Ma'naviyat 28.06.2019 454

QAYNONA

Hikoya

"La’nati vaqt! Buncha shoshmasa! Orqa-oldiga qaramaydi-ya. Na to‘xtashni biladi, na oromni. Chopgani chopgan. Oyog‘iga kirza etik kiyib olganday qoldirgan izinichi? Na o‘chirib bo‘ladi, na yo‘qotib. La’nati vaqt!.."

U oynaga qarab turarkan, o‘ziga o‘zi to‘ng‘illadi. Aslida huda-behudaga oynaga qaramasdi, lekin hozir uydan chiqayotib burchakda turgan  ikki tabaqali oyna oldida to‘xtab qoldi. So‘ng yaqinlashdi. Qarasa, ko‘zoynak turibdi. Ko‘zoynakni taqib,  oynaning yaqinigacha bo‘ynini cho‘zib bordi. Birdan... Yuragi orqasiga tortib ketdi. Yuzi g‘ijimlab tashlangan qog‘ozga o‘xshardi. Hamma yog‘ini ajin bosib, ajinlar bir-biri bilan tutashib, katta-kichik katakchalar hosil qilgan...

 U panjalarini yuziga tegdirib, pastga qarab tortdi, o‘zicha g‘ijimni yozmoqchi bo‘ldi. Beti bir oz taranglashdi, ammo ajinlar o‘rnida chiziqlar bilinib qoldi, qancha tortmasin ularni yo‘qotolmadi, o‘chirolmadi.

Noiloj qo‘lini qo‘yib yubordi, yuzini yana ajinlar o‘rab oldi. Kayfiyati buzildi. Yetmish besh yillik xira ko‘z bilan bu qadar aniq ko‘rinmasdi yuzi. Ko‘zoynak uning haqiqiy basharasini ko‘rsatib qo‘ydi.

U shu kayfiyat bilan peshayvonga chiqdi. Zinadan tushaverishda panjaraga suyanib keng hovliga ko‘z yugurtirdi. Bir-biriga chirmashib ketgan daraxtlar, chiroyli ishkom,  hovlining to‘rt tomonini o‘rab olgan dang‘illama uylar, darvozasi oldida salobat to‘kib turgan mashina... Hammasi ko‘ziga omonat ko‘rindi va yuragi shuv etib ketdi. Birdan yoshini hisob-kitob qilishga tushdi. Yetmishga-ku kirdi, saksonga qarab yurayapti. To‘qsongacha boradimi-yo‘qmi, u yog‘i xudodan. Ammo bu uy-joy, hovli, mol-mulk...

Shu payt darvozaning sharaqlab ochilgani eshitildi. "Kelin keldi, shekilli", o‘yladi u nigohini darvozaxonadan uzmay. Kelin qo‘lida sumkasi bilan shoshib uyiga kirib ketdi, qaynonasini payqamadi ham.

Kelinini ko‘rib kayfiyati battar buzildi. "La’nati kelin! Shuncha dov-dastgoh sen - kelgindiga qoladimi? - xayolidan o‘tdi uning. - Bu hovlini hovli, uyni uy qilguncha sulton suyagim suv bo‘lgan. Bir g‘ishtni bu yerdan olib u yerga qo‘ymay turib hammasiga egalik qilasanmi? Betayin xeshlaring uyimga in qurib oladimi? Hovlimni oyoq osti qilishadimi? Sulaymon o‘ldi - devlar qutuldi, bo‘ladimi?".

Miyasi g‘uvillay boshladi. "Ahmoq o‘g‘il, -endi u o‘g‘lini yozg‘ira boshladi, - boshidan yoqtirmagandim xotiningni. Shundan boshqaga uylanmayman, deb turib olmaganingda gulday kelin qilardim. Hali meni ko‘zim ochiq, burningdan ip o‘tkazib olgan. Gah desa qo‘liga qo‘nasan, chizgan chizig‘idan chiqmaysan. Ishdan kel, sen bilan boshqacha gaplashaman. O‘lsam xotiningning odamlarini yo‘latmaysan, mo‘rmalaxday hovlimni bosib olsa, go‘rimda tikka turaman, deyman. Agar  so‘zimni ikki qilsang senga bergan oq sutimga rozimasman, deyman. Nima desam deyman"...

U xuddi erta-indin o‘lib qolayotganday vahimaga tushdi. Ichi yona boshladi, ko‘ziga kelini baloday ko‘rinib, g‘ijimlab tashlagisi keldi. Vajohat bilan zinadan tushayotgandi, qadamini noto‘g‘ri tashlab yubordi va yiqilib tushdi...

Oyog‘i sinibdi. Qirq kun gipsda yotdi. Yaxshi qizlari birrov kelib xabar olib turishdi. Yomon kelini esa ta’tilga chiqib, qaynonasining yonidan qimirlamadi...

Lola O‘ROQOVA