Jamiyat 04.10.2019 20

SAYLOVOLDI JARAYONLAR QANDAY KECHMOQDA?

Qaror va ijro

Markaziy saylov komissiyasining "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida"gi qarori bilan joriy yilning 20-sentabridan mamlakatimizda saylov kampaniyasiga start berildi. 2019-yil 22-dekabr - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi kunidir.

2014-yilda tuzilgan viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari esa o‘z faoliyatini tugatdi.

Belgilanganiga ko‘ra, joriy yilning 13-oktabrigacha tegishlicha Markaziy saylov komissiyasi, mahalliy Kengashlar tomonidan okrug saylov komissiyalari tuzilib, tarkibi tasdiqlanishi va ularning joylashgan yeri haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinishi kerak. Okrug saylov komissiyalari va hokimliklar birgalikda 23-oktabrga qadar saylov uchastkalarini tuzadi. 12-noyabrgacha uchastka saylov komissiyalari tuzilib, tarkibi belgilangan tartibda tasdiqlanadi va joylashgan yeri haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinadi.

15-noyabrgacha saylovchilarning dastlabki elektron ro‘yxati shakllantirilishi kerak. Hokimliklar va saylov komissiyalari birgalikda 15-noyabrdan 7-dekabrga qadar saylovchilar ro‘yxatini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirishi kerak. Aniqlangan holatlar bo‘yicha saylovchilarning murojaatlariga ko‘ra 7-dekabrdan 19-dekabrgacha saylovchilar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiyalar tomonidan 21-sentabrdan 25-sentabrga qadar siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga mazkur partiyalarning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolarini to‘plashi uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari taqdim etildi. 13-oktabrga qadar Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasi, mahalliy Kengashlarga saylovlarda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tegishli saylov komissiyalari qabul qilib oladi. Markaziy saylov komissiyasi 18-oktabrgacha siyosiy partiyalarni Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va uni matbuotda e’lon qiladi.

Joriy yilning 6-dekabr kuniga qadar  siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ro‘yxatga olish to‘g‘risida okrug saylov komissiyalariga ariza bilan murojaat qilishi kerak. Ro‘yxatga olinganlarga 11-dekabrga qadar okrug saylov komissiyalari tomonidan namunadagi mandatlar  beriladi. Siyosiy partiyalar tomonidan 18-oktabrdan 7- noyabrga qadar Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatiladi. Nomzodlar tegishlicha Markaziy, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan 17-noyabrga qadar ro‘yxatga olinib, 22-noyabrga qadar matbuotda e’lon qilinadi.  Deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish va ularga tegishli guvohnomalarni berish okrug saylov komissiyalari tomonidan 18-noyabrdan 15-dekabrga qadar amalga oshiriladi.

Markaziy saylov komissiyasi belgilangan tashkilotlar bilan kelishgan holda 17-noyabrga qadar siyosiy partiyalar uchun efir vaqtini va nashr maydonini taqsimlash hamda saylovoldi tashviqoti masalalari bo‘yicha qarorini qabul qiladi. Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar 18-noyabr – 20-dekabr kunlari saylovoldi tashviqotini o‘tkazadi. Siyosiy partiyalar saylovoldi  dasturlarini 18 noyabrga qadar e’lon qilishi kerak. 2-dekabrdan 12-dekabrga qadar ovoz berish kuni, vaqti va joyi to‘g‘risida saylovchilar xabardor qilinadi. Muddatidan oldin ovoz berish 12-dekabrdan 19-dekabrga qadar amalga oshiriladi. Saylov 22-dekabr kuni soat 8:00 dan 20:00ga qadar o‘tkaziladi.

Saylov natijalariga 31-dekabrga qadar aniqlik kiritilib, ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi. Zarurat tug‘ilganda asosiy saylovdan keyin kechi bilan bir oylik muddat ichida takroriy saylov o‘tkaziladi. Qonunchilik palatasining birinchi majlisi saylovdan so‘ng ikki oy ichida o‘tkazilishi, Senat 2020-yilning 22- yanvariga qadar shakllantirilishi kerak. Buning uchun viloyat, tuman va shahar kengashlarining qo‘shma majlislari o‘tkaziladi. Markaziy saylov komissiyalari qo‘shma majlis bayonnomalarini kelib tushgandan keyin besh kun ichida ko‘rib chiqishi kerak.

Joriy yilning dekabr oyida mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan saylovlardan xalqimizning umidi katta. O‘ylaymizki, saylovlar natijasi yurtimizda huquqiy demokratik davlat va insonparvar fuqarolik jamiyati qurishga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Xalqimiz bu saylovlar orqali kelgusidagi besh yillik kelajagini belgilab, o‘zi va jahon jamoatchiligi oldida imtihondan o‘tadi. Bu jarayonga jahon jamoatchiligi va xorijiy davlatlar albatta o‘z bahosini beradi. Shunday ekan, barchamiz bu jarayonlarning kuzatuvchisi emas, faol ishtirokchisi bo‘laylik. Saylovlarga e’tiborsizlik - kelajakka befarqlikdir.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari