Ma'naviyat 21.05.2019 137

RO‘ZADOR QANDAY TAOMLANGANI MA’QUL?

Mutaxassis tavsiyasi

Muborak Ramazon oyida barcha mo‘min-musulmonlar qatori ko‘plab yurtdoshlarimiz ham o‘z zimmasidagi muqaddas farz amalni bajarishga kirishdi. Bu fursatda ro‘zador har qanday gunoh amaldan tiyilibgina qolmay, kunning ma’lum vaqtida taomlanishdan ham o‘zini cheklashi, nafsini jilovlashi lozim bo‘ladi. Ma’lumki, kishi ro‘za tutib, nafaqat savobga erishadi, balki organizmi uchun ham foydali ish qilgan bo‘ladi, vujudini isloh etadi. Ammo tan olish kerak, saharlik va iftorlikda hamma ham to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanishga amal qilmaydi. Ba’zan haddan oshish, meyoridan ko‘p va o‘rinsiz yeyish holati, undan so‘ng harakatsizlik ham kuzatiladi. Natijada  tanovul qilingan ne’mat salomatlikka jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Xo‘sh, ro‘zador qanday taomlansa, maqsad muvofiq bo‘ladi? Quyida shu haqdagi tavsiyalarimiz bilan yaqindan o‘rtoqlashamiz. Zora, kimgadir manfaat keltirsa.

Sir emas, musulmonlarga ro‘za ko‘p asrlar ilgari farz qilingan. Aytmoqchimizki, hozirgiga qaraganda o‘sha davrlarda taomlanish bilan bog‘liq sharoit sal boshqacha bo‘lgan. Ya’niki, ayni paytga kelib toam turi ko‘paydi. Ularning aksariyati yuqori kaloriyali. Xullas, ro‘zador oldida tanlov imkoniyati keng. Shu bois ro‘za payti xushta’m, yog‘ va go‘shtga serob ovqatlar, xilma-xil shirinliklarni bas deguncha yeb qolish payida bo‘lganlar ham topiladi. Qolaversa, so‘nggi vaqtda Ramazon oyi  issiq davrga to‘g‘ri kelmoqda. Bunday ob-havo sharoitida o‘ta serquvvat taomlanish ham ovqat hazm qilish a’zolari faoliyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin.

Nima yesa, to‘q tutadi?

Saxarlikda ham sog‘lom ovqatlanishga harakat qilish kerak. Qisqagina badantarbiya bilan shug‘ullanib, yuvinib olgach, bir piyola toza qaynatilmagan suv ichish va 10-15 daqiqa vaqt o‘tkazib nonushta qilish tavsiya etiladi. Tanovul qilish ro‘zador uchun juda muhim, chunki u organizmni kerakli energiya bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Saharlikda  oldin quruq mevalardan, masalan,  arab xurmosi, yong‘oq yoki mayiz yeyish foydali. Agar yong‘oq, o‘rik turshagi, qora mayiz, limon (po‘sti bilan) va asalni aralashtirib, undan 2-3 osh qoshiq iste’mol qilsangiz, sizni kun davomida to‘q tutadi. Og‘iz yopishda meyoridan ortiq va tartibsiz ovqatlanish shart emas. Bu, aksincha, kun davomida och va chanqab yurishingizga turtki beradi. Ortiqcha vaznga ega odamlar saharlikda yengil taomlanib, suvdan to‘yib ichib olishsa, shuning o‘zi kun davomida tetik yurishlariga yetarli bo‘ladi.

Kechqurun tayyorlangan taomni saharlik uchun yeyish mumkin emas. Biroq kechadan qolgan go‘sht, somsa va boshqa taomlar bilan saharlik qiluvchilar ham yo‘q emas. Ovqatni sovutgichda saqlashdan qat’i nazar 6-8 soat ichida uning tarkibida zararli mikroorganizmlar ko‘payib, kishini zararlashi mumkin. Shuning uchun saharlik taomini uni iste’mol qilishdan oldin tayyorlagan ma’qul. Albatta, tong saharda bunga vaqt kamlik qiladi. Tez pishadigan taomlar, masalan, har xil guruchli, yormali bo‘tqalar yoki tuxum quymoq (xohishga qarab) tanlab olinadi va u non bilan yeyiladi.

Saharlikda tegishli miqdorda suyuqlik ichish ham muhim, sababi, issiq kunlari kishi organizmining suvga talabchanligi oshadi. Taomlanishdan 10-15 daqiqa avval ichilgan bir piyola suv oshqozonda kechasi bilan to‘plangan shira, shilimshiq suyuqliklarni ichaklarga yuvib o‘tib ketadi, me’dani navbatdagi taomlarni hazm qilishga tayyorlaydi. Shundan keyin taomlardan xush ko‘rganingizni yeb, ustidan choy yoki yana suv ichsangiz bo‘ladi. Bu o‘rinda achchiq bo‘lmagan ko‘k choy ma’qul. Saharlikda yaxshi ovqatlanib bo‘lib, shartta cho‘zilib yotish judayam zararli. Bu holat oshqozon, ichaklarimiz ish faoliyatini buzib, kun davomida behol yurish yoki shu bilan oshqozonda muammolar keltirib chiqarib, qiynalib qolishimizga sabab bo‘lishi mumkin.

Yaxshisi, taomlanganingizdan keyin ko‘chada yoki hovlida 25-30 daqiqa sayr qiling, jismoniy faollik ko‘rsating. Bu hol barcha a’zolaringiz, ayniqsa, oshqozon-ichaklaringiz samarali ishlashi uchun juda foydali. Ertalabki toza havo tanangizga ham xush yoqadi.

Qaynatilmagan suv ichish xosiyati

10-15 soat ovqat yemaslik va suv ichmaslik vujudimizni biroz toliqtirishi tabiiy hol. Bu faqat foydamizga xizmat qilishini ham aslo unutmaslik kerak. Ana shunday sinovdan sabot bilan o‘tgan kishi iftorlikda nimaga e’tibor qaratishi kerak? Avvalo bir piyola toza qaynatilmagan  suvni qultum-qultum qilib ichish tavsiya etiladi. Nega aynan toza qaynatilmagan suv?!  Boisi, bunday obi hayotda organizm uchun kerakli ma’danli moddalar mavjud, uning "tirik" suv deyilishi sababi ham shundan. Suv qaynatilganda esa mana shu moddalar cho‘kmaga tushib, "o‘lik" holiga keladi. Shunday ekan, saharlik va iftorlikda toza qaynatilmagan suv iste’mol qilish koni foyda.

10-15 daqiqa o‘tgach, issiq ovqat tanovul qilish mumkin. Suyuq taom (ayniqsa, qaynatma sho‘rva) bo‘lsa, ayni muddao. Ayrim kishilar ovqatdan keyin har xil shirinliklar, masalan, qand-qurs, pishiriqlar, tort yeyishni odat qilishgan. Buni biz tavsiya qilmaymiz. Juda bo‘lmaganda, tabiiy mahsulot - biroz (bir-ikki choy qoshiq) asal iste’mol qiling, u ovqat hazm bo‘lishini yaxshilaydi. Shundan keyin choy (unchalik issiq bo‘lmagan ko‘k choy), biroz vaqt o‘tishi bilan toza qaynatilmagan suv ichish kerak.

Ma’lum muddat davom etgan holsizlik tufayli iftorlikdan keyin organizm bo‘shashib ketadi, kishining yotgisi keladi. Bunga aslo yo‘l qo‘ymang. Biroz dam olgach, ko‘cha yoki hovlida asta-sekinlik bilan 20-30 daqiqa harakat qilish (ko‘pincha piyoda yurish) juda foydali. Shunda ovqat ham yaxshi hazm bo‘ladi, tinch orom olib uxlaysiz.

Uyquga yotishdan 0,5 - 1 soat oldin esa bir piyola qatiq yoki kefir ichsangiz yanada yaxshi. Ular, birinchidan, oqsil manbai, ikkinchidan, hazm yo‘llaridagi patogen (kasallik uyg‘otuvchi) mikroblarni o‘ldiradi, organizmni zaharli toksinlardan tozalashda jigarga ko‘mak beradi,  vujudni tinchlantiradi.

Jazirama kunlari rosa chanqab qolganligi tufayli ayrim kishilar iftorlik paytiga kelib darrov bir necha piyola, ba’zan esa kosalab suv ichib qo‘yadi. Bunday qilish fiziologik nuqtai nazardan noto‘g‘ri, chunki buning natijasida ishtaha yo‘qoladi. Shunday bo‘lsada, kishi o‘zini majburlab taomlanadi. Natijada ovqat hazm qilish jarayoni buziladi. Ishtaha bo‘lmaganida yeyilgan ovqatga nisbatan ajralgan hazm shiralari (me’da-ichak shiralari, o‘t suyuqligi) tarkibi va miqdori bilan yaxshi ishtaha bo‘lganidagidan farq qiladi. Shuning uchun bunday holatda ovqatlanmay turganingiz ma’qul. Eng maqbuli, bir-ikki soat o‘tkazib, ishtaha yana uyg‘onganida tamaddi qilib olsangiz, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Dabdabali iftorlikdan saqlanish joiz

Ro‘zadorlarga atab iftorlik dasturxoni yozish ham yaxshi an’anaga aylangan. Bizni tashvishlantirayotgan narsa bunday marosimlarning juda hashamdor o‘tayotganidir. Ko‘z-ko‘z qilish uchunmi yoki odamlar gapirishidan qo‘rqibmi, dasturxonni turfa noz-ne’matga to‘ldirib yuborishadi, borini to‘kib-sochishadi. Iftorlikka kelgan ro‘zador esa ba’zan mezbonning ra’yi deb, ayrimlar nafsiga erk berib, meyordan ortiq taomlanishdan o‘zini tiyolmaydi. Kunora dabdabali iftorlik ustidan chiqadigan kim, qancha?!

Natijada ro‘zador ro‘za tutmagan odatdagi kunlaridagidan ham ko‘p miqdorda taomlanadi. Seryog‘, sergo‘sht ovqatlarni haddan ziyod tanovul qiladi. To‘g‘ri, yeyish kerak, ammo meyori bilan. Negaki ushbu hol organizmga (ayniqsa, hazm a’zolariga) katta yuklama tushishiga olib keladi. Hazm shiralari shiddat bilan ko‘p ajraladi, qonda ichaklardan so‘rilgan shakar, aminokislotalar, yog‘ va glitserin odatdagidan ko‘payadi.

Oxir-oqibat bu nimaga olib kelishi ham o‘z-o‘zidan ma’lum. Yurak-qon tomirlari, ichki sekretsiya bezlari, moddalar almashinuvi tizimlari ishida o‘zgarishlar ro‘y beradi. Kishi o‘zini vaqti-vaqti bilan behuzur seza boshaydi. Ayrim kunlari ovqat yegingiz kelmay, ishtaha yo‘qoladi. Bu esa organizmning  o‘zini-o‘zi yuklamadan qutqarish uchun ko‘rgan chorasi. 

Bunday bo‘lmasligi uchun qayerda bo‘lmasin go‘shti va yog‘i kam bo‘lgan mastava, qatiqli ovqatlar, meva-chevalar, sabzavotli, ko‘katli salatlar bilan iftorlik qilishingiz har jihatdan ma’qul, nazarimizda. Aytib o‘tilgan noxush holatlarga tushish fiziologiyada ovqatning spetsifik-dinamik ta’siri deb yuritiladi. Bunda qon bosimi ko‘tarilishi, modda va energiya almashinuvi kuchayishi bois organizm qiynaladi, ba’zan esa yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Ro‘za tutish fiziologik nuqtai nazardan barcha hazm a’zolariga vaqtincha dam berish, degani. 15-16 soat, ba’zan undan ham ko‘proq vaqt oshqozon-ichaklarga na suv, na ovqat tushmay, ular dam oladi, o‘zida to‘planib qolgan oziq moddalardan tozalanadi. Buning o‘rniga kun uzog‘ida o‘zini "supurish, sidirish" bilan band bo‘lgan oshqozon-ichaklarimizni seryog‘, sergo‘sht va boshqa yuqori kaloriyali taomlar bilan yanada to‘ldirib tashlash esa organizmga jabr qilish demakdir.

Odatiy turmush tarzimizda biz yuqori kaloriyali taomlarni tanovul qilamiz va bu hol organizmning ba’zi vazifalarini, masalan, o‘zini-o‘zi qayta tiklash qobiliyatini bajarishiga xalaqit beradi. Ro‘za tutish orqali tozalangan organizm esa faoliyatini to‘liq tiklab oladi. Natijada xotira va diqqatni jamlash qobiliyati yaxshilanib, kishi o‘zini bardam seza boshlaydi. Ro‘za tutish orqali anchayin yengillashgan vujud boshqa funksiyalarga o‘z e’tiborini qaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlamoqchimizki, saharlik va iftorlik paytlari iloji boricha tabiiy, eskirmagan, sifati buzilmagan, har xil kimyoviy moddalardan xoli mahalliy mahsulotlardan foydalaning. Shirinliklar o‘rnini asal, ko‘proq meva-chevalar, quritilgan o‘rik turshagi, oltingugurtda toblanmagan mayiz, arab xurmosi kabilar bilan to‘ldiring. Ro‘zani shu tavsiyalarga  amal qilib yakunlasangiz, tani-joningiz sog‘ bo‘ladi, yengillashasiz, ko‘pgina a’zo-tizimlaringiz dam oladi. Shu bilan birga, bisyor savobga ega bo‘lasiz, iymoningiz butun bo‘ladi, ertangi kunga ishonch uyg‘onadi. Bu yo‘lda sizga Yaratganning o‘zi kuch-quvvat bersin!

Shoniyoz QURBONOV, 

biologiya fanlari doktori, professor

Gulnoza BURANOVA,

fiziolog