Qishloq xo'jaligi 11.01.2019 192

SHAFFOF GUMBAZ OSTIDA: YETTI YOLG‘ON, YETTI CHIN...

Jurnalist kasbini o‘zgartiradi

SHAFFOF GUMBAZ OSTIDA: YETTI YOLG‘ON,  YETTI CHIN...

Yangi 2019-yil rejalarini birma-bir xayolidan o‘tkazayotganlar orasida "bayram arafasida yarmarkadan pomidoru bodringni shuncha pulga sotib oldim-a, bu yil bayram dasturxoniga o‘zimning issiqxonamdan uzib chiqmasammi?!", degan issiq-issiq niyatlarni diliga tukkanlar ham ko‘pchilik bo‘lishi tabiiy. Ularga niyatlari muborak va albatta ijobat bo‘lsin, deymiz.

Va bemalol niyatni yanada kattaroq qilishlarini so‘raymiz. Ya’ni nafaqat xonadonidagi bayram dasturxoni uchun, balki bozor uchun ham mahsulot yetishtirib, xaridorlarning duosini olish barobarida daromadning "dada"siga ega bo‘lishni maqsad qilishsin.

Bu borada ekspertimiz, yosh bo‘lsa-da, malakali agronom va tadbirkor Umarjon Qosimovning eksklyuziv tavsiyalariga quloq tutamiz. Vohamizning ko‘pgina tomorqachilariga nomi yaxshigina tanish bo‘lib qolgan Umarjon asli Andijon viloyati, Asaka tumanidan. Mustaqillik tengdoshi. Bir necha yildan beri issiqxona biznesi bilan shug‘ullanadi. Qashqadaryoda (Mirishkor, Kasbi, Qarshi, G‘uzor va Yakkabog‘ tumanlarida) besh yildan beri tomorqa va katta maydonlarda issiqxona qurish, sifatli ko‘chat bilan ta’minlash, tomorqachilarga maslahat berish faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Ochig‘ini aytsam, Umarjon - mening ustozim. U o‘tgan yili 1 sotix maydonda ixchamgina issiqxona qurib berdi. Unda ertachi pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri yetishtirish sirlarini o‘rgatdi. Hozir ham "Telegram" orqali dehqonchilikka oid maslahatlar berib turadi. Bularni bejizga ta’kidlayotganim yo‘q. "Boshdan o‘tkazgan tabib", deydilar-ku. Quyida keltiriladigan tavsiyalarning yurakka ham, cho‘ntakka ham xush yoqadigan samaralariga o‘tgan bir yarim yillik muddat davomida shaxsan o‘zim guvoh bo‘lganman.

Demak, tomorqasida issiqxona qurib, pomidor va bodring yetishtirish niyatida bo‘lib, bunga hadik bilan yondashadiganlar o‘zlarini o‘zlari qanday aldashadi? Va mutaxassisning bunga javoblari qanday?

1-YOLG‘ON: "BU MENING QO‘LIMDAN KELMAYDI..."

Qiziq-da, o‘zi urinib ham ko‘rmagan odam ish boshlayotgan kishini  aynitish payida bo‘ladi: "Bo‘lmaydi, buni qiladigan o‘zining odamlari bo‘ladi, sen bilan menga to‘g‘ri kelmaydi, ana, palonchi bir kechada sovuqqa oldirib qo‘ydi, million-million xarajatiga kuydi..."

Bu borada tasavvur hosil qilishning eng oson yo‘li mana bunday. Ishonavering, bu faoliyat qoramol boqishdan o‘n karra osonroq. Vaqtida issiqlikni, suvni, o‘g‘itni bersangiz, vaqtida shamollatsangiz bas. Qolaversa, "chorvaniki - qirq yilda, dehqonniki - bir yilda", degan gaplar ham bor... Molga yoz bo‘yi yem-xashak jamg‘arasiz. 1 sotix yerga molxona va somonxona joylashtirgandan ko‘ra shu maydonda issiqxona qursangiz, bir mavsumda bundayroq to‘rt ho‘kizning daromadiga ega bo‘lasiz.

Qarshi tumanidan bir tomorqachi ayolni yaxshi bilaman. To‘rt yil ilgari bolalari bilan qo‘shnilarining ishlarini qilib berib, tirikchilik qilardi.  Hozir o‘n sotix issiqxonasida ko‘chat yetishtiradi, endi u qo‘shnilarini yollab ishlatayapti.

2-YOLG‘ON: "QURISH XARAJATLARI QIMMAT, QOPLAMAYDI..."

Bu ham yolg‘on tasavvurlardan biri. Agar to‘rt million so‘m mablag‘ingiz bo‘lsa, bir sotix maydonda o‘zingiz issiqxona qurib, yopib olishingiz mumkin. Qo‘lbola isitish va tomchilab sug‘orish tizimi xarajatlari ham shuning ichida. Issiqxona uchun mo‘ljallangan maxsus plyonka 3 yildan keyingina almashtiriladi. Qurilish xarajati bir mavsumning o‘zidayoq qoplanib, yaxshigina foyda ham qilasiz.

Darvoqe, yakunlanayotgan yilda ochiq maydondagi pomidor va bodringni garmsel urib ketganidan xabaringiz bor. Yozning o‘zida hech qanday tashvishsiz, yoqilg‘iyu o‘g‘itsiz issiqxonada yetishtirilgan pomidorning narxi 2 ming, bodringniki esa 1,5 mingdan tushmadi. Bu 1 sotix joydan yana o‘rtacha 2,5 million foyda degani.

Hozir issiqxona qurish uchun bankdan yillik 7 foizli kreditlar berilayapti. Shu yo‘ldan borsangiz, quruvchilar 6 million so‘mga 1 sotix issiqxonani tayyor holda "kaliti bilan" sizga topshirishadi. 11 million so‘mga esa - zamonaviy isitish tizimi bilan.

Bu borada bir-ikki tavsiyani aytib o‘tsam. Unutmang, issiqxonada eng muhim tushunchalar - bu harorat, namlik, yorug‘lik va atmosfera bosimi. Negadir ko‘pchilikda "parnik"ni qanchalik past qursam, issiqroq bo‘ladi, degan tushuncha bor. Bu ham noto‘g‘ri tasavvur. Tepa qismdagi plyonka muzlaganida sovuqni pastga o‘tkazib yuborishi mumkin. Bundan tashqari baland qurilgan issiqxona yorug‘roq bo‘ladi.

3-YOLG‘ON: "MENING TOMORQAMDAGI TUPROQ TO‘G‘RI KELMAYDI..."

Bu ham bekor gap. Shag‘al va qumda ham, kerak bo‘lsa, asfaltning ustida ham mahsulot yetishtirish mumkin. Xaltaga tuproq va go‘ngni aralashtirib solsangiz bas. Qurilish chiqindilari, g‘isht siniqlari orasida ham pomidor yetishtirganmiz. Hatto sho‘rxok va zax yerlar uchun mo‘ljallangan maxsus navlar bor. Yaqinda bir kishi "tuprog‘imiz "saqqiz" (qizil), betonday qotib qoladi, bemalol tandir yasasa bo‘ladi", dedi. Qizig‘i, aynan shu tuproqda yetishtirilgan pomidorning mazasi boshqacha bo‘ladi.

4-YOLG‘ON: "KO‘P SUV KERAK... SUG‘ORISH MUAMMO BO‘LADI..."

Bir sotix yerga 300 tup pomidor niholi qadalsa, dastlabki paytlarda har tupga bir litrdan 300 litr suv tomchilatib beriladi. O‘rtacha 20 kunda bir sug‘oriladi. Keyinroq tupiga 3 litrdan beriladi. Mavsum davomida ko‘pi bilan 4 tonna suv sarf bo‘ladi. Bu sizga bor-yo‘g‘i 50 000 so‘mga tushadi.

Tarkibini maxsus laboratoriyalarda tekshirtirib, yer osti suvlaridan ham foydalanishingiz mumkin.

Aytgancha, tomchilab sug‘orish tizimi unchalik katta xarajat talab qilmaydi. Qolaversa, bu tizim o‘rnatilgan bo‘lsa, ekin tagini chopiq qilishga aslo hojat qolmaydi. Qaytaga chopiq qilinganida o‘simlikning mayda ildizlariga zarar yetkazib qo‘yishingiz mumkin.

5-YOLG‘ON: "KO‘P YOQILG‘I YONADI. XARAJATI HAM CHIQMAYDI..."

Bodringga plyus 15 dan yuqori, pomidorga boshlanishida 15, keyinroq 10-12 daraja issiqlikni ta’minlash kerak. Gaz bo‘lsa-ku, yaxshi. Ammo uning ta’minotida uzilish bo‘lmasligiga kafolat bormi? Xullas, undan boshqa sharoitda ko‘mirdan yaxshiroq yoqilg‘i yo‘q. Tarasha, "tezak" va "chalma" singari mahalliy yoqilg‘ilar haroratni ko‘mirday bir meyorda ushlab tura olmaydi. Bir mavsumda o‘rtacha 1,5 tonna ko‘mir bir sotixli issiqxonani isitish uchun yetarli. Albatta, asosiy plyonkadan tashqari yana ikki qavatli "termos usuli"da yopilgan, dudburonlarga maxsus tutun tortgich moslamalar o‘rnatilgan sharoitda...

Ko‘mirning kukunini ham aslo tashlab yubormang. Qo‘lbola sharoitda tayyorlangan "briket" hatto muzlagan holda ham salkam ko‘mirday samara beradi.

6-YOLG‘ON: "MAHSULOTNING TURGAN-BITGANI - "XIMIKAT"

Mashhur filmda aytilganiday bu - "g‘iybatchilarning g‘iybati". Xorijda shundoqqina qum yo suvning o‘zida yoki kokos po‘choqlari orasida mahsulot yetishtirishayapti. Ana uni "ximikat" desangiz bo‘ladi. Insofi bor tomorqachi mineral o‘g‘itlardan meyorida foydalanadi. Masalan, "azot" issiqxonada umuman qo‘llanilmaydi.

Aslida tuprog‘imizning o‘zi - mo‘jiza. Mahalliy o‘g‘itning xosiyatlarini aytmaysizmi?! Agar mineral o‘g‘itdan bir gramm qo‘llamaganingizda ham o‘simlik o‘ziga kerakli oziqani yerdan olaveradi. Biroq issiqxonadan maqsad tezroq va ko‘proq hosil olish bo‘lganidan keyin  o‘simlikka madad bo‘ladigan fosfor va kaliyli o‘g‘itlar, magniy, bor, rux singari mikroelementlarni tegishli miqdorda yetkazib berishingiz zarur. Mavsum davomida aytaylik, 1 sotix maydondagi pomidor uchun qishda ishlatiladigan mineral o‘g‘itlar ekin ekilganidan hosil terilguniga qadar  besh-olti kilogrammdan oshmaydi.

 "Aptekachi"ning maslahati bilan dehqonchilik qilish yaramaydi. U ham dorisini o‘tkazishni biladi. Masalan, issiqxonada bodringning gul tashlaydigan davri bor. Bu - tabiiy jarayon. Shunda tomorqachilar hovliqib agrodorixonaga yugurishadi. Sotuvchiga nima, mana shuni seping, deb qo‘liga bir narsalar tutqazadi. Aslida ulardan zig‘ircha ham naf yo‘q.

Darvoqe, hamisha "ximikat"ga ruju qo‘yavermasdan bu borada ham kerakli o‘rinda "xalq tabobati"ga murojaat qilish kerak.

Ishonasizmi-yo‘qmi, mumtoz musiqa ham hosildorlikni oshirishga katta yordam beradi. Musiqalarni tanlab yozdirib borib, Yakkabog‘da buni sinab ko‘rganmiz.

7-YOLG‘ON: "ODAMLAR GEKTARLAB "PARNIK" QILISHAYAPTI. MENING MAHSULOTIM BOZORDA KETMAYDI..."

Bu mahsulotni qachon chiqarishingizga bog‘liq. Yangi yil arafasida pomidor yoki bodringni yaxshiroq narxda sota olasiz. Biroq yanvarda bu borada bozoringiz kasod bo‘lishi tayin. Hatto fevralning o‘rtalarigacha ham odamlar "svejiy" pomidor o‘rniga bankadagi tuzlamalarni ma’qul ko‘rishadi. "Ilik uzildi" boshlangach, aniqrog‘i mart va aprel oylarida xaridor rastada turgan pomidor yo bodring yonidan tamshanmasdan o‘tib keta olmaydi. Bu bizning marketinglarimizda ko‘p bora o‘z isbotini topgan. Yilning salatga eng ko‘p ehtiyoj seziladigan davri mana shu oylarga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, siz hatto Yangi yildagidan ikki barobar balandroq narxda mahsulotingizni sota olasiz.

"Gektarlar" sizni aslo tashvishlantirmasin. Hali-beri ular ichki bozorimizni to‘liq ta’minlashga ulgurmaydi. Qolaversa, bu yoqda eksport ham bor. Bu borada sizga agrofirmalar yordam berishi kerak. Ana, vodiylik tadbirkorlar bir necha yildan beri vohangizda uyma-uy yurib, mahsulot yig‘ib, Rossiyaga jo‘natishayapti.

Darvoqe, "parnik" mahsuloti deganda faqat pomidor mevasini tushunmaslik kerak. Hatto uning "chiqindi"si - bachkisidan ko‘chat tayyorlab ham yaxshigina daromad qilish mumkin. Bu hech qanday xarajat talab qilmaydi.

Daromad deysizmi? Oddiy arifmetika: suv, o‘g‘it, yoqilg‘i va boshqa xarajatlarni chiqarib tashlasangiz, 1 sotixdagi pomidor (300 tup)ning har biridan kamida 5 kilodan meva (ha, pomidor sabzavot emas, meva hisoblanadi) olsangiz, 1500 kilo mahsulot o‘rtacha 8-10 mingdan sotilganida ham 15 million so‘m atrofida bo‘ladi.

***

Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirishimiz mumkin. "Meni andijonlik hamkasblarim xushlashmay qo‘yishgan, - deydi Umarjon qo‘shimcha qilib. - "O‘rgatmang, bilishmasin!", deyishadi hazil-chin aralash. Nega o‘rgatmaslik kerak ekan? Uyda bobom shu ish bilan shug‘ullanardi, so‘ng AQShda mazkur sohaga o‘qib kelgan shahrixonlik mohir agronomdan o‘rgandim,  keyinroq Janubiy Koreya va germaniyalik malakali mutaxassislar seminarlariga qatnadim...  Men sizga bilganimni aytsam, siz ham irim qilib, isiriq tutatib, ko‘zmunchoq osib, yashirib o‘tirmasdan, "parnik" eshigini ochib qo‘yib, qo‘shningizga ko‘rsatsangiz, u qarindoshiga... Buning savobiga nima yetsin! Bozor obod bo‘ladi. Ro‘zg‘or obod bo‘ladi. Ish o‘rni yaratiladi. Xorijga ish izlab chiqadiganlar soni kamayadi. Do‘xtirga ham, muallimga ham,  "shopir"ga ham, hokimga ham... qo‘shimcha daromad manbai yaratiladi..."

Mutaxassis barchani o‘tgan bayram bilan qutlar ekan, endi ish boshlashni rejalagan havaskor     tomorqachilarga "ilohim, joriy yilda ham Yangi yil bayrami arafasida yarmarkaga chiqing!", deya tilak bildirdi. Faqat bu safar "birinchi qo‘l" - tomorqachi dehqon sifatida, sarxil mahsulot bilan!

Nuriddin EGAMOV