Ta'lim 27.09.2019 33

QASHQADARYOLIK IQTIDORLI TALABALAR - DAVLAT STIPENDIYALARI SOHIBLARI

Yoshlar va davr

Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2019/2020-o‘quv yili uchun Navoiy, Beruniy, Ulug‘bek, Ibn Sino, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan iqtidorli talabalar ro‘yxatini e’lon qildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat stipendiyalari tayinlangan yoshlar orasida viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining uchinchi va to‘rtinchi kurslarida tahsil olayotgan talabalar ham bor.

Qarshi davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiya bo‘yicha prorektori Nodir Xolmirzayevning tahririyatimizga ma’lum qilishicha, ushbu oliy o‘quv yurtida ta’lim olayotgan uch nafar talaba Navoiy, yana bir nafari  Ulug‘bek, tag‘in bir nafari Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lishgan.

- Jumladan, Qarshi davlat universitetining xorijiy tillar fakultetida "Xorijiy til va adabiyot: ingliz tili" yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan 3-kurs talabasi Mushtariy Yusupova va 4-kurs talabasi  Mohira Jo‘rayeva hamda o‘zbek filologiyasi fakulteti "Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili" yo‘nalishi 3-kurs talabasi Shalola Rahimova 2019/2020-o‘quv yili davomida Navoiy stipendiyasini oladigan bo‘lishdi, - dedi N.Xolmirzayev. - Xorijiy tillar fakultetida 3-kursda "Filologiya va tillarni o‘qitish: fransuz tili" yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiyotgan yana bir iqtidorli talabamiz Gulnoza A’zamovaga  Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi tayinlandi. Tabiiy fanlar fakultetida "Biologiya" yo‘nalishi bo‘yicha 4-kursda ta’lim olayotgan Muxlisa Ikromova Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining bir yo‘la to‘rt nafar iqtidorli talabasi yaqinda boshlangan o‘quv yili mobaynida Beruniy nomidagi davlat stipendiyasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Otamurod Xomidjonov ("Issiqlik energetikasi" yo‘nalishi, 4-kurs), Shaxzod Begamov ("Kimyoviy texnologiya (ishlab chiqarish turlari bo‘yicha)" yo‘nalishi, 3-kurs), Asila Abdullayeva va Akmal Rustamov (ikkalasi ham - "Texnologik mashinalar va jihozlar" yo‘nalishi, 3-kurs).

- Bir vaqtning o‘zida ikkita yo‘nalish - "Yoshlarni o‘qitishda oila, o‘quv yurti va jamoatchilik hamkorligi" hamda "Tuproqni kartoshka ekishga tayyorlaydigan energiya resurslari tejovchi mashinaning ishchi organlari parametrlarini asoslash" mavzularida ilmiy ishlar olib borayapman, - deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti muhandis-texnika fakultetining 3-kursida "Kasbiy ta’lim: qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish" yo‘nalishida tahsil olib, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan Oydinoy Samidjonova. - Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti nomidagi davlat stipendiyasiga loyiq ko‘rilganimdan juda xursandman va endi yanada ko‘proq izlanib, bundan-da yuqoriroq marralarni zabt etishga harakat qilaman. Davlat stipendiyasi tayinlanishi esa menga xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirish va ilmiy ishlarim natijalarini chet eldagi nashrlarda chop ettirish borasida keng imkoniyatlar ochmoqda.

2019/2020-o‘quv yili uchun davlat stipendiyasi olishga erishgan iqtidorli yoshlar orasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali talabasi ham bor. Ushbu oliy o‘quv yurtida "Dasturiy injiniring" yo‘nalishi bo‘yicha 3-bosqichda ta’lim olayotgan Sitorabonu Axmatova Beruniy nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi.

Davlat stipendiyalari 1 sentabrdan boshlab, bir yil muddatga, belgilangan miqdorga qat’iy muvofiq holda tayinlanadi. Ularga sazovor bo‘lgan talabalarga maxsus guvohnomalar beriladi. Shuningdek, davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida, tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, grant asosida qabul qilinadilar hamda magistraturada o‘qishni davom ettirish uchun xorijga yuborilayotgan yoshlar guruhlari tarkibiga kiritilishda ustunlikka ega bo‘lish huquqini saqlab qoladilar.

O‘z muxbirimiz