Iqtisodiyot 14.05.2019 23

SALAT BARGI EKSPORTGA CHIQARILAYAPTI, NAVBAT PIYOZGA

Qashqadaryo va dunyo

Bugun yurtimiz qishloq xo‘jaligida ertachi mahsulot yetishtirish tajribasi keng ommalashayapti. Omilkor dehqonlar ochiq dalaga urug‘ qadash fursatini kutib o‘tirmay, o‘rniga issiqxona sharoitida parvarishlangan tayyor ko‘chatni muddatidan avvalroq ekib, plyonka ostida parvarishlab, har galgidan barvaqt hosil yig‘ishtirib olishni uddalayapti. Ushbu noz-ne’mat eksportbop ekani esa alohida ahamiyatga molik.

Yakkabog‘ tumanidagi "Sharofat ona Qahramon qizi" agrofirmasida ham bu yil dehqonchilik yumushlariga ancha erta kirishilgandi. Ayni kunlarda esa 15 gektar maydonga ekilgan aysberg salatbargi pishib yetilgan. Uzib olinayotgan hosil mashinalarga yuklanib, xorij mamlakatiga peshma-pesh eksport qilinmoqda.

- Joriy yilning 10-yanvaridan maxsus ko‘chatxonada urug‘larni o‘stirishga qo‘ygandik, - deydi agrofirma agronomi Kozimjon Yusupov. - Mart oyining dastlabki o‘n kunligida nihollarni ochiq dalaga ko‘chirdik. May oyi boshida esa hosil uzishga tayyor bo‘ldi. Hozirgacha 100 tonnadan ortiq aysberg salatbargini yig‘ishtirib oldik. Shuning 70 tonnadan ziyodini chetga jo‘natdik. Hozircha Rossiya mamlakati ishbilarmonlari asosiy xaridorimiz. Mahsulot hali ko‘p, gektaridan 20 tonnagacha hosil olish mo‘ljal qilingan.

 Mutaxassisning aytishicha, tadbirkorlik subyekti faqat shu sabzavotni yetishtirish bilan kifoyalanmagan. Katta maydonga ta’mi tilyorar qovun navlari ekilgan. 25 gektar joyda piyoz o‘stirilayapti. Ikkalasi ham eksportbop. Kelishuv amalga oshsa, piyoz hosilining bir qismi Germaniyaga eksport qilinishi mumkin.

Ushbu eksportchi korxona erta dehqonchilik qilib daromad topayotgani yaxshi, parvarishlash va yig‘im-terim ishlarida 200 ga yaqin mavsumiy ishchi bandligini ta’minlayotgani esa har jihatdan ma’qul.

Aytish joiz, "Sharofat ona Qahramon qizi" agrofirmasi bultur ham eksport faoliyati bilan faol shug‘ullangan. Tashqi bozorga aysberg salatbargidan tashqari ko‘p miqdorda gulkaram, karam kabi sabzavot, qovun singari poliz mahsulotlari yetkazib berilgan.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.