Madaniyat 11.10.2018 281

“SAVTI SARVINOZ” – MAQOM BASTAKORLARI HAQIDAGI BIRINCHI ROMAN

Yangi asar

“SAVTI SARVINOZ” – MAQOM BASTAKORLARI HAQIDAGI BIRINCHI ROMAN

Shahrisabzlik ijodkor Ne’mat Arslon maqom san’ati tarixidan hikoya qiluvchi “Savti sarvinoz” asarini yozib tugatdi.

Kitobga so‘zboshi yozgan O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva “Romanni qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Unda Shahrisabz bekligining nufuzli shaxslaridan biri mumtoz bastakor Abdurahmonbekning (XIX asr) hayot yo‘li va san’atimiz rivojiga qo‘shgan munosib hissasi badiiy, tarixiy va publitsistik-mushohadaviy talqin qilib berilgan”, deya fikr bildiradi.

Ma’lumki, XIX asrda yashab ijod qilgan shahrisabzlik Abdurahmonbek ulkan iste’dod sohibi bo‘lib, “Abdurahmonbegi” maqom va ashulalar muallifi hamda talqinchisi sifatida o‘zbek milliy musiqasi va maqom san’ati tarixidan munosib joy olgan. Buzruk maqomining savti sarvinoz shu’basiga ohangdosh saraxbor, soqiynoma va ufor usullari bilan ijro etiladigan maqomlar mazkur san’atkor nomi bilan bog‘liq. Hoji Abdulaziz Rasulov, Yunus Rajabiy “Abdurahmonbegi” yo‘llarini mukammal o‘zlashtirib, aynan shu uslub yo‘nalishida kuylar yaratishgan.

Ilmiy fantaziya yo‘lidagi romanda Abdurahmonbek orqali “Shashmaqom” ruhiyati ochib beriladi, shunga monand, asar shunday so‘zlar bilan boshlanadi: “Agar qalbim toshga aylanmasin desang, Buxoro Irog‘ini tingla”.

Roman muallifiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Ne’mat Arslon 1941-yil Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. Ozod Sharafiddinov nomidagi adabiy mukofot sovrindori (2016). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Adibning “Ayol suvratiga chizgilar”, “Oldinda yana tun bor”, “Bigiz”, “Qizil shisha siniqlari”, “Mahbusning ikkinchi hayoti”, “Adam vodiysi”, “Mavhumot” kabi hikoyalar, qissa va romanlardan iborat kitoblari nashr etilgan.

B.SAYFIYEV