Ma'naviyat 02.07.2019 444

"QOR ODAMI"

"QOR ODAMI"

yoxud siz nega bezovta?

"Sof vijdon, olijanob tuyg‘ular bilan yashab jamiyat tomonidan qoralangan, jamiyat yuz o‘girgan yorug‘ yuz odam, qaydasiz?!"

Fyodor Dostoyevskiy

Biror ish qilmoqchi bo‘lsak, avvalo "odamlar nima derkin?" degan savol xayolimizdan o‘tadi. Vijdon hukmi bilan odamlar fikrini chalkashtirib yuborayotganimizni esa gohida sezmaymiz. Deyarli har bitta insonga xos bunday ichki mahkumlik kimdadir oshkora bo‘lsa, boshqada pinhona. Eng yomoni - bunday mahkumlikdan xoli odamlardan jamiyat xavfsiraydi, yotsiraydi, ba’zida tentakka chiqaradi. Bu esa jahon adiblari va faylasuflari tomonidan necha ming yillardan beri o‘rganilib kelinayotgan umumbashariy hodisadir. Jumladan, o‘zbek adabiyotining atoqli adiblaridan biri Luqmon Bo‘rixon ham "Qo‘noq" nomli hikoyasida o‘z badiiy tafakkuri orqali aynan shu muammoga munosabat bildirgan, ta’bir joiz bo‘lsa, inson va uning xarakteriga oid yangi bir gap ayta olgan.

O‘quvchi eslasa, hikoya "Uni ko‘rdimu, yuragim orqaga tortib ketdi", degan jumlalar bilan boshlanadi. Roviy vagon tanburida birinchi uchratishdayoq hikoya qahramonidan cho‘chiydi. Qahramonning o‘zini tutishi, butun xatti-harakatlari allaqanday shubhali, allaqanday g‘ayritabiiy bo‘lib tuyuladi. Keyinchalik uni o‘z kupedoshlari yoniga boshlab borganida, hamroh boshqa insonlarda ham kuzatiladi bunday ruhiy kechinmalar. Ya’ni, Qo‘noq kupedagi barcha yo‘lovchilar uchun "Qor odami" kabi qiziqarli va noyob bir mavjudotga aylangan bir paytda, negadir u atrofidagilar uchun bezovtalik ham olib keladi. Shubhasiz gap uning uch kun oldin qamoqdan chiqqanida emas. (Agar u uch kunmas, hozirgina qamoqdan chiqqan taqdirida ham   boshqa barcha insonlar kabi jo‘n bir odam bo‘lganida, kishilar oldida qo‘lini qovushtirib odatiy bir ko‘rinishda hozir bo‘lganda, balki kupedoshlarni bu qadar cho‘chitmagan bo‘lardi. Aksincha, unda kupedoshlar Qo‘nog‘imizni o‘z davralariga bajonidil qo‘shgan, u bilan hasratlashib, kiftiga qoqib dalda bergan bo‘lishlari mumkinligi ham ehtimoldan xoli emas.) Hamma balo shunda ediki, u barcha qatori odam bo‘lmay - qurmag‘urning ma’naviy qarashlari jamiyatning umum tushunchaga aylanib ketgan nomukammal qoidalarini chetlab o‘tgan, ruhi esa ozod qush misoli erkin bir kimsa edi. Bunday ichki ozodlikni tasavvur eta olmaydigan ma’nan qashshoq odamlar uchun endi uning xavotir, yotsirash olib kelishi, o‘z o‘ziga xosligi bilan o‘takalarini yorishi tabiiy.

Muallif asar qahramonini qamoqdan chiqib kelayotgan kishi sifatida tasvirlashida ham, nazarimda zo‘r bir mantiqiy ishora bor. Har holda bu menga sufiylar ruhiy kamolotga erishish uchun uzlatga chekinganini, umuman har qanday inson o‘z ruhini qutqarish uchun unga yolg‘izlik lozim bo‘lishini eslatdi. Men minba’d muallif bu bilan aynan ilohiyot yo‘lini nazarda tutib, falsafa so‘qishni maqsad qilgan, demoqchi emasman. Aytmoqchi bo‘lganim, bu shunchaki muallifning boshqa asarlarida ham uchrab turadigan odatiy zaharxandasi, inson ruh erkinligi kimlar tomonidan bo‘g‘ilishiga, insonning ma’naviy olamini aslida kimlar xarob etishiga qilgan kinoyaviy ishorasi edi, xolos. Axir muallif adabiy usullar orqali bosh qahramonning qamoqda o‘tgan hayoti haqida bildirar ekan, uning devorga ohaktosh yordamida oppoq osmon parchasini chizganini, yillarni shu oqlikka - osmon parchasiga talpinib o‘tkazganini aytib o‘tadi. Bu gapi bilan go‘yoki shu oqlik, osmonning shu bir bo‘lagi aslida qahramonning qalbida mavjud bo‘lganiga imo-ishoralar qiladi. Holbuki qahramon shu devor misolida dunyoni oqlikdan, poklikdan iborat deb bilgani, musaffo qalbi bilan bunga qattiq ishongani uchun turmadan ozodlikka chiqib, shu oqlikka singib ketishni juda-juda kutgan edi. Uning odamlar bilan muomalasi bir muncha cheklangan bo‘lgani bois o‘zidagi pokligu ozodlikning kamyob hodisa sanalishini, bundayin oqlik va kenglik faqatgina o‘zining toza tasavvurida bor ekanini bechora hali bilmasdi! Buning tasdig‘ini quyidagi jumlalarda ko‘rish mumkin: "Shu oqlikka termulsam o‘zimni ko‘m-ko‘k osmonda, oppoq bulutlarning orasida ozod uchib yurganday his qilaman. Termulganim sayin shu oqlikka singib ketayotganday bo‘laveraman. Eh, nimasini aytay, o‘sha devorning oqqa bo‘yalgan bir qulochcha joyi meni uch yil omon saqladi, uch yil!.." Fikrning davomi sifatida quyidagi jumlalarga diqqat qiling: "Eh! - dedi jabrdiyda nihoyat menga o‘girilib. - Bekorchi narsalarni gapirib o‘tirishimni qarang. Buning hammasi bema’nilik, o‘z-o‘zini aldash. Xudoga shukur enda hammasi orqada, hammasi o‘tdi. Men endi ozodman! Men endi ozod! Menga endi hech bir oqlik - poklik kerak emas!  Men endi odamlar orasidaman! Ha-ha-ha..."  

Jon, Bek, Qul... Men, Siz, U deganday...

Shu o‘rinda e’tirof etishni lozim ko‘rayotganim - o‘z asarlarini taxayyulida yaralagan mustahkam reja asosida yozadigan muallif hikoya qahramonlarining nomlanishi borasida ham ajoyibu g‘aroyib kinoyaviy galereya yaratgan. Eslatishim lozim bo‘lsa: kupedagi yo‘lovchilarning birining nomi Jon, ikkinchisiniki Bek, uchinchisiniki Boy, to‘rtinchisiniki esa Qul edi. Buni qanday tushunmoq mumkin? Shaxsan men shunday tushundim: bizga ma’lumki, jamiyatning erkatoylari - "Jon"lari bo‘ladi; yana hukmfarmolari - "Bek"lari, tantilari hisoblangan - "Boy"lari yoki "Qul"lari ham oramizda bor albatta. Ular uzoqda emas - hayotimizda; shundoqqina qarshimizda va yo... o‘z siyratimizda yashab yuribdi. Fikrimcha, muallif ham bu ramziy ifodalar yordamida butun jamiyatni, bani insoniyatni o‘z asariga qamrab olishni istayapti. Axir ming afsuslar bo‘lsin, oramizdagi o‘sha "Jon"lar, "Bek"lar, "Boy"lar... ning hammasi ham asarda ochib berilgani kabi qaysidir ma’noda mahkum, qaysidir ma’noda jamiyat o‘zi o‘ylab topgan ijtimoiy qonunlarning qulidir!

Xulosa o‘rnida

Odatda, biror durust inson haqida gapirganda "haqiqiy inson" deya ta’kidlaydilar. Bunday insonni uchratganda benihoya sevinadilar. Men esa... Men o‘ylab qolaman. Xafa bo‘laman, hamda tashvishga tushaman. Axir nima - inson biror buyum, matoh... deylik, pulmi soxta yo haqiqiysi bo‘lsa?! Teranroq nazar tashlasak, asli birgina shu "haqiqiy inson" degan iboraning o‘ziyoq insoniyat o‘z tabiatidan qanchalik uzoqlashib ketganini, o‘z g‘ayri tasavvurining allaqaysi puchmoqlarida adashib yurganini ko‘rsatib turibdi. Ana endi nima bo‘ladi? U uchun asl insoniy xislatlar, tuyg‘u va kechinmalar shubhali-vahimali bir narsa bo‘lib tuyulaveradi, go‘yoki "Qo‘noq" hikoyasida tasvirlangani kabi...

Yuqorida muxtasar so‘z yuritganim - Luqmon Bo‘rixonning "Qo‘noq" hikoyasidan hikmatli sitatalar ko‘chirib bo‘lmaydi. U o‘z o‘quvchisini aqliga zo‘r berishga, ta’bir joiz esa krossvord yechishga ming urinib, majbur qila olmaydi. Ammo unda qalbimizni junbishga keltirishi, ko‘ngil qatimizning g‘ijimlanib, esimizdan chiqib ketgan ayrim burchaklarini yozib yuborishi mumkin bo‘lgan shunday eskirmas hayot haqiqatlari berkinib yotibdiki, buni siz hikoyani sinchiklab o‘qigandagina tushunishingiz mumkin.

 Darvoqe, mabodo hikoyani oldin o‘qimagan bo‘lsangizu, endi o‘qib ko‘rmoqchi bo‘lsangiz... o‘qib bo‘lgach, xuddi menga o‘xshab "MEN NEGA BEZOVTAMAN yoki NIMADAN BEZOVTAMAN?" degan savolni o‘z-o‘zingizga albatta bering. Ishoning, shunda siz asarning men aytishga ulgurmagan o‘ta muhim yana bir jihatini kashf etasiz.

Bayram ALI