Ma'naviyat 13.08.2019 4

QURBON HAYITI KENG NISHONLANDI

Vijdon erkinligi

Ezgulik, saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ayyomi - muborak Qurbon hayiti viloyatimizda ham keng nishonlandi.

Xususan, 11-avgust kuni Qarshi shahridagi Ko‘kgumbaz jome’ masjidi ham erta tongdan gavjum bo‘ldi. Bu yerda mo‘min-musulmonlar hayit namozini ado etishib, Yaratgandan yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, to‘kinlik va farovonlik bardavom bo‘lishini tilab, duo qildilar.

Ta’kidlash lozim, Qurbon hayitini bayram sifatida nishonlash zamirida katta ma’no-mazmun mujassam. Bayram kunlarida kishilar o‘zaro mehr-muruvvatda bo‘lib, qavmu qarindoshlar bir-birlari bilan xabarlashadi. Yetim-yesirlar, beva-bechoralarga xayru ehson qilinadi. Bu ayyom qarindoshlik, qo‘ni-qo‘shnilik, quda-andalik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuning uchun ham muborak Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni, ahamiyati beqiyosdir.

- Shukurki, xalqimiz ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutgan hayit ayyomini ko‘tarinki ruhda, emin-erkin nishonlamoqdamiz, - deydi Qarshi shahrilik Ismoil hoji Eshto‘xtarov. - Bir paytlar shu oddiy imkoniyatlardan ham mahrum edik. Istiqlol tufayli din, e’tiqod erkinligi ta’minlangan, tinch va obod mamlakatda yashayapmiz. Bunga sevinmay, shukrona aytmay bo‘ladimi?! Ilohim, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlikka ko‘z tegmasin.

Aytish o‘rinli, mahalliy davlat idoralari tomonidan bayram arafasida "Nuroniy" jamg‘armasi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylariga homiylik yordamlari ko‘rsatildi. Yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar, bemorlar holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlandi.

Shohista BOZOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.