Ma'naviyat 07.05.2019 35

RO‘ZA - RUHNI POKLAYDI

Ramazon hikmati

Musulmon olamida Ramazon oyi muborak sanalib, ro‘za tutib, toat-ibodat bilan ruhni poklaydigan, gunohlarni yuvadigan palla sanaladi.

O‘ttiz kundan iborat bu oyda o‘zida yaxshi xulqlarni shakllantirgan, Ramazon ro‘zasini to‘kis ado etgan  inson qolgan oylar davomida har xil imtihon, sinov, to‘siqlardan osonlik bilan o‘tadi. Zero, odam shu marosim orqali nafsdan ustun keladi, o‘zini toblaydi, gunohlardan forig‘ bo‘ladi. Bu haqda hadisda shunday deyiladi: "Kimki ramazon ro‘zasini ishonch va umid bilan tutsa, gunohlari kechiriladi".

Rivoyat qilinadiki, Alloh taolo biz yashab turgan olamni yaratgandan so‘ng, aqlni yaratdi. Alloh taolo aqlga:

"Yaqinroq kel", dedi. Aql yaqinroq keldi. Alloh taolo aqldan so‘radi:

"Men kimman, sen kimsan?". Shunda aql shunday javob berdi:

"Men aqlman, sen esa meni yaratgan rabbimsan".

Shundan so‘ng Alloh taolo nafsni yaratdi. Unga:

"Yaqinroq kel", dedi. Nafs e’tibor qilmadi. So‘ngra Alloh taolo undan ham:

"Men kimman, sen kimsan?",  deb so‘radi. Shunda nafs:

"Men seni tanimayman. Men menman, sen sensan", deb javob berdi. Alloh taolo nafsni yuz yil do‘zaxda azobladi. So‘ng huzuriga chorlab undan yana so‘radi. Ammo nafs oldingi javobini qaytardi. Alloh taolo nafsni yana yuz yil ochlik bilan azobladi. Nafsning ochlik azobidan xayoli joyiga keldi. Alloh taolo undan:

"Men kimman, sen kimsan", deb qayta so‘radi. 

Nafs esa bu safar:

"Men nafsman, sen menga rizq beruvchi razzoq ekansan", deya Alloh taoloni tanidi.

Shu sababli Alloh taolo insonga bir oy ro‘za tutishni buyurib, unga nafsini bilishga, undan so‘ng rizq beruvchi zotni tanishga undaydi.

Donishmandlar inson nafsini bir necha darajaga bo‘ladi. Nafsning birinchi darajasi nafsul-ammora deyiladi. Nafsul-ammora insonning yeyish, ichish, uxlashdan iborat hayoti, ya’ni unga dunyo va oxiratni qayg‘u qilmaydigan bolalik davri misol qilinadi. Ammo insonning nafsi bu holatga shunday tashlab qo‘yilsa, u har xil yomonlikka undaydi. Bu haqda Qur’oni karimda Yusuf alayhissalom nomidan shunday deyiladi:

"Nafsimni oqlamayman. Zero, nafs yomonlikka undovchidir. Faqat rabbim rahm qilganlar bundan mustasnodir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmli zotdir". (Yusuf surasi, 53-oyat).

Shu sababli inson o‘z nafsini bilib, uning gunohga olib boruvchi xohishlari bilan kurashishi zarur.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:

"Bizning oldimizda to qiyomatgacha davom etib turadigan kurash bor, u ham bo‘lsa, har kimning o‘z nafsi bilan kurashishidir". 

 Har bir inson o‘z nafsi bilan kurashishda Alloh taoloning buyruq va qaytariqlariga suyanishi lozim. Qadimda bir shogird ustozi huzuriga kirib: "Ustoz, men nafsim buyurganini qilaymi yoki uning buyurganiga qarshi ish tutaymi?",  deb so‘rabdi. Shunda uning ustozi:

"Nafsing buyurganiga qarshi ish tutma va uni aytganini ham qilma, balki nafsingni xudoning buyrug‘i bilan tarbiya qil", deb javob bergan ekan. Shu tufayli Alloh taolo bir oy ro‘zani inson nafsi uchun yaxshi tarbiya ko‘rish oyi qildi.

Ro‘za irodani mustahkamlab, insondagi maqsadni kuchaytirib, salomatlikni tiklaydi. Tanaga dam berib, uni ta’mirlaydi, ortiqcha yuklardan xalos qiladi. Hadisda bayon etilganidek:

"Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar".

Ruhiddin AKBAROV