Iqtisodiyot 14.05.2019 139

QO‘L MEHNATINING QADRI O‘LMAYDI

Hunarmandchilik

Gilam to‘qish xalq amaliy bezak san’atining keng tarqalgan turi bo‘lib, ko‘p asrlik milliy an’ana va uzoq tarixga ega. U qadimdan ayollar orasida keng tarqalgan hunar sifatida mashhurdir.

E’tiborli jihati, bugun bu ishni tadbirkorlik yo‘nalishi sifatida tanlab, uni muhim daromad manbaiga aylantirganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Qarshi shahri Arabxona mahallasida yashovchi Davron Hamrayev ham oila a’zolari bilan birgalikda an’anaviy usulda gilam to‘qish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

- Gilam to‘qish bilan oilaviy shug‘ullanamiz, - deydi u. - Bu hunarni turmush o‘rtog‘im, farzandlarim ham yaxshi o‘zlashtirgan. Mamlakatimizda tadbirkorlar, hunarmandlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, imtiyozlardan unumli foydalanib, shu hunar asosida o‘z tadbirkorlik faoliyatimizni yo‘lga qo‘yish, ishni keng miqyosda olib borishga qaror qildik. Hozir bir necha turdagi gilam va boshqa to‘quvchilik buyumlari ishlab chiqarmoqdamiz. Shu bilan birga, turli ko‘rgazmalarda namoyish etayapmiz.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, bugun gilamchilik sanoati juda rivojlanib ketgan. Bozorda sanoat usulida to‘qilgan, bejirim dizaynga ega gilamlar ko‘p. Ammo bu ana’anaviy usulda, qo‘lda to‘qilgan gilamlar urfdan qoldi, degani emas. Har ikkisining ham xaridorlari topiladi.

- Ayni paytda gilam bilan birgalikda qo‘lda yigirilgan jun ipdan turli buyumlar, misol uchun, xurjun, sumka, hamyon, shuningdek, bezak sifatida foydalanish uchun kichik sholchalar to‘qishni ham o‘zlashtirdik, - deydi Davron Hamrayevning turmush o‘rtog‘i Go‘zal Boqiyeva. - Albatta, qo‘lda, mashaqqatli mehnat evaziga yaratilgan buyum har doim kishining e’tiborini tortadi. Bizning mahsulotlarimiz ham ichki bozorda xaridorgir. Qolaversa, buyurtma qiluvchilar ham ko‘p. Shu bois ishni yanada kengaytirish, shogirdlar tayyorlab, ularni ham shu faoliyatga jalb etish haqida o‘ylayapmiz.

Albatta bir hunarni shunchaki o‘zi uchun bajarish boshqa, undan tadbirkorlik yo‘rig‘ida foydalanish boshqa. YA’ni, ikkinchisining hunar egasiga ham, atrofdagilarga ham nafi ko‘proq. Hunarmandlarning davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanayotgani mohiyati ana shunda namoyon.

Jahongir BOYMURODOV