So'nggi yangiliklar 04.10.2019 21

QASHQADARYOLIK SHIFOKORLAR ENDI STAVROPOLDA MALAKA OSHIRADI

Hamkorlik ufqlari

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi viloyat xududiy bo‘linmasi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vazirligi Stavropol davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

- Shifokorlar malakasini oshirish bo‘yicha rossiyalik professor-pedagoglarning viloyatimizda sayyor o‘quv kurslarini o‘tkazish, shuningdek, rejali ravishda innovatsion, yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini bajarish, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarini bitiruvchi yoshlar malakasini Stavropolda klinik ordinatura va magistratura yo‘nalishlarida oshirish, mutaxassis shifokorlar tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, hamkorlikda ilmiy–amaliy konferensiyalar hamda davra suhbatlari o‘tkazish belgilandi, - deydi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi To‘lqin Rasulov. – Bularning barchasi viloyat aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qayd etish lozim, joriy yilning so‘nggi choragi davomida markaz tomonidan nevropatolog, nefrolog, otorinolaringolog, xirurg-laporoskopist vrach mutaxassislarni malaka oshirishga yuborish va kelgusi yilning birinchi choragida Qarshida sayyor sikl, ya’ni tibbiyot xodimlarining kasb bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan sayyor mashg‘ulotlarni tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

N.XO‘JAYEV