Tibbiyot 03.05.2019 39

"SALOMATLIK POYEZDI" - DEHQONOBODDA

Xayriya aksiyasi

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida respublikamizning ekologik jihatdan noqulay mintaqalarida yashovchi aholiga "Salomatlik poyezd"larini tashkil etish yo‘li bilan tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ  hamkorligida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisi uchun tashkil etilgan Toshkent-Sariosiyo-Qumqo‘rg‘on-Boysun-Darband-Oqrabot-Dehqonobod-Toshkent yo‘nalishidagi "Salomatlik poyezdi" 29-30-aprel kunlari Dehqonobod tumanida bo‘ldi.

29-aprel kuni Oqrabot temir yo‘l bekatida, 30-aprelda Dehqonobod temir yo‘l bekatida malakali mutaxassislar tomonidan bolalar, xotin-qizlar, ko‘p bolali oilalar a’zolari va boshqa tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtojlardan iborat 750 nafarga yaqin kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Xastalik aniqlanganlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi. Shu bilan bir qatorda, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi uchrashuvlar tashkil etildi.

- Malakali shifokorlar bilan birga fondning viloyat ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatdi, - deydi "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi viloyat filiali direktori Gulnora Sharipova. - Insonparvarlik yordami oziq-ovqat, kiyim-kechak, oyoq kiyimlari, dori-darmon, tibbiyot anjomlari va jihozlar, sanitariya-gigiyena vositalari hamda nogironlik aravachalaridan tarkib topgan.

Safar davomida ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi hamrohligida markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug‘ruq komplekslari, ko‘zi ojiz, aqli zaif, kar-soqov bolalar maxsus maktab-internatlariga ham xizmat ko‘rsatildi.

Shohista BOZOROVA