Jamiyat 13.09.2019 38

SAYLOV QONUNCHILIGIDA QANDAY O‘ZGARISHLAR BOR?

Muhim siyosiy jarayon oldidan

Prezident tomonidan shu yilning 4-sentabr kuni "Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun imzolanib, kuchga kirdi. Unga asosan Konstitutsiya, bir nechta konstitutsiyaviy qonunlar va qonunlarga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilib, uchta qonun o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Konstitutsiyamizning 117-moddasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi, deyilgan qism bilan to‘ldirildi.

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarga saylovlarda ishtirok etish huquqi beriladigan bo‘ldi. Ko‘p qonunlarimizdan "O‘zbekiston ekologik harakati" va "deputatlar guruhi"ga oid so‘zlar chiqarib tashlandi. Bundan buyon Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga deputatlar faqat ko‘ppartiyaviylik asosida saylanishi va saylangan deputatlar fraksiyalarga birlashishi mumkin etib belgilandi.

"O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga binoan, Prezident, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari yoki referendum kunlari davlat madhiyasi - ovoz berish o‘tkaziladigan binolarda soat 8:00 da ijro etiladi, deb belgilandi. Bunday norma muqaddam qonunimizda bo‘lmagan.

"Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida"gi Qonun 7-moddasidan "...va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi" degan so‘zlar olib tashlandi. Chunki, qonunlarimizga binoan mahalliy Kengash deputatligiga nomzodlar ham faqat siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

"Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi Qonun 33-moddasining birinchi qismidagi  "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga, Senati a’zoligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat, tuman va shahar davlat hokimiyati vakillik organi deputatligiga saylangan (tayinlangan)" degan so‘zlar chiqarib tashlandi. Shunga asosan bundan buyon ichki ishlar organi xodimlari Qonunchilik palatasiga yoki mahalliy Kengash deputatligiga saylana olmaydigan bo‘ldi.

Shu o‘rinda saylov qonunchiligiga oid quyidagi normalar haqida ham so‘z yuritsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari qachon va qanday tartibda tuziladi?

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi 19-moddasiga asosan viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tegishli mahalliy Kengashlar tomonidan saylovga kamida sakson kun qolganida yetti-o‘n besh nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuziladi hamda o‘z vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilingunga qadar amalga oshiradi. Viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalarining raislari ushbu komissiya a’zolari orasidan saylov komissiyasi majlisida tegishli mahalliy Kengashning taqdimnomasiga binoan saylanadi.

Saylov okruglari qanday tartibda tuziladi?

Saylov kodeksining 9-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari xalq deputatlari viloyat Kengashi taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglari tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda tuziladi. Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish uchun oltmishtadan ko‘p bo‘lmagan saylov okrugi tuziladi. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish uchun - o‘ttiztadan ko‘p bo‘lmagan saylov okrugi tuziladi.

Saylov okruglarining ro‘yxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri ko‘rsatilgan holda saylovdan kamida yetmish besh kun oldin tegishli saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi.

Saylov uchastkalari-chi?

Saylov kodeksining 10-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari tuman va shaharlar hokimliklari taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi. Harbiy qismlarda, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi. Saylov uchastkalarining soni okruglar sonidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Okrug saylov komissiyalarini tuzish qachon va qay tartibda amalga oshiriladi?

Saylov kodeksi 21-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi esa tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va olti-sakkiz nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuziladi. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar xalq deputatlari viloyat Kengashining majlisida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining a’zolari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan viloyat saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarining a’zolari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tavsiyasiga binoan tuman va shahar saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Saylov kodeksining 26-moddasiga asosan mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug va uchastka saylov komissiyalari tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi.

 Uchastka saylov komissiyasi qachon va qanday tartibda tuziladi?

Saylov kodeksining 23-moddasiga asosan uchastka saylov komissiyasi saylovga qirq kun qolganida besh-o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan, rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

Uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Nomzodlarni ro‘yxatga olish tartibi qanday?

Saylov kodeksi 40-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni esa tegishli viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasi amalga oshiradi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi. Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda tegishli saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni e’lon qiladi.

Deputatlikka nomzodning ishonchli vakillar olish tartibi qanday?

Saylov kodeksi 43-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod o‘n nafarga qadar, viloyat Kengashi deputatligiga nomzod besh nafarga qadar, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uch nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli. Deputatlikka nomzod ro‘yxatga olinganidan keyin ishonchli vakillarini o‘z xohishiga ko‘ra belgilaydi va ular haqida tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qiladi. Saylov komissiyasi ishonchli vakillarni ro‘yxatga oladi va ularga guvohnomalar beradi.

Saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan saylovlarning qonuniy, demokratik va shaffof o‘tishida huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari