Ma'naviyat 16.07.2019 236

SERIAL O‘RNIGA... ROLIK

Oila - ma’naviyat va axloq beshigi

SERIAL O‘RNIGA... ROLIK

Bu oilaviy ajrimlarning oldini olishga qodirmi?

- Qaynonam va qayinsinglim bilan kelisholmay ota uyiga ketib qolgan edim, - deydi Qarshi shahrilik Sh.R. -  To‘g‘risi, boshida hamma aybni ulardan, ayniqsa qayinsinglimdan qidirdim.  U bilan o‘zimni solishtirib, oshxona ishlariga orqayin bo‘ldim. Tez-tez u bilan janjallashib, otamning uyiga ketib qolaverdim. Oxir-oqibat oilamizga darz ketdi. Ajrashadigan bo‘ldik. Keyin bilsam, bu ishim mutlaqo noto‘g‘ri ekan.   Va turmush o‘rtog‘im, qaynonam va qayinsinglimdan uzr so‘radim. Bu borada o‘z nasihatlarini ayamagan, oilamizni saqlab qolish uchun jonkuyarlik ko‘rsatgan yarashtiruv komissiyasi a’zolaridan minnatdorman. Shuni anglab yetdimki, hech bir inson oilasiz baxtli bo‘la olmaydi. Men bugun chin ma’noda baxtli insonman, turmush o‘rtog‘im yonimda, farzandim bag‘rimda, oilam but.

Darhaqiqat, oiladagi  notinchlik, ajrimlar sabab faqat er-xotin aziyat chekmaydi. Bunday holatlarda o‘sha oila farzandlari - ertamiz egalari bo‘lgan yoshlar kamoloti ham so‘roq ostida qoladi. Aynan shu jihat har bir oilaning ravnaqi mamlakat taraqqiyotiga daxldor ekanini anglatadi.

Shuning uchun ham mamlakatimizda oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha muntazam chora-tadbirlar amalga oshirilib, ajrimlar kamayishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. 

Viloyat yarashtirish komissiyasi tomonidan olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida esa joriy yilning o‘tgan davrida ajrim yoqasiga kelib qolgan 2111 oilaning 1578 tasi yarashtirildi. 533 tasi doimiy nazoratga olinib, ularni murosaga keltirish choralari ko‘rilmoqda.

Oila notinchligiga sabab bo‘layotgan omillardan biri noqonuniy nikoh bo‘lib, bunday holat bo‘yicha aniqlangan 1152 juftlikning nikohi rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, komissiya tomonidan 26 nafar kollej, hatto maktab o‘quvchi qizlarining erta turmushga chiqishi oldi olindi. "Qaynonalar kengashi", "Buvijonlar maktabi" va jamoatchilik nazorati guruhlari bilan hamkorlikda qo‘ni-qo‘shni janjallari, ish joylaridagi kelishmovchiliklar joyida hal qilib borilmoqda. Ko‘rilayotgan choralar natijasida 2019-yilning 1-iyuliga qadar 57 ta holatda jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etilishining oldi olindi.

- Ushbu oilalarni tiklash uchun o‘sha hududlardagi namunali oilalarni ibrat sifatida ko‘rsatdik, uzoq yillar chiroyli hayot kechirib kelayotgan oila sohiblari tashrifini uyushtirdik, - deydi viloyat yarashtirish komissiyasi raisi Abdusalim Shovriqov. - Tan olish kerak, o‘rganishlar oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sog‘lomlashtirishning samarali mexanizmlarini yaratishga to‘sqinlik qilayotgan qator omillar ham mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, bugun yoshlarimizning oila qurishida zarur huquqiy, iqtisodiy, tibbiy, ma’naviy-ma’rifiy, psixologik, jinsiy, axloqiy bilim va ko‘nikmalari pastligi, mustaqil hayotga tayyor emasligi, ro‘zg‘or yuritishga uquvsizligi sezilib qolmoqda.

O‘rganishlarga ko‘ra, er yoki xotinning ishsizligi, ayrim oilalarning uy-joyga ega emasligi, farzandlar tarbiyasidagi noqisliklar, erkak yoki ayolning jinoyatga qo‘l urgani, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar - bular oilaviy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Shundan kelib chiqib, komissiya va ishchi guruhlari uyma-uy yurish orqali og‘ir turmush sharoitida yashayotgan va bu o‘z navbatida oilada notinchlik kelib chiqishiga asosiy sabab bo‘layotgan holatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. Xususan, 431 oilaga komissiya tavsiyasiga asosan uy-joy berilgan va notinchligi bartaraf etilgan. Notinch oilalarda istiqomat qilayotgan 1576 nafar kasalmand xotin-qizlarga tibbiy yordam ko‘rsatilib, 2062 nafari ish bilan ta’minlangan va ularga 1 milliard 964,4 million so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi.

Albatta, har oilada turfa kelishmovchiliklar uchrab turadi. Gap - o‘sha nizoning jiddiy tus olishiga yo‘l qo‘ymaslikda. 

- Bugun ayrim qaynonalarimiz nazarida hammaning kelini xizmatni, hurmatni do‘ndirib qo‘yayaptiyu, uniki esa hech narsaga ulgurolmayapti, degan fikr yuradi. Buning ustiga kelinning qilgan ishidan kir axtarib, unga dashnom beradi, - deydi Qarshi tumanidagi Yertepa mahalla fuqarolar yig‘ini Qaynonalar kengashi raisi Bo‘ston Rahmonova. -  Avvalo, mana shunday qaynonalar o‘ylashi kerak: "Shu kelin bechoraning bittagina joni bor, oilada ko‘pchilik bo‘lsak, ehtimol shuncha odamning xizmatiga ulgurmayotgandir, buning ustiga xonadonimizga yangi mehmon, bizdagi odatlarni, oila a’zolarining fe’l-atvorini hali tushunib ololmagandir" demaydi. Oqibat esa bir kuni kelinning bardoshi tugab, ish katta mojaroga aylanadi. Hatto ayrim hududlarda komissiya tomonidan yarashtirilgan oilalarni qaynonalar qayta ajratib yuborishi kuzatilayotir. Shu bois oilada ayollar uchun o‘quvlar tashkil etilsa, televideniye orqali seriallar o‘rniga qaynona-kelin munosabatlari to‘g‘risida videorolik va filmlar namoyish etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Darhaqiqat, oilani mustahkamlashga xonadonning har bir a’zosi javobgar. Qaynonalar ham, kelinlar ham, ota-o‘g‘illar, qudalar ham bir-birlarining xatolaridan fojia yasamay, oilani asrab qolish uchun astoydil harakat qilsalar, bunday xonadon chinakam mehr-muhabbat maskaniga aylanadi.

Shohista BOZOROVA