Jarayon 08.10.2019 25

SAYLOVGA TAYYORGARLIK QANDAY BORMOQDA?

Xabaringiz bor, 2019-yilning 22-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda saylov kampaniyasi boshlangan bo‘lib, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadigan katta siyosiy jarayon mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbirlar ham davom etmoqda.

Shunday tadbirlardan biri Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari  instituti Qarshi filialida bo‘lib o‘tdi. Filial o‘qituvchi va talabalari, Qarshi tumani saylovini muvofiqlashtiruvchi tuman saylov komissiyasi, Qarshi shahridagi saylov okrugi a’zolari qatnashgan tadbirda qayd etilganidek, bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Bular - "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati -  O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi. Saylov kodeksiga asosan, endi har bir siyosiy partiya o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini to‘plashi zarur. Shundagina siyosiy partiya deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi, shulardan ikki milliondan ziyod yoshlar ilk bor ovoz beradi.

- Bosh qomusimizning 117-moddasida "O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi" deb mustahkamlab qo‘yilgan, - deydi filial direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Hamroqul Ravshanov. - Shunday ekan, bo‘lajak saylovlarda ovoz berib, o‘z xohish-irodamizni erkin bildirish - har birimizning fuqarolik burchimizdir. Bugungi tadbirda shu haqda ham atroflicha fikrlashildi.

Muloqotda, shuningdek, "Saylovda kuzatuvchi va vakolatli vakillarning o‘rni va roli", "Saylov huquqi erkinligi - fuqarolik jamiyatining muhim mezoni" kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

N.XO‘JAYEV