Tibbiyot 23.08.2019 45

QIZAMIQDAN QANDAY ASORATLAR QOLADI?

Do‘xtir ogohlantiradi

Yaqinda Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqand viloyatida qizamiq tarqalgani haqida xabarlar berdi. Qayd etilishicha, 2019-yil yanvardan 5-avgustgacha bo‘lgan muddatda qo‘shni viloyatda 419 ta holatda murojaat etganlar qizamiqqa gumon qilingan bo‘lib, ulardan 29 nafarida kasallik tasdiqlangan. Uning kelib chiqishi asosiy sababi qizamiqqa qarshi emlanmagan chet ellik fuqarolar bo‘lgan.

Umuman, qizamiq qanday kasallik? U qanchalik xavfli? Bu haqda viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi immunoprofilaktika bo‘limi mudiri Omon Ismoilov   quyidagilarni so‘zlab berdi:

- Qizamiq - xavfli yuqumli kasallik bo‘lib, u ko‘proq shunga qarshi emlanmagan yosh bolalarda uchrashi mumkin. Emizikli go‘daklar ona suti orqali immunitet hosil qilgani sababli qizamiqqa chalinmaydi. Ularga kasallik yuqqan taqdirda ham asoratsiz kechadi.

Kasallik tana haroratining ko‘tarilishi, yuqori nafas yo‘llari, ko‘z shilliq pardasi, og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi va terida qizil, yirik dog‘li toshmalar toshishi orqali belgi beradi. Xastalik qo‘zg‘atuvchisi virus hisoblanib, bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda tupugining mayda tomchilari havoga tushadi, keyin nafas yo‘llari orqali sog‘lom bola organizmiga o‘tadi.

Kasallik to‘rt bosqichda kechadi. Yashirin davri 6-18 kunni tashkil etib, belgilari deyarli sezilmaydi. So‘ng xastalik o‘tkirlashib, tana harorati ko‘tariladi, quruq yo‘tal, tumov, ko‘z qizarib yoshlanishi, tovush bo‘g‘ilishi kuzatiladi, bemor yorug‘likka qaray olmaydi. Bu davrda lunj shilliq pardasi atrofida mayda qizil-oq dog‘lar paydo bo‘ladi. Ular toshma toshishdan 2-3 kun oldin yuzaga chiqib, 1-2 kun o‘tib yo‘qoladi. Bolaning darmoni qurib, injiq bo‘lib qoladi, ishtahasi yo‘qoladi, tez-tez ichi ketadi. Katta yoshli bolalarda bosh og‘rig‘i, qusish, burun qonashi, qorin og‘rig‘i kuzatiladi.

Toshma toshish davrida bemor qayta isitmalamaydi, tomog‘i qizaradi. Qizil, yirik dog‘ toshmalar bir necha soatda butun yuzga yoyiladi. Ikkinchi kuni toshmalar badanga, uchinchi kuni qo‘l va oyoqqa tarqaladi.

Qizamiqda teri nam bo‘lib, biroz qichishadi. 3-4 kundan so‘ng sog‘ayish davri boshlanadi. Yuzdagi toshmalar qoraya boshlaydi va jigarrang dog‘larga aylanadi. Kasallikdan zotiljam (o‘pka yallig‘lanishi), tomoqning shishi, o‘rta quloqning yallig‘lanishi (otit), ichak kasalliklari kabi asoratlar qolishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra,  Yevropaning qator davlatlarida so‘nggi ikki yil davomida qizamiq kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush vaziyat saqlanib qolmoqda. O‘tgan yili mazkur hududda ushbu kasallikdan 72 ta holatda o‘lim qayd etilgan. Mutaxassislarning fikricha, kasallikning oldini olish va yuqtirmaslik, organizmda unga qarshi immunitet hosil qilishning yagona chorasi, bu - emlashdir. Afsuski, emlash darajasi past yoki emlashdan voz kechgan mamlakatlarda bu kasallik avj olgan.

Mamlakatimiz JSST tomonidan qizamiq va qizilcha kasalliklarini bartaraf etgan mamlakat sifatida tan olingan va O‘zbekiston Respublikasiga 2017-va 2018- yillarda JSSTning qizamiq va qizilcha kasalligining eliminatsiyasi, ya’ni ushbu kasalliklar mahalliy tarzda tarqalishining to‘xtatilganligi to‘g‘risida xalqaro sertifikat berilgan. 2018 yilda esa respublika bo‘yicha qo‘shimcha profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar natijasida 22 ming 310 nafar kishi qizamiq kasalligiga qarshi emlangan.

SH.BOZOROVA