasi saralashining Tailandda bo‘lib o‘tgan birinchi bosqich uchrashuvlarida,  Osiyo o‘yinlarida,  19 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionati saralash bosqichi va boshqa qator xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli hakamlik qildi.

Ushbu musobaqalardagi bahslarda Zilola Rahmatova goh Edita Mirobidovaga qanotda yordam bergan bo‘lsa, goh boshqa brigadalar tarkibida, gohida esa to‘rtinchi hakam sifatida ishtirok etdi.

Ayni paytda Zilola Rahmatova va uning hamkasblari ayollar o‘rtasida futbol bo‘yicha navbatdagi O‘zbekiston  chempionati va turli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

J.BOYMURODOV