Ma'naviyat 11.01.2019 5

"SEN ERKAKSAN..."

Muallima minbari

"SEN ERKAKSAN..."

Go‘zal va farovon hayotda yashayapmiz. Yoshlarimizning ilm olishi, hunar o‘rganishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib qo‘yilgan. Ammo to‘qlikka sho‘xlik qilibmi, ayrim yoshlarimiz, ayniqsa, o‘g‘il bolalar orasida ba’zi xurmacha qiliqlar paydo bo‘layapti.

Bog‘cha bolalariyu o‘smir yigitchalardan tortib kap-katta bola-chaqali, quda-andali odamlarning bosh urishtirib ko‘rishishlariga ko‘zimiz ko‘nikib qoldi.  Ota-bobolarimiz uzoq vaqt ko‘rmagan yaqin kishisini bag‘riga bosib, kunda ko‘radigan yor-birodarlari bilan qo‘l berib ko‘rishgani haqidagi oddiygina haqiqatni ham ularga eslatib qo‘yishga to‘g‘ri kelayapti.

Yo‘lovchi mashinada yonimda o‘tirgan yigitchaga razm solaman. Zamonaviy, eng qimmat kiyimlardan kiygan. Ammo yelkasiga tushgan sochi, qo‘lidagi tillo uzuk va bo‘ynidagi zanjiri uni o‘g‘il bola emas, qizga o‘xshatib qo‘ygandi. Bozorda savdo qiladigan qo‘shnim gapirib qoldi. "Kecha bir yigitcha kelib, mendan shim savdo qildi. Pul sanayotganida qo‘liga qarasam, ishonasizmi, qo‘shnijon, tirnoqlariga "lak" qo‘yib olgan, labini ham bilinar-bilinmas bo‘yagan. Boshida qizchalar kiyadigan, tepasida po‘pagi bor oq to‘qima shapkacha. Gaplari ham allaqanday antiqa... Nozlanadimi-yey... Tavba qildim, yigit ham shunday bo‘ladimi?"

Bu yigitcha ham ertaga bir oilani boqadigan, ota-onaga suyanch bo‘ladigan, umr yo‘ldoshini himoya qiladigan, Vatan uchun bel bog‘lab xizmat qiladigan erkak bo‘lishi kerak-ku. Tashqi ko‘rinishga zeb berib, tirnog‘ini bo‘yab, qo‘lini sovuq suvga urmaydigan o‘g‘ildan mard va jasur Vatan qo‘riqchilari,  yurti uchun, yori uchun, or-nomusi uchun Alpomishdek ko‘kragini qalqon qiluvchi polvonlar chiqishiga ishonasizmi?

Kiyinish inson fe’l-atvoriga ta’sir qilishi haqida donolarimizning ko‘plab hikmatlarini uchratamiz. Hatto muqaddas kitoblarimizda ham, erkak kishining ipak matodan kiyim kiyishi, tillo uzuk taqishi ma’qul emasligi ta’kidlanadi. Shunday ekan, nega ayrim yigitlarimiz xotin-qizlar kiyadigan yaltiroq matolardan, adraslardan libos tiktirib kiyishayapti? Ularning ota-onasi nahotki o‘g‘lining qiz bolaga o‘xshab yurishidan quvonsa? Momom rahmatli: "Erkakka o‘xshashni xohlagan ayoldan, ayolga o‘xshashni xohlagan erkakdan durust odam chiqmaydi" der edi.

Ko‘chada pista sotayotgan ayol yonida saqich sotayotgan dugonasiga maqtanayotganini eshitib qoldim. "Uyga borganimda hamma narsa "gatop", xo‘jayin ovqatlarni pishirib, kirlarni yuvib qo‘yadi". U yog‘ini eshitmadim. Demak, eri ishlamay, ro‘zg‘or ishlarini qiladi. Xotin esa pul topadi...

To‘g‘ri, oila uchun er ham, xotin ham birdek mas’ul, ammo hamma narsaning meyori, chegarasi bor. Bir umr er uyda, xotin ko‘chada bo‘lishi bizning o‘zbekchiligimizga to‘g‘ri kelmaydi. Sog‘lig‘i joyida bo‘lgan erkak xotinini ishlatib, o‘zi qarab o‘tirmaydi. Bu uchun esa yigitlarimiz yoshligidan mehnatga o‘rganishi, chiniqishi kerak. Hamma balo bekorchilikdan kelib chiqadi.

Biz, ota-onalar, tarbiyachi va o‘qituvchilarda kelajak egalarini tarbiyalashda ba’zi masalalarga e’tibor yetishmayotgandek tuyuladi menga. Masalan, o‘quv dargohlarida qizlarimiz uchun maxsus to‘garaklar  ishlab turibdi, ammo o‘g‘il bolalarga-chi? Axir juda ko‘p illatlar o‘g‘il bolalardan chiqayapti-ku. To‘g‘ri, sport mashg‘ulotlari yetarli, ammo ularning tarbiyasiga, yurish-turishiga ta’sir qiladigan suhbatlarmi, to‘garaklarmi ("Belbog‘li yigitlar" deganday), zarurmikan deb o‘ylayman. Suhbatlarni erkak mutaxassislar olib borsa.

Davralarda bir gapni ko‘p takrorlab yuraman. Bu xususda ko‘p yozganman. Maktablarimizda erkak o‘qituvchilar soni kamayib ketgani ham bolalarimizning tarbiyasiga ta’sir qildi. Bir maktabda guvohi bo‘ldim. Direktor ham, uning o‘quv tarbiya ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ham, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ham ayol kishi ekan. Men ayol kishi bu ishni eplay olmaydi, demoqchi emasman. Ammo oilada otaning o‘rni qanday bo‘lsa, jamoada, xususan o‘quv dargohlarida erkak muallimlar, erkak tarbiyachilarning ham o‘rni shunday. Erkak erkakcha tarbiyaga e’tibor beradi. O‘g‘il bolalar erkak o‘qituvchilardan ibrat olib ulg‘ayadi.

Bizning ota-bobolarimiz Vatan himoyasiga otlanganda temirdan zilday sovut kiygan, etik bilan suv kechgan, "belida belbog‘i bor", mard va jasur, qo‘rqmas insonlar bo‘lishgan. Biz - onalar bugun bu ezgu qadriyatlarimizni or qadar e’zozlab kelayotgan yigitlarimizdan kuch olib, ularga  suyanib, ularning kamolini tilab yashaymiz. Yigitlik sha’ni, erkaklik or-nomusi millatimiz faxri ekanligini unutmaylik! Qizlarimiz, ayollarimiz yonlarida tog‘day qo‘rg‘oni borligidan hamisha faxrlanib yashashsin!

Bo‘ston RAHMONOVA,

O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi