Jamiyat 20.08.2019 34

QOROVULNING O‘ZI O‘G‘RILARGA SHERIK CHIQDI

Jinoyatga jazo muqarrar

1961-yilda Qarshi tumanida tug‘ilgan X.Jumayev 2005-yilda jinoyatga qo‘l urib, sud hukmi bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoning 3 yilini o‘tagach, qolgan qismi axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan. Shundan buyon u Qarshi shahrida joylashgan, xususiy tadbirkorga tegishli omborxonada doimiy ravishda yashab, qorovullik qilib kelayotgan edi.

Omborxonada kosmetika vositalarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi uch aka-uka tadbirkorning juda ko‘p miqdordagi tovar-moddiy boyliklari saqlangan. Ularning xavfsizligini ta’minlash esa X.Jumayevga ishonib topshirilgan.

2018-yilning dekabr oyi oxirlarida avval shu omborxonada ishlagan Qarshi shahrilik A.Bobomurodov uning yoniga kelib, birgalikda tovar o‘g‘irlashni taklif qiladi. Qarangki, shu yerda ishlab maosh olayotgan X.Jumayev tekin daromad haqida eshitgach, vijdonni unutib, uning taklifiga rozi bo‘ladi. Shundan so‘ng A.Bobomurodov bu ishga avval shu yerda ishlab ketgan yana bir sobiq hamkasbi - A.Ostonovni ham jalb etadi. Uch sherik birgalikda vazifalarni taqsimlab olishadi.

Rejaga ko‘ra, omborxona rahbarlari kechga uyiga ketganidan so‘ng, X.Jumayev chiroqni o‘chirishi va darvozani ochib berishi, A.Bobomurodov esa o‘zining "Spark" rusumli mashinasida ichkariga kirib, mahsulotni olib chiqib ketishi, bu vaqtda atrofni kuzatib turgan A.Ostonov undan yuklarni qabul qilib olib, keyin pullashi kerak edi.

Birinchi ish 2019-yilning yanvar oyi boshlarida amalga oshirildi. Omborxonadan katta miqdordagi kosmetika vositalari olib chiqilib, Qarshi va Shahrisabz shaharlaridagi savdo do‘konlariga tarqatildi. Pulini esa uch sherik teng taqsimlab olib, bir necha kun davomida kayf-safo qilib yashashdi.

Jinoyatni hech kim sezmagani, hatto biror kishini shubhalantirmagani uchovlonga juda yoqib tushgandi. Shu bois oradan ko‘p o‘tmay yana ombordagi mollar ularning ko‘zini o‘ynata boshladi. Xullas o‘g‘rilikni avvalgi uslubda ikkinchi bor takrorlashdi, keyin yana va yana davom ettiraverishdi. Ular bu ishga shunchalik berilib ketishgandiki, uch oy ichida naq 462 million so‘mlikdan ziyod mahsulotni o‘g‘irlab, sotib yuborishdi.

Xo‘p, ombordan shuncha mahsulot o‘g‘irlanar ekan, tadbirkorlar nahotki sezishmagan, deb o‘ylagan bo‘lishingiz mumkin. Haqiqatan ham, avvaliga sezishmagan. Chunki, omborda bu turdagi mahsulotlar ko‘p bo‘lgani bois, qisqa vaqt ichida kamomad ko‘zga tashlanishi qiyin edi. Ammo ularni boshqa narsa shubhalantiradi.

Bir necha xil brenddagi kosmetika vositalarini viloyat bo‘yicha faqat ushbu tadbirkorlar tarqatishar va ular o‘z mahsulotlari qaysi savdo shoxobchalari orqali sotilishini bilar edi. Ammo boshqa savdo shoxobchalarida ham shu turdagi kosmetika vositalari ko‘paya boshlaganini ko‘rib, uning qanday tarqalayotganidan shubhaga tushishadi. So‘ng omborxonaga kelib, bu yerga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari xotirasidagi yozuvlarni birma-bir ko‘rib chiqishadi. Ana shunda kalavaning uchi topiladi, ammo bu hali o‘g‘rilar qo‘lga tushdi, degani emasdi.

Kuzatuv kamerasidagi yozuvlardan biriga ko‘ra, omborxona rahbari tungi soat 0:30 larda uyiga ketgan. Shundan so‘ng 15 daqiqa o‘tib, chiroq o‘chib qolgan. Tabiiyki, bu paytda kameralar ham ishlamaydi. Ammo shu atrofda yashovchi kishilar o‘sha kuni tunda chiroq o‘chmaganini aytishdi. Keyin bu yozuv yanada sinchiklab tekshirildi. E’tiborni tortgan jihatlardan biri, chiroq o‘chishidan oldin qorovul X.Jumayev hojatxona tomon ketayotgan bo‘lgan. Chiroq yonganida esa u yerdan qaytib kelayotgani tasvirlarga muhrlangan. Keyin boshqa bir necha yozuvlarda ham xuddi shunday holat aks etgani aniqlandi. Har safar qorovul hojatxona tomon ketgan vaqtda chiroq o‘chadi, yonganida esa u yerdan qaytib kelayotgan bo‘ladi.

Omborxonaga tortilgan elektr liniyasini uzib qo‘yish uchun mo‘ljallangan moslama, ya’ni shchitning hojatxona yonida o‘rnatilgani tadbirkorlarda bu ishda qorovulning qo‘li borligiga shubha qoldirmadi. Biroq uni o‘g‘rilikda ayblash uchun faqat shu dalilning o‘zi yetarli emasdi.

Tadbirkorlar bu haqda hech kimga lom-mim demaydi, ammo har bir vaziyatni zimdan kuzatishga o‘tadi. Omborxona ichidagi xonalardan biriga yashirin ravishda yana bir kishini qo‘yadi. U hech kimga bildirmay shu yerda yashay boshlaydi. Ammo oradan ikki haftadan ko‘proq vaqt o‘tadi hamki o‘g‘rilar jim edi.

Shundan so‘ng, tadbirkorlar boshqa reja tuzadi. Qorovulning oldida ikki kunga oilaviy Samarqand viloyatiga mehmonga ketishlarini aytishadi. Buni eshitgan qorovul darhol sheriklariga xabar beradi. Birgalikda galdagi o‘g‘rilik ssenariysini tuzishadi.

Shu kuni tadbirkorlar xuddi Samarqandga ketayotgandek, mashinada Qarshi shahridan chiqib ketishadi. Bu vaqtda uch sherikdan biri - A.Ostonov tanishining "Damas" rusumli mashinasida ularni ortidan kuzatmoqda edi. Buni tadbirkorlar ham payqaydi va shahardan chiqqach, "Damas"ni ortda qoldirib, boshqa yo‘ldan yana uyga qaytishadi. Bir vaqtning o‘zida yashirin tarzda omborxona ichida yashab kelayotgan ikkinchi qorovul bilan ham voqealar rivoji haqida gaplashib turishadi.

Ular to‘g‘ri taxmin qilishgan edi. Omborxona egalarining haqiqatan ham Samarqand yo‘liga chiqib ketganini ko‘rgan A.Ostonov darhol sheriklariga telefon qiladi. Har galgidek, X.Jumayev darvozani ochib qo‘yib, chiroqni o‘chiradi va A.Bobomurodov o‘z "Spark"ida kelib, yuklarni mashinaga joylay boshlaydi.

Bu haqda ichkaridagi ikkinchi qorovuldan ma’lumot olgan tadbirkorlar zudlik bilan omborxonaga yetib keladilar va o‘g‘rilar jinoyat ustida qo‘lga olinadi.

Xalqimizda qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan so‘ng ham chiqadi, degan maqol bor. Jinoiy guruh a’zolari ham bu gapning qanchalik haqiqat ekanligini anglagan, afsus chekkan bo‘lsalar ajab emas. Ammo, keyingi pushaymondan foyda yo‘q, jinoyatga esa jazo muqarrar. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan ochilgan jinoyat ishi tegishli sudga yuborilgan va o‘g‘rilar qilmishlariga qonuniy bahoni sud beradi.

Bobir ABDULLAYEV,

viloyat IIB tergov boshqarmasi katta tergovchisi, kapitan