Jarayon 04.10.2019 26

QORA LOYDAN YARATILGAN GO‘ZALLIK

Milliy hunarmandchilik

Arxeologik topilmalardan ayonki, yurtimizda bundan ming yillar oldin ham kulolchilik yuqori darajada rivojlangan. O‘sha vaqtlarda yasalgan turli xil buyumlar o‘zining bejirimliligi va nafisligi bilan bugun ham kishini lol etadi. Qolaversa, turli hududlarning o‘z kulolchilik maktablari ham shakllanganki, ularning har biri betakrorligi, o‘ziga xos usuli,  texnologiyasi,  naqshlari bilan ajralib turadi.

Kasbi kulolchilik maktabi ham yurtimiz madaniy merosida o‘ziga xos iz qoldirgan, boy tarix va qadriyatlarga ega maktablardan biri hi-soblanadi. Bu yerda o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan ko‘plab mashhur kulollar yashab o‘tishgan. Ularning avlodlari ota-bobolari hunarini egallab, bugun ham bu ishni davom ettirib kelishmoqda. Ana shunday kulollardan biri Kasbi qishlog‘ilik Muhriddin O‘roqovdir.

- Loydan mo‘jiza yaratishning o‘zi bo‘lmaydi, - deydi Muhriddin. - Aytaylik, bitta oddiy ko‘zacha tayyor bo‘lguncha, unga 20 marta ishlov beriladi. Bu katta mehnat va sabr-toqat, shu bilan birgalikda yuksak badiiy mahorat ham  talab qiladi. Shu bois bu ishni o‘rganish uchun qiziqish, qobiliyat bilan bir qatorda, yillab mehnat qilish lozim. Men ham yoshligimdan shu ishga qiziqib, ustaxonadan chiqmasdim, doim nimalardir yasashni mashq qilardim. Bugungi darajaga kelishimda yaqinlarim, ustozlarimning xizmati katta.

Muhriddin kulollar sulolasining yettinchi avlodi vakili sanaladi. U yoshligidan bobosi, amakilari va otasidan bu kasb sir-asrorlarini puxta o‘rganib, ayni paytda o‘zi mustaqil faoliyat olib borayapti. Ahamiyatli tomoni, mehnatkash, izlanish va intilishdan to‘xtamaydigan yosh kulol yasagan va milliy uslubda bezatilgan turli kulolchilik buyumlarini ko‘rgan kishining ko‘zi quvnaydi.

Yaqinda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan xalqaro hunarmandchilik festivalida dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan mashhur hunarmandlar ishtirok etgan nufuzli ko‘rgazmada Muhriddin yasagan buyumlar ham ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

- Kulolchilik aslida hayot taqozosi, turmush ehtiyoji sifatida yuzaga kelib, ajdodlarimizning oddiy loydan turli xil ro‘zg‘or buyumlari, o‘yinchoqlar, qurilish ashyolari yasash ishini yuksak estetik did, zargarona mahorat bilan bajarishi evaziga xalq amaliy san’ati darajasiga ko‘tarilgan, - deydi Muhriddin. - Mahoratli kulol yasagan har qanday buyum ham ko‘zni quvnatib, ham foydalanish uchun qulay, sifatli bo‘lishi lozim. Ana shu ikki jihatni bir buyumda mujassam eta olgan kulol hech qachon yutqazmaydi. Bunga xalqaro hunarmandchilik festivalida yana bir bor amin bo‘ldim. U yerda dunyoning ko‘plab davlatlari hunarmandlari tomonidan olib kelingan san’at asarlari bilan tanishdim. Ularni o‘zimizning Kasbi kulollari yaratgan ko‘za, xum, oftoba, gultuvak, suttuvak, tungcha, gavdusha kabi  buyumlarga solishtirib ko‘rdim. To‘g‘ri, dunyoga mashhur kulollar va hunarmandlar yaratgan buyumlar usti sirlangani, yaltiroqligi bilan kishi diqqatini tortadi. Kasbi kulolchiligi namunalari esa sirlanmaydi, asl holda bo‘ladi. Chunki bunday buyumlar foydalanish uchun juda qulay. Masalan, bizning ko‘za va xumlarda yozning jaziramasida ham suvni salqin holda saqlash mumkin. Sut, qatiq va qaymoqni solib qo‘ysangiz, sira buzilmaydi.

Muhriddin O‘roqovning ta’kidlashicha, hunarmandchilikning ushbu turini saqlab qolish, uni kelgusi avlodlar ham davom ettirishi uchun bugungi raqobat muhitiga moslashish, aholi ehtiyojlari uchun zarur buyumlarni tayyorlashga ko‘proq e’tibor qaratish lozim.

- Hozirgi kunda tandir, turli gultuvaklar hamda ro‘zg‘or uchun kerakli buyumlarni yasayapmiz, - deydi u. - Mahsulotlarimiz o‘z xaridoriga ega. Chunki bunday buyumlarni eng zamonaviy texnologiyalar yordamida ham mahoratli kulol kabi  yasab bo‘lmaydi. Ularning har birida kulolning mehnati, san’ati, iste’dodi aks etib turadi. Ana shuning uchun ham qo‘lda yasalgan buyumlar doimo qadrlanadi.

Sir emaski, bugungi kunda milliy hunarmandchilik turizm jabhasining ham asosiy tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda. Yurtimizga tashrif buyuradigan har bir sayyoh, albatta, hunarmandlarimiz tomonidan yaratilgan, xalqimizning milliy qadriyatlarini o‘zida aks ettirgan buyumlarni hayratlanib tomosha qiladi, ularni xarid qilib, yurtiga olib ketadi. Muhriddin O‘roqov kelgusida bu jihatga ham alohida e’tibor qaratib, Kasbi kulolchilik namunalarini o‘zida aks ettirgan turli suvenirlar tayyorlash, ularning ko‘rgazmalarini tashkil etishni ham rejalashtirgan.

J.BOYMURODOV