Jarayon 12.04.2019 24

SEL OQIBATIDA KO‘RILGAN TALAFOT BARTARAF ETILDI

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi joriy yilning 5- va 7-aprel kunlari kuzatilgan kuchli yomg‘ir natijasida vohamizning ayrim tog‘li hamda tog‘oldi hududlarida hosil bo‘lgan toshqinlar oqibatlari haqida ma’lumot taqdim etdi. Unda tabiiy ofat yetkazgan zarar ko‘lami, uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘z boradi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yakkabog‘ tumanida Qizildaryo daryosi bo‘ylab oqib kelgan sel suvlari oqibatida avtomobil yo‘li va ko‘priklar zarar ko‘rgan.  Eski Yakkabog‘ mahallasi Madrasa guzari ko‘chasidagi aholini elektr bilan ta’minlovchi 8 dona simyog‘och tabiiy ofat natijasida qulagan. Ushbu simyog‘ochlar qayta tiklanib, elektr ta’minoti to‘liq tiklandi. Jarayonga jami 12 nafar ishchi va 3 ta texnika jalb etilgan.

Shu jumladan, Eski Yakkabog‘ va Shar-Sharbog‘ot mahallalaridagi loyqa bosgan ko‘chalar, ariqlar tozalangan. Samoq, Tatar, Kaltaqo‘l va Serob qishloqlaridagi 14 elektr o‘tkazgich ustuniga sel suvlaridan zarar yetganligi aniqlanib, ustunlarni tiklash va aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash  ishlari yakunlangan.

 "Samoq-Tatar-Kaltaqo‘l" avtomobil yo‘lining sel oqimlaridan zarar ko‘rgan qismlari ta’mirlangan va loyqadan tozalangan. Shu tumanning Tatar mahallasidagi 300 xonadonga uyma-uy kirib, aholi o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yuqumli kasalliklar oldini olish, fuqarolarning qaynatilmagan ariq yoki daryo suvlaridan iste’mol qilmasligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilgan.

Aholi salomatligini asrash maqsadida seldan jabr ko‘rgan Nov, Suvlisoy va Kaltaqo‘l qishloqlaridagi 124 ta xonadonga zarur dori vositalari tarqatilgan.

Sel suvlari kirgan aholi xonadonlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 2 ta maxsus sig‘imli mashina jalb qilingan.  Tibbiyot xodimlari tomonidan 1278 ta xonadon o‘rganilib, 1891 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Imomyoqub va Alako‘ylak qishloqlarini bog‘lovchi 4K 283 "Yakkabog‘-Alako‘ylak-Shov-Dodqush" avtomobil yo‘lining 15-kilometridagi uzunligi 84 metr va eni 13 metr bo‘lgan ko‘prikning o‘ng va chap tomonlari himoya qatlamini sel suvlari yuvib ketib, suv tushadigan beton qismi (perepad)ni to‘liq oqizib ketganligi sababli, ko‘prikda og‘irlikni cheklovchi va kerakli yo‘l belgilari o‘rnatildi.

Bundan tashqari, sel suvlari Qamashi tumani hududidagi 1 ta avtomobil ko‘prigiga zarar yetkazgan. 4R-86 "Langar-Maydanak" avtomobil yo‘lining 20-kilometridagi Oqsuvdaryo daryosi ustidagi ko‘prikning qirg‘oqqa ulangan qismi yemirilib, avariya holatiga kelgan. Shu bois ushbu yo‘nalishdagi avtomobil va piyoda qatnovlar vaqtinchalik aylanma yo‘l orqali amalga oshirildi. Tuman markazi bilan Langar, Ko‘kbuloq aholi punktlari orasida avtomobil qatnovini yo‘lga qo‘yish maqsadida suv yo‘liga diametri 1000 millimetrli temir quvur ko‘milib, aylanma yo‘l tiklandi.

"Langar-Maydanak" avtomobil yo‘lining 12-, 16-, 17-, 18-, 19-, 25- va 26-kilometrlari tosh jismlaridan tozalanib, holatni bartaraf etish maqsadida tuman avtomobil yo‘llaridan foydalanish UKdan 1 ta yuklagich, 2 ta samosval, 1 ta greyder va 16 nafar ishchi hamda Langar ota ziyoratgohi ishchi xizmatchilari va aholi orasidan 32 nafar ko‘ngilli jalb etilib, tozalash ishlari yakunlandi, avtotransport vositalari qatnovi tiklandi.

Langar qishlog‘idagi 25 ta aholi xonadonining yordamchi uylariga va hovlisiga sel suvlari chiqqanligi aniqlanib, yig‘ilib qolgan har xil jismlardan, loyqadan tozalash maqsadida, tuman hokimligidan 2 nafar, tuman avtomobil yo‘llaridan foydalanish UKdan 9 nafar xodim, 1 ta greyder, 1 ta suv tashish texnikasi, 1 ta yuk tashish mashinasi jalb etildi, ko‘chalarda va aholi uylarida tozalash ishlari olib borildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, biroz avval Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy saytida ham suv toshqinlari bo‘yicha axborot taqdim etilgandi. Bildirilishicha, Chiroqchi tumanining Bog‘ishamol, Pakandi, Qahramon, Chiljivut mahallalari hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosi qirg‘og‘i yaqinida yashovchi aholining yordamchi tomorqalari toshqinlardan zarar ko‘rgan hamda Navro‘z qishlog‘ining yuqori qismidan kelgan sel suvlari jami 8 ta aholi xonadoniga toshib kirgan. Tuman ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda esa tomorqa yerlarining kadastr hujjatlari mavjud emasligi, bu yerlar noqonuniy tarzda ekin maydoniga aylantirilgani aniqlangan.

Eslatish joiz, Dehqonobod tumanidagi Oqrabot qishlog‘ida kuchli yog‘ingarchilik tufayli ko‘chki yuzaga kelib, shu hududdan o‘tgan temir yo‘l izlarining pasayishiga olib kelgani ma’lum qilingandi. Bu holatga "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ rasmiy sayti izoh berdi. Aytilishicha, o‘shanda temir yo‘lning  ustki qismini tiklash va mustahkamlash ishlariga kirishilgan, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu yo‘l vaqtincha yopib qo‘yilgandi. Hodisada hech kim jabr ko‘rmagan.

M.JO‘RAYEV