ROSSIYALIK O‘QITUVCHILAR SABOQLARI

Qashqadaryo va dunyo

Rossiya Federatsiyasidagi Nijnevartovsk davlat universiteti musiqa ta’limi kafedrasi dotsentlari S.G.Farxutdinova va G.V.Agadilova Qarshi davlat universitetida bo‘lib, pedagogika fakultetida tegishli ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarga ma’ruza o‘qib, amaliy mashg‘ulotlar olib borishdi.

Dastlab xorijlik mutaxassislar musiqa ta’limi yo‘nalishi 1-kurs talabalari uchun cholg‘u ijrochiligi va ansambl, 3-kurs talabalariga esa musiqa o‘qitish metodikasi va maktab repertuari fanlaridan darslar o‘tishdi.

- Rossiyalik o‘qituvchilarning darslari biz uchun yangiliklarga boy bo‘ldi, - deydi musiqa o‘qitish metodikasi va maktab repertuari yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Muyassar Markayeva. - Bir darsda cholg‘ular bilan ishlab, ovoz sozlash, ovoz ochish, ovoz tushish mashqlarini o‘rgangan bo‘lsak, boshqa darsda kichik-kichik asarlarni turli ovozlarda ijro etdik. Yana bir darsda musiqaning inson psixologiyasiga ta’siri o‘rganildi. Bunda kichik guruhlarga bo‘lindik va bir musiqani tinglab, tinglaganimiz bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarimizni aytdik. Dirijyorlik, vokal, xor yo‘nalishlarida ko‘pgina yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldik.  

Kafedraning professor va o‘qituvchilari ishtirokida tashkil etilgan seminar-treninglar bahs-munozaralar asosida o‘tdi. Mehmonlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bo‘lajak musiqachilarda, o‘qituvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Eslatib o‘tish joiz, ushbu tashrif Nijnevartovsk davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti musiqa ta’limi kafedralari o‘rtasida 2016-yil 15-dekabrda o‘rnatilgan xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi. 

Sojida ALLAYOROVA