Jarayon 17.09.2019 3

"QIZIL KITOB" SAHIFALARIDA

Tabiat va inson

Ma’lumki, keyingi yuz yil ichida tabiiy landshaftlarning keskin o‘zgarishi, hayvonot olamidan shafqatsizlarcha foydalanish bois ularning turi va soni kamayib ketayotganligi kuzatilmoqda. "Qizil kitob"ni yaratishdan maqsad esa o‘simlik va hayvonlarning muhofazaga muhtoj turlarini xalqaro hamkorlik orqali yo‘qolib ketish xavfidan qutqarib qolishdir. Quyida ushbu kitobdan o‘rin olgan ayrim o‘simliklar haqida ma’lumot beramiz.

TIZMA TANGAO‘T

Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloydagi ola jinsli qoldiq tog‘larda uchraydigan kamyob o‘simlik. Bo‘yi 70 santimetrga boradi, ko‘p yillik. Poyasi g‘ovak, och yashil rangli. Barglarining uzunligi 3-8 santimetr, eni 5 santimetr, uchta oval shaklidagi bargchalardan tashkil topgan, uchidagi bargchasi yirikroq. Guli xira binafsha rangli, ba’zan oqish. May-iyun oylarida gullab, iyulda mevasi yetiladi.

Bu o‘simlik Hisor yonbag‘irlarida, Dehqonobodning Oqrabot aholi punkti atroflarida, Oqsuv, Machay daryolari yaqinida, Qamashining Qizilqishloq va Qizilmachit qishloqlari orasi va Ko‘hitang tizmasida tarqalgan. Shuningdek, Turkmanistonda ham uchraydi. Tosh-shag‘alli yonbag‘irlarda o‘simliklari siyraklashgan ola jinsli va gipsli qoldiq tog‘lardagi yotqiziqlarda o‘sadi. Yakka-yakka holda bir-biridan 10-15 metr oraliqda yoki kichik to‘plar hosil qilib uchraydi.

Urug‘idan ko‘payadi. Tabiatda kuzatilishicha, namlik ko‘p bo‘lgan yillari yaxshi unib chiqadi.

OLATOG‘ ZA’FARONI

Dengiz sathidan 700-2200 metr balandlikda shag‘alli va soz tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadigan ushbu o‘simlikning bo‘yi 15 santimetr, tuganak  piyozli, ko‘p yillik. Barglari 10-15 tagacha, ingichka, to‘q yashil, och chiziqli. Gul tubi sariq dog‘li.

Tabiatda yakka-yakka yoki to‘p-to‘p bo‘lib uchraydigan Olatog‘ za’faroni fevral-aprel oylarida gullab, iyun-iyulda mevasi yetiladi. Urug‘idan ko‘payadi. Gullari va tuganak piyozlarining ko‘plab yig‘ib olinishi sababli kamayib bormoqda.

Ayni paytda Toshkent va Olmaota botanika bog‘larida o‘stirilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi FA Botanika bog‘ida  1959 yildan buyon o‘stirib kelinadi.

SVETLANA GULSAFSARI

Gulsafsardoshlar oilasi vakili bo‘lgan mazkur o‘simlik G‘arbiy Pomir-Oloyda uchraydigan kamyob endemik tur sanaladi. Barglari o‘roqsimon, eni 3-4 santimetr, silliq, chetlari oq hoshiyali, uchi o‘tkir. Gullari sariq tusda, 1-2 ta bo‘ladi. Aprel oyida gullab, may oyida meva beradi.

Svetlana gulsafsari Hisor tizmasining g‘arbiy qismi - Qizilcha, Qo‘rg‘ontosh, Torqopchig‘ay qishloqlari atrofida tarqalgan. Asosan qizil qumtoshli tuproqlarda o‘sadi. Mazkur tur tabiiy o‘sib turgan joylarining qisqarishi va chorva mollarining boqilishi tufayli kamayib ketgan. Ushbu kamyob turni saqlab qolish uchun muhofaza choralarini tashkillashtirish lozim.   

PRATOV KOVRAGI

Ziradoshlar oilasiga mansub ushbu o‘simlik Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlarida, Vori qishlog‘i atrofida tarqalgan. U asosan dengiz sathidan 2400 metr balandlikdagi gipsli yonbag‘irlarda o‘suvchi o‘simlik bo‘lib, urug‘i orqali ko‘payadi. Bo‘yi 30-60 santimetr. Poyasi tuksiz. Barglarining ko‘pchiligi ildiz bo‘g‘zida joylashgan. Gultoji oqish, ovalsimon. Tuguncha va mevasi tuksiz, iyunda gullab, mevasi iyulda yetiladi. Pratov kovragining 60 tup o‘simlikdan iborat 2 ta populyatsiyasi aniqlangan. Hozirgi kunda tabiiy o‘sib turgan joylarining buzilishi va ko‘plab mol boqilishi tufayli kamayib ketgan.

SH.BOZOROVA tayyorladi.