QOZOG‘ISTONDAGI MUVAFFAQIYATDAN SO‘NG TAYYORGARLIK TURKIYADAGI TURNIRGA

Dzyudo

Yaqinda Qozog‘istondagi mashhur "Nur-Oraz" sport majmuasida 2003-2004-yillarda tug‘ilgan yosh sportchilar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining eng sara yosh dzyudochilarini jamlagan musobaqada  Kitob tumanidagi  36-o‘rta maktabning 8-sinf o‘quvchisi Sabina Fayzullayeva ham ishtirok etib, yakunda kumush medalni qo‘lga kiritdi.

E’tiborli tomoni, Sabina 2005-yilda tug‘ilgan bo‘lsa-da, saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, mamlakat termasi tarkibida musobaqaga yo‘l olgan edi. Qolaversa, u 36 kilogramm vazn toifasiga ega bo‘la turib, 40 kilogramm vazn toifasida tatamiga chiqdi. Ammo bu jihatlar uning muvaffaqiyatli ishtirokiga to‘siq bo‘la olgani yo‘q. Finalga qadar barcha raqiblarini ishonchli mag‘lub etib kelgan Sabina faqat hal qiluvchi bahsda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

- Garchi birinchi o‘rin uchun kurashda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsam-da, bu musobaqa o‘zimga nisbatan ishonchimni yanada orttirdi, - deydi Sabina. - Avgust oyida Turkiyada yana bir yirik turnir bor. Hozirda ana shu musobaqaga qattiq tayyorgarlik ko‘rayapman. Niyatim   dunyoning eng yirik arenalarida tatamiga chiqib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish.

Sabina Fayzullayeva 2014-yildan buyon tumandagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabida dzyudo bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. U shu vaqtga qadar 3 karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan.

J.BOYMURODOV

Suratda: Sabina Fayzullayeva.