Ma'naviyat 08.01.2019 106

Qorqizning ming so‘mi

Hayot saboqlari

Qorqizning ming so‘mi

Shahar markazidagi katta archa. Yetti yashar qizalog‘imning "talablariga binoan" Qorbobo va Qorqiz bilan suratga tushish uchun navbatda turibmiz.

O‘n chog‘li yigit-qiz bilan rasmga tushganidan so‘ng Qorbobo va Qorqizning ovozlari balandroq va dag‘alroq chiqa boshladi. Ancha payt nima bo‘layotganini tushunmay turgandim, bir payt qulog‘imga Qorqizning chiyillagan tovushi aniq-tiniq eshitildi:

- O‘l-ye, "moshennik", besh panjangni og‘zingga tiqib... O‘n kishining puli o‘n ming bo‘ladi. Nimaga menga to‘rt ming berayapsan? Teng bo‘lishamiz devding-ku...

Hayratdan qotib qoldim.

- Ketdik, - dedi qizalog‘im qo‘limdan tortqilab. - Rasmga tushgim kelmayapti...

"Ksero-hayot"

Bog‘chadayoq Unga taassub qildi. U nima kiyim kiysa, nima o‘yinchoq o‘ynasa, ota-onasidan o‘shandayini talab qildi.

Maktabda U bilan bir partada o‘tirdi. Inshoni ham, diktantni ham Undan ko‘chirdi. Faqat matematikadan yozma ish paytida ish murakkablashardi. Chunki partadoshlarning biri "A", ikkinchisi "B" variantda bo‘lardi. G‘amxo‘r partadosh buning ham yo‘lini topdi. Avval o‘zining variantini ishlab, topshirmay turib, bunikini ham ishlab berdi.

Ulg‘ayishdi. Nimagadir U sevgan qizni sevib qoldi...

U o‘qigan universitetda o‘qidi... 

Yiqilib-surilib zo‘rg‘a U ishlayotgan idoraga ishga kirdi...

U uy olgan ko‘chadan hovli sotib oldi... 

U mingan mashinadan mindi...

Bir kuni...

Ortiga qarasa...

Hayoti o‘zinikiga o‘xshamaydi...

Konvert

"Zavxoz"ning xunobi oshdi:

- Qiziqsiz-a, buxgaltir buva, ana, internet, ana, elektron pochta, idoraga "pachka"lab konvert sotib olishning nima keragi bor? Kimgayam xat yozasiz?

- Kerak, - dedi "buxgaltir buva" "faylasufona" so‘lish olib. - Kerak ham gapmi, zarur! Hech kim bir-biriga xat yozmay qo‘ysa ham, pochta degan tashkilot butunlay tugab ketsa ham, konvertga "ish" topiladi...

"Mix"

- Boyadan beri kuzatib o‘tiribman. Nega "Damas"chilar Sizni chiqarishmayapti, aka?

- Chunki men "mix"man.

- "Mix"? Bu nima deganingiz?

- Oxirigacha boraman-da...

"Otam obbergan..."

- Oltmishga kirib, nima qildim o‘zi - bilmayman...  Odamlar qo‘sha-qo‘sha diplom oldi, qo‘sha-qo‘sha uy qurdi, qo‘sha-qo‘sha moshin oldi... Men-chi?! Ana, otam obbergan diplom, otam obbergan uy, otam obbergan moshin, otam obbergan xotin...

Sotilmaydigan uy

- Aka, kechirasiz. Bir minutga qaravoring... Manavi uy sotiladimi?

- Yo‘q. Kim aytdi sizga? Egasi bilan yigirma yildan beri qadrdon qo‘shnimiz. Sotsa, birinchi bo‘lib men eshitardim-da...

- Unda nega darvozasiga telefon raqami yozilgan?

- E, shuni ham bilmaysizmi? Sizga o‘xshaganlarning chaqirishi uchun-da... Hozir televizorlarning ovozi baland...

"Fisht" nima?

-"Lotin", dedik, "kirill" dedik, bolalarni ham garang qildik-da, domla...

- Nimaga xunob bo‘layapsiz, qo‘shni?

- Kecha o‘g‘ilcham "Dada, "fisht" nima?", deb so‘radi. "Kisht", deb tovuq, "pisht" deb pishak haydaladi. Shaxmatda ham "kisht" beriladi. "Fisht"ni eshitmagan ekanman, desam, ertasi kuni qurilish mollari do‘koni yonidagi yozuvni ko‘rsatdi - "mana" deb. Qarasam, aralash-quralash qilib "G‘ISHT SOTILADI", deb yozib qo‘yishibdi. E, "fisht"-ye, devordim...

"Daqiqa"

- Yarim soatdan beri telefonda kim bilan ezmalanib gaplashding?

- Onam bilan! Anchadan beri yo‘qlamagan ekanman. Bir xursand bo‘ldilar, bir xursand bo‘ldilar...

- Qoyil! G‘amxo‘r o‘g‘il ekansan! Onalar g‘animat, yo‘qlab turish kerak...

- Nimasini aytasiz. Baribir telefondagi "daqiqa"larim ertaga kuyib ketardi. Bekorga ketmasin, dedim...

Nuriddin EGAMOV