QASHQADARYOLIK FUTBOLCHILARDA - KUMUSH MEDALLAR

Mini futbol

QASHQADARYOLIK FUTBOLCHILARDA - KUMUSH MEDALLAR

Toshkent shahrida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2005-2007-yillarda tug‘ilgan o‘quvchilari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha "O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi kubogi" musobaqasi o‘tkazildi.

Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, umumta’lim maktabi o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan musobaqaning barcha bosqichlarida 130 mingdan ortiq o‘quvchi-yoshlar qatnashdi. Ular orasidan eng sara jamoalar finalga yo‘llanma olishgan edi.

Final uchrashuvida Koson tumanidagi 57-maktab va Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 162-maktab jamoalari bellashishdi. G‘oliblik poytaxt jamoasiga nasib etdi va ular kubok, oltin medallar hamda PlayStation 4 o‘yin moslamalari bilan taqdirlanishdi. 2-o‘rinni egallagan Qashqadaryo jamoasi futbolchilariga kumush medal va velosipedlar sovg‘a qilindi.

Bronza medali sohiblari Namangan va Navoiy viloyatlari vakillariga planshet va sport ekipirovkalari topshirildi.

- Yoshligimdan futbolga qiziqaman, - deydi viloyatimiz jamoasi a’zosi Ravshan Xayrullayev. - Bu qiziqishimni murabbiylar yordamida mahoratga aylantirishga harakat qilayapman. Musobaqada "Eng yaxshi futbolchi" nominatsiyasida g‘olib bo‘lishimda birinchi navbatda ustozlarimdan o‘rganganlarim yordam berdi.

SOJIDA