Jarayon 04.10.2019 28

ROSSIYANING "SHIMOLIY POYTAXTI"DAN — QARSHIGA

Qashqadaryo va dunyo

Kecha Rossiyadagi "IrAero" aviakompaniyasi Sankt-Peterburg - Qarshi - Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘ylab ilk parvozni amalga oshirdi.

"Sukhoi Superjet 100" rusumli samolyotda Qashqadaryoga uchib kelgan 100 nafar yo‘lovchi - vatandoshlarimiz va rossiyalik sayyohlar, shuningdek, ekipaj a’zolari Qarshi xalqaro aeroportida katta tantana bilan kutib olindi.

-"IrAero" shahrimiz va Rossiya Federatsiyasining mintaqalari o‘rtasida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ygan uchinchi xorijiy aviakompaniyadir, - deydi Qarshi xalqaro aeroporti direktori O‘ktam Qurbonnazarov. -  Shu paytgacha vohamizga Rossiyaning yana ikkita kompaniyasi - "Uralskiye avialinii" va "Nord Vind" samolyotlari uchar edi. Umid qilamizki, tez orada ular soni  yanada ko‘payib, Qarshidan amalga oshirilayotgan parvozlar geografiyasi ancha kengayadi. Zero, shu yil 1-oktabrdan aeroportimizda "beshinchi havo erkinligi" qo‘llanadigan "ochiq osmon" rejimi ishga tushdi.

"IrAero" vakillarining ma’lum qilishicha, ushbu aviakompaniya havo kemalari ilgari O‘zbekistondagi faqat bitta shahar - Farg‘onaga (Irkutsk va Krasnoyarskdan) muntazam qatnovni bajargan. Sankt-Peterburg - Qarshi - Sankt-Peterburg bo‘ylab yo‘lga qo‘yilgan parvozlar esa "IrAero" uchun O‘zbekiston va Rossiyaning Yevropadagi qismini bog‘lab turuvchi birinchi yo‘nalishdir. Umuman olganda esa, 2006-yildan boshlab yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanib kelayotgan mazkur aviakompaniya Rossiyaning ko‘plab shaharlari va dunyoning turli mamlakatlariga 70 ta yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirib, har haftada 150 dan ortiq reyslarni bajaradi.

Shu kunning o‘zida yana 100 nafarga yaqin yo‘lovchi "IrAero" aviakompaniyasining zamonaviy havo laynerida Qarshidan Rossiyaning "shimoliy poytaxti" - Sankt-Peterburgga uchib ketdi.

O‘z muxbirimiz

Suratlarda: yangi yo‘nalish bo‘ylab amalga oshirilgan birinchi reys yo‘lovchilari va ekipaj a’zolarini Qarshi xalqaro aeroportida kutib olish jarayonidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV  olgan suratlar.