Tibbiyot 13.08.2019 83

QISHLOQ SHIFOXONASI ZAMONAVIYLASHTIRILDI

Bunyodkorlik

Mustaqilligimizning 28 yilligi bayrami oldidan Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 2-Ko‘kdala hududiy shifoxonasi to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilishi hudud aholisini mamnun etdi.  Qariyb 30 yildan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatib, deyarli xarob holga kelib qolgan ushbu muassasada keng miqyosda qurilish bunyodkorlik ishlari bajarilib, mutlaqo yangi qiyofa kasb etdi, qo‘shimcha binolar qurildi, ichki kasalliklar, bolalar hamda tug‘ruqxona bo‘limlari, tez tibbiy yordam xizmati, shuningdek, 150 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika qattiq-yumshoq mebellar va zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan ta’minlandi.

- Tasavvur qiling, bundan 15-20 yil avval qishloqlarimizda oddiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishning imkoni yo‘q edi, - deydi Ko‘kdala mahallasida yashovchi ikkinchi guruh nogironi Juman bobo Shoyimov. - Bizning qishlog‘imizda ham eski, devor-toshi nurab borayotgan qishloq shifoxonasi bor edi. Pollari teshilib ketgan bir alfozda edi. Sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan tibbiy jihozlardan davo topishga ko‘z yetmasdi-da, uyimizga yaqin bo‘lgani uchun zaruratda noilojdan yotardim. Xudoga shukurki, endi butunlay boshqacha. Shifoxonamiz deyarli qaytadan qurildi. Endi bu yerdagi sharoit ham viloyatdagi markaziy shifoxonalarnikidan qolishmaydi. Hamma joy shinam, ozoda, yangi o‘rindiqlar, zamonaviy apparatlar...

- Ayniqsa, isitish tizimi mutlaqo ishlamas, ichimlik suvi yo‘q, xonada suvaraklar kezib yurardi, - deya suhbatga qo‘shiladi mehnat faxriysi Toshturdi Xolmurodov. - Oddiy analiz topshirish uchun tuman markaziga ovora bo‘lib borardik, bir kunimiz o‘tib ketardi. Endi esa zamonaviy apparatlar yordamida o‘zimizda ham qon analizlari o‘tkazilmoqda. Hozirgi sharoitlar uchun qancha minnatdor bo‘lsak kam. Issiq, sovuq suv tinimsiz kelib turibdi. Bu ham kayfiyatga juda yaxshi ta’sir qilar ekan. Bunday sharoitda, a’lo kayfiyatda davolangan bemorlar tezda sog‘ayib chiqadi-da.

Darhaqiqat, tibbiy xizmat samarasini yanada oshirish maqsadida shifoxona tevarak-atrofiga har xil ignabargli, mevali, manzarali dov-daraxtlar, dekorativ gullar ekilgan, mo‘jaz favvora davolanuvchilar uchun mikroiqlim hosil qilib turibdi.

- Keyingi yillar tumanimizda ayniqsa tibbiyot sohasida katta o‘zgarishlar bo‘ldi, - deydi bosh shifokor Rustam Chorshanbiyev. - 100 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonamizda qurilish ishlari 2018-yil aprel oyida boshlangan edi. Qisqa muddat ichida juda katta ish qilindi. Ayniqsa, tez tibbiy yordam bo‘limining ochilishi, poliklinikadagi ginekologiya, terapiya, pediatriya, shuningdek, laboratoriya-tahlil xonalari "Salomatlik-3" dasturiga muvofiq so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar  - UZI, EKG, rentgen apparatlari bilan jihozlanishi aholi uchun katta tuhfa bo‘ldi. Endilikda bemorlar rentgen ko‘rigidan o‘tish uchun tuman markaziga borishmaydi. Albatta, yangi, zamonaviy tibbiy asboblarni boshqarish uchun tajriba talab etiladi. Shu bois, shifokorlarimizning malakasini oshirish uchun 6 oylik o‘qishga yubordik.

Albatta, xalq salomatligini saqlashda ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar bilan birga ular bilan tillasha oladigan zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislar muhim rol o‘ynaydi. Shunday ekan, chekka hududlarda ham bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini berishi tayin.

Shohista BOZOROVA

Muallif olgan suratlar.