Ma'naviyat 10.09.2019 23

RUXSATSIZ O‘ZGANING TELEFONIDAGI SMSNI O‘QISH GUNOHMI?

Din va davr

Islom - g‘oyat go‘zal din. Barcha zamon va hamma makonlarga mos. Go‘zalligi shundaki, dinimiz o‘z ta’limotlari bilan insoniyatning baxtli-saodatli yashashi g‘oyasini ilgari suradi. Unga rioya qilgan kishining qayg‘urishi u yoqda tursin, hatto bir lahza bo‘lsa-da, noqulay vaziyatga tushib qolmasligi kafolatlangan.

Imom Abu Dovud Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "O‘zi haq bo‘lca ham talashib-tortishmagan kishi uchun jannat chekkarog‘idan uy berilishiga, hazillashib bo‘lsa-da yolg‘on gapirmagan kishi uchun jannatning o‘rtasidan uy berilishiga, xulqini go‘zal qilgan kishi uchun esa jannatning eng yuqori qismidan uy berilishiga men kafilman", deya bayon etiladi.

 Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. "Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: "Kim birovning maktubiga iznsiz nazar solsa, do‘zax otashiga nazar solgan bilan barobar ekan", deganlar" (Imom Abu Dovud rivoyati).

Yuqoridagi ikki muborak hadisni bejiz keltirmadik. Chunonchi, bugun ko‘plab oilalarga darz ketib, Arshning larzaga kelishiga, ma’sum go‘daklarning tirik yetim bo‘lib qolishiga, o‘smirlarning boshi berk ko‘chaga kirib, jinoyatga qo‘l urishiga, qizlar bahorida xazon bo‘lishiga aksar hollarda mobil telefon, shu matoh orqali qurilayotgan so‘zlashuv, almashinilayotgan xabaru suratlar, videolar sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas.

Aslida islomda shaxsning daxlsizligi yuqori darajada himoyalangan. Birovning maktubini o‘g‘irlab olish yoki tortib olib o‘qishga intilish u yoqda tursin, iznsiz nazar solish ham mumkin emas. Kim birovning maktubiga iznsiz nazar solsa, do‘zax otashiga nazar solgan bilan barobar. Ulamolarimiz nazar solishga oid hukmni eshitishga, quloq solishga ham qiyos qilganlar. Bugun birovning mobil telefonidagi xabarlarga, suratu videolavhalarga nazar solishning hukmi ham shunday.

Butun boshli o‘rmonning kuyib kul bo‘lishiga bir gugurt donasi kifoya qilganidek, jamiyatning tanazzulga uchrashiga ham arzimas omil va bahonalar sabab bo‘ladi. Qolaversa, xalq orasida yurib, ularning murojaatlari, savollarini tinglab, mobil telefondan to‘g‘ri foydalanilsa, koni foyda ekani, aks holda, bu matoh asr muammosiga aylanayotganiga guvoh bo‘ldik. Shu bois dinimiz ta’limoti asosida mobil telefondan foydalanishning tartib-taomillari, qoidalarini keltirib o‘tishni lozim topdik.

Avvalo ro‘paramizdagi odam bilan muloqot qilganda nimalarga e’tibor qaratsak va o‘zimizni qanday tutsak, qo‘ng‘iroqqa javob berishda ham shularni inobatga olish lozim.

Birovning telefoniga egasining ruxsatisiz tegmaslik, uning xotirasidagi qaydlarni o‘qimaslik va suratu videolarni ochib qaramaslik;

behudaga, davlat qonunlari, odob-axloq meyorlari, shariat hukmlari va milliy qadriyatlarimizga zid narsalarni yozmaslik, eshitmaslik va ko‘rmaslik;

birovning suhbatiga quloq tutmaslik, uni poylamaslik;

birovga qo‘ng‘iroq qilganda har bir takror orasida to‘rt rakat sunnat namozi o‘qish vaqtiga teng fursat  o‘tishi, shu tartibda uch marta yo‘qlov qilingach ham javob bo‘lmasa, so‘ng lozim topilsa, bir muddat o‘tgandan keyin qo‘ng‘iroq qilish;

mobil so‘zlashuvdan so‘ng suhbatdosh telefonini o‘chirishni unutgan bo‘lsa, darhol aloqani ajratish;

telefonda suhbatdosh vaqtini ko‘p olmaslik;

qo‘ng‘iroqqa javob qaytarishda yonidagilardan izn, ruxsat so‘rash;

suhbatdosh, yoningizdagi odamlar oldida telefon o‘ynamaslik (ayniqsa, ota-ona, ustoz, rahbar, yoshi katta, ulug‘ insonlar, bolalar oldida);

so‘zlashuvni turli ajnabiy so‘zlar bilan emas, "Assalomu alaykum"dan boshlash, bunda "alooo", "hello", "alyo", "da" o‘rniga "labbay", "eshitaman", "qulog‘im sizda" kabi milliy qadriyatlarimizga xos va mos so‘zlarni qo‘llash;

suhbat so‘ngida suhbatdosh bilan xayrlashib, unga yaxshi tilaklar tilash;

birovga qo‘ng‘iroq qilganda, salomdan so‘ng o‘zini tanishtirish, suhbatdoshning vaqtini olganini aytib, uzr so‘rash;

ota-ona, ustoz, rahbar, yoshi katta, ulug‘ insonlar bilan suhbat yakunida telefonni oldin o‘chirmaslik;

qo‘ng‘iroqqa javob beruvchi tomon  suhbatni avval tugatmasligi;

jamoat joylarida (shifoxona, masjid, ma’raka-marosim, ta’ziya, ishxona, poyezd, avtobus va hokazo)larda bo‘lganda, telefon ovozini o‘chirib qo‘yish, gaplashish zarurati bo‘lsa, chetroqqa o‘tish yoki past ovozda gaplashish joiz.

Ushbu tavsiyalar islom dini ko‘rsatmalariga ham mos tushishi bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Binobarin, ularga to‘kis amal qilsak, ko‘pgina ko‘ngilsizliklarga barham bergan bo‘lamiz.

Xulosa o‘rnida eslatish joiz: muqaddas dinimizni pok saqlash, uni turli g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, islomning asl mohiyatini o‘sib kelayotgan yosh avlodga to‘g‘ri tushuntirish, unda mujassam ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish - har bir ota, ona uchun, bugungi davr ziyolilari uchun eng muhim vazifa!

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari