Ma'naviyat 30.07.2019 64

"SENGA G‘ANIM BO‘LGAN - MENGA HAM G‘ANIM"

Mustaqillik - buyuk ne’mat

Chiroqchilik faxriy Hasan Rahmatov bilan tuman markaziy ko‘chasidan uncha uzoq bo‘lmagan xonadonga kirib keldik. Mo‘jazgina xonada karavotda yonboshlab yotgan otaxon bilan salomlashdik. "Siz yo‘qlab kelgan Shomurod Mahmanov shu kishi bo‘ladi",  dedi u. Xonadon sohibining soqollari qordek oq, ko‘zlari tiyrak, gaplari tiniq, yoshi to‘qsonga yaqinlashganga sira o‘xshamasdi. O‘ng yonidagi devorda do‘mbira, atrofini turli yillarda olingan fotosuratlar bezab turibdi. Biz bilan karavotdan tushmay gaplashayotganidan noqulaylik sezib, "o‘zim yaxshi, ammo oyoqlarimda mador yo‘q, shunga majburman", dedi nuroniy.

Bobo devorga o‘rnatilgan katta ekranli televizorga qarab, "shu mening ovunchog‘im, hamrohim, dilkash suhbatdoshim, deydi. - Kuni kecha Prezidentimizning mustaqillikning 28 yilligi bayramini nishonlash haqidagi qarorini eshitdik. Ko‘z oldimda xalqqa erkinlik, tenglik va’da qilib, ammo o‘z so‘zida turmagan, aksincha, ularga nisbatan nohaq g‘ayriinsoniy siyosat olib borgan sho‘ro tuzumi, u tufayli oilamiz boshiga tushgan mudhish voqealar, ko‘rgan azobu uqubatlarimiz keldi".

Shomurod boboning hikoyalarini eshitib, qalbim larzaga keldi, unda qizil saltanatning haqiqiy basharasi namoyon bo‘ldi.

Shomurod bobo nasl-nasabi jihatidan Chiroqchida shoir-baxshilar sulolasiga mansub. Do‘mbira chalib, dostonu termalar aytishni Rasul shoir boshlab bergan edi. Bu an’anani katta o‘g‘li Mahman davom ettirdi. Undan do‘mbirani Tog‘ay qo‘liga oldi. Sozini bulbul monand sayratib chaladigan yosh baxshi doston kuylasa tinglovchilarni sehrlab qo‘yar, davralar to‘lib ketardi.

1930-yil boshlanishi bilan ko‘p millatli mamlakatda qama-qama boshlandi. Zulm changali Chiroqchiga ham yetib keldi. "Tuzumga qarshi" niqobi ostida aybsiz-aybdorligidan qat’i nazar, ko‘p kishilar turmaga tashlanadi, biriga qamoq jazosi beriladi, yana biri uzoq o‘lkalarga surgun qilinadi.

Tog‘ayni ham kutilmaganda formali xodimlar olib ketishdi. Unga "to‘y va boshqa tadbirlarda sho‘ro tuzumini yomonlovchi termalar kuylamoqda", degan nohaq ayb qo‘yildi. Bu haqda NKVD bilan hamkorlik qiladigan bir mahalladoshi yolg‘on ma’lumot bergan edi. Tog‘ay so‘roq paytida aybsizligini isbotlashga harqancha urinmasin, foyda bermadi. 1930-yilning oxirida surgun qilingan qashqadaryoliklar chiqqan vagon Kitob temir yo‘l bekatidan siljidi. Bu vaqtda Tog‘ayning turmush o‘rtog‘i Tojixol Shomurodga homilador edi.

Poyezdda besh-olti kun yo‘l bosgan badarg‘a qilinganlar Sibirning Shartandinsk qishlog‘iga olib kelindi. Bahor kirishi bilan ularni ekin-tikin ishlariga jalb qilishdi. Ish vaqti chegaralanmagan, tongdan qosh qoraygunga qadar davom etardi, ammo berganiga qorin to‘ymasdi, hammalari yerto‘lada jon saqlardi. Shu tariqa bir yil o‘tdi. Tog‘ay bu qiyinchiliklarga bardosh berar, faqat uzoqda qolgan bolalari, ayniqsa, homilador ayolini ko‘p o‘ylardi. Bu xavotir va o‘ylar uni surgundan qochishga undadi. Bir necha sheriklarini ham bu ishga ko‘ndirdi. Ular orasida Chiroqchi va Yakkabog‘dan ham odamlar bor edi. Bir kecha tunda, hamma uyquda bo‘lgan paytda ular qishloqni tark etishdi. Tog‘ay bir necha kunlardan so‘ng eson-omon Chiroqchiga qaytib keldi. Bolalarini sog‘-salomat ko‘rib xursand bo‘ldi. Tojixolning ko‘zi yoriganiga besh-olti oy bo‘lgan ekan, farzandiga Shomurod deb ism qo‘yishibdi. Tog‘ay uzoq vaqt ko‘zga ko‘rinmay, to‘y-ta’ziyalarga bormay yurdi. Faqat tunda sog‘inib qolgan do‘mbirasini qo‘lga olib, o‘zi bilgan dostonlardan parchalar kuylar, yangi termalar aytardi.

SHo‘rolarning, hatto sharpalarni sezadigan "quloq"lari ko‘p edi. Bir kuni tunda maxsus xizmat xodimlari kelib, Tog‘ayni yana olib ketishdi. Badarg‘a qilingan joydan qochganligi uchun faqat uni emas, barcha oila a’zolarini ham qattiq jazolashib, yashash joyidan surgun qilish bo‘yicha qaror qilindi. Hatto, hali bir yoshga to‘lmagan Shomurodni, uni ko‘krak suti bilan boqayotgan onasi Tojixolni ham ayab o‘tirishmadi. Er-xotin besh nafar farzandi bilan poyezdga chiqarildi. Tog‘ayning ko‘ziga balodek ko‘ringan - yana o‘sha Shartandinsk qishlog‘iga kelishdi. Qishloqning atrofini o‘rmon, ekinzorlar o‘rab olgan, juda go‘zal manzara. Ammo Tog‘ayning yuragiga qil ham sig‘maydi, bu go‘zallik unga tatimaydi. Bu yerga surgun qilinganlar uchun maxsus yerto‘lalar qurilgan. Ulardan biriga Tog‘ay oilasi bilan ko‘chib kirdi. Uni darhol dalaga, ishga chiqarishdi. Bu yerning tuprog‘i, ob-havosi faqat kartoshka, piyoz, sabzi yetishtirishga yaroqli edi.

Yoz qisqa bo‘lib, tez o‘tib ketdi. Birinchi qish juda qiyin kechdi, ayniqsa, bolalar ko‘p qiynalishdi, tez-tez shamollab turishdi, ular bu yerning ob-havosi, sharoitiga moslasha olmadilar. Lekin yashashga majburlar. 1 sentabrda Tog‘ayning farzandlari - Ibrohim, Rahim, Umbar va Davlat shu qishloqdagi maktabga o‘qishga borishdi. Ular harf tanishni, o‘qishni ona tilida emas, rus tilida o‘rganishni boshlashdi. Bir yil o‘tar-o‘tmas oila boshiga musibat tushdi. Ko‘krakdan hali uzilmagan Shomurodni tashlab, onasi Tojixol jon berdi. Keyin birin-ketin Rahim, Umbarni tuproqqa qo‘yishdi, ular hali o‘n yoshga ham yetmagan edi. Tog‘ay bunday qismat zarbidan ancha vaqtgacha o‘ziga kela olmadi. Endi atak-chechak bo‘layotgan Shomurod qarovsiz qoldi. Tog‘ay taqdir taqozosi bilan bu yerga kelib qolgan shahrisabzlik bir juvonga uylandi. U ham Shomurodni tarbiyaladi, ham bir yil o‘tib, Tog‘ayga bir qiz hadya qildi. Unga Sibiriya deb ism qo‘yishdi.

Shomurod yetti yoshga to‘lgach, maktabga bordi. Uning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yo‘q edi. Otasidan so‘rab-surishtirmasdan sinf rahbari jurnalga Shomurodni ruscha familiya - Tumanov Aleksandr deb yozib qo‘ydi, u o‘n yil shu familiyada yurdi.

1939-yilda Tog‘ayning to‘ng‘ich o‘g‘li Ibrohimni harbiy xizmatga chaqirishdi, ammo oilaga qaytib kelmadi. Keyinchalik uning ikkinchi jahon urushi boshlangach, fashistlar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lganligi haqida qoraxat keldi. 1942-yilda Tog‘ayni ham frontga jo‘natishdi. G‘alabadan so‘ng ikkinchi vatani bo‘lib qolgan Shartandinsk qishlog‘iga qaytdi. Bu vaqtda uning farzandlaridan faqat Shomurod qolgan edi. Xotini, Shomurod va qizi Sibiriya bilan o‘sha uzoq o‘lkada yashashda davom etdi. Uning yagona maqsadi va orzusi ular bilan kindik qoni to‘kilgan Vataniga qaytish edi. Bir kuni qo‘liga qog‘oz va qalam olib, istagini qondirishni so‘rab, "xalqlar dohiysi" Stalinga xat yozdi, javobini umid bilan kutdi. Nihoyat, 1948- yilda oilaning O‘zbekistonga - Chiroqchiga qaytishiga ruxsat berildi. Tog‘ay Mahmanovning quvonchi cheksiz edi. Faqat xotini, uch farzandining xoki begona yurtda qolayotganidan o‘kindi. So‘nggi kuni qabristonga borib, ular haqiga duoi fotiha o‘qidi. O‘sha yilning kuzida oila a’zolari bilan ham quvonch, ham qayg‘u-alam bilan Shartandinsk qishlog‘idan jo‘nab ketdi.

Tog‘ay Mahmanov yurtiga qaytib kelgach, yana qo‘liga sevimli do‘mbirasini oldi. O‘g‘li Shomurod bilan birga turli davrayu tantanali marosim, ma’rakalarda dostonlar ayta boshladi. Ilhom bilan termalar kuylab, davralarni qizitdi, muxlislariga zavq-shavq bag‘ishladi. Otasi bilan doimo birga yurish Shomurodga baxshilik va badihago‘ylik sirlarini puxta egallashga yordam berdi.

90 yoshdan oshgan Tog‘ay shoir, o‘g‘li Shomurod bilan vidolashar ekan, "O‘g‘lim, mening ishimni davom ettir, do‘mbiram senga yodgorlik bo‘lib qolsin", deb vasiyat qildi. Shunga ham qirq uch yil bo‘libdi.

Shomurod shoir Tog‘ay o‘g‘li padari buzrukvori vasiyatiga amal qilib, ota kasbini davom ettirdi. Nafaqat to‘y-tomoshalarda, baxshi-shoirlar ko‘rik-tanlovlarida ham qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab keldi. Uning repertuarida oilasi   boshiga tushgan musibatlarning sababchisi - mustabid tuzumni qoralovchi, istiqlol kunlari kelishiga  ishonch, Vatan tuyg‘usi jo‘sh urgan termalar asosiy o‘rinni egalladi. Qattol tuzum gumashtalari, ayg‘oqchilariga qarata

Qo‘llarimni boylading,

Avaxtaga haydading,

Tor xonaga joylading,

Ko‘klamagin Mekkamchol

kabi misralarni yaratdi. Istiqlol kunlari albatta kelishiga ishonch bildirdi:

Omon-omonga kelur,

Omad - loyman-a kelur,

Odil  zamona kelur.

Mustaqillikka erishgan Vatanimizning sha’niga samimiy jo‘shqin qasidalar to‘qidi:

Senga g‘anim bo‘lgan - menga ham g‘anim,

O‘lanlarim - yurakdagi zabonim,

Omon  bo‘lsin suyanganim - suyganim,

Tinchlik qasri - mehribonim Vatanim.

Ona Vatan, senga bo‘lsin sharaf-shon,

Ta’rifingni kuylar Qashqa, Zarafshon.

Tuprog‘ingni ko‘zga qilay to‘tiyo

Sadqa bo‘lsin sening uchun jonu tan.

Sho‘ro zamonida erki toptalgan, vatanidan yiroqda har bir kuni azob-uqubatda, yurtini qo‘msab o‘tgan Tog‘ay shoir, uning o‘g‘li Shomurod baxshi ijodi mustaqillik tufayli qadr topdi. 2000-yilda Shomurod shoir Tog‘ay o‘g‘liga O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi faxriy unvoni berildi.

- Davlatimiz mustaqil bo‘lganiga 28 yil to‘layapti. O‘tgan yillarda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga shohid bo‘ldik, - deydi Shomurod shoir.   - Faqat hur, ozod xalqgina ana shunday ishlarga qodir bo‘ladi. Keyingi uch yilda esa mamlakatimiz hamma sohada shahdam qadamlar bilan borayapti, iqtisodiyot bo‘ladimi, ijtimoiy rivojlanish bo‘ladimi, ishlarimiz shiddatli tus olmoqda.

Bu nurafshon, saodatli kunlar uchun qancha millatdoshlarimiz jon berishdi, surgunlarda azob chekishdi. Bugungi dorilomon kunlar ular orzusi edi. Shunday ekan, istiqlolimiz bergan har ne’matning qadriga yetib, shukrona qilaylik.

Mo‘min AZIZOV,

tarixchi-jurnalist