So'nggi yangiliklar 27.08.2019 27

SAHNADA — CHEGARACHI YOSHLAR

Qarshi shahrida DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligining viloyatimizda joylashgan harbiy qismi askar va ofitserlaridan tashkil etilgan "Fidokorlar" jamoasining "Kulgi bekati" konsert dasturi namoyish etildi. Unga chegarachilar, ularning oila a’zolari, harbiy xizmat faxriylari va faol yoshlar taklif etildi.

Ta’kidlash joiz, yurt posboni bo‘lish sharafli bo‘lish bilan birga eng og‘ir, eng mas’uliyatli kasblardan biri sanaladi. Chegarachi mudofaada doimo hushyor turishi, qishning izg‘iriniyu, yozning jaziramasida ham o‘z postida bo‘lib, vatan sarhadlarini ishonchli himoya etishi lozim. Bu esa kishidan juda katta matonat, iroda talab etadi.

- "Kulgi bekati" konsert dasturi Vatanimiz chegaralarida xizmat qilayotgan harbiylar, ularning oila a’zolarining maroqli hordiq chiqarishini ta’minlash, shu bilan bir qatorda, ularning san’atga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishga qaratilgan, - deydi harbiy qism ofitseri G‘ayratjon Qosimov. - Konsert davomida ofitserlarimiz, muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishlari barchaga birdek xush kayfiyat ulashdi. Bu mashaqqatli kasb egasi bo‘lgan harbiy xizmatchilar orasida ham o‘ziga xos iste’dod egalari ko‘pligini anglatadi.

Konsert dasturi avvalida kitoblar yarmarka-savdosi ham o‘tkazildi.

J.BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.