Jarayon 13.09.2019 47

SHAHRISABZ TUMANIDA IKKITA MIKROGES QURILADI

Investitsiya loyihalari

"O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati 2020-yilning oxirigacha viloyatimizda ikkita yangi mikroGESni qurib foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda. Ularning umumiy quvvati 2260 kilovattga teng bo‘lib, qurilish xarajatlari 1 million 460 ming AQSH dollarini tashkil qiladi.

Aksiyadorlik jamiyatidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, 2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi doirasida Qashqadaryoda qurilajak bu mikroGESlarning ikkalasi ham Shahrisabz tumani hududida - sobiq "Oqsuv" kichik gidroelektrstansiyasida va "Hisorak GES" unitar korxonasi qoshida bunyod etiladi.

"Oqsuv" mikroGESining hisob-kitob quvvati soatiga 1260 kilovattni tashkil qilib, loyiha qiymati 760 ming dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda. U yerda suv oqimi rejimining davomiyligi bir yilda 10 oydan iborat deb baholanmoqda. Hisorak gidroelektrstansiyasi qoshida quriladigan mikroGESda mazkur ko‘rsatkich 6 oyga teng bo‘lib, quvvati 1000 kilovattga yetishi nazarda tutilgan. Ushbu inshootni barpo qilishga 700 ming dollar miqdorida investitsiyalar yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda.

O‘tgan oyning oxirida "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati viloyatimizda quriladigan bu ikki obyekt uchun gidroenergetik asbob-uskunalar, shu jumladan, gidroturbinalar va gidrogeneratorlar, shuningdek, mikroGESdagi texnologik jarayonlarning avtomatlashirilgan boshqaruv tizimi jihozlarini sotib olish bo‘yicha eng yaxshi takliflar tanlovini e’lon qildi. Unda g‘olib chiqqan kompaniyalar zimmasiga moliyalashtirish amalga oshirilgan kundan boshlab 8 oy ichida asbob-uskunalarni olib kelib o‘rnatish va montaj qilish, shuningdek, mahalliy mutaxassislarni o‘qitib, mikroGESni ishga tushirish va sinovdan o‘tkazish majburiyati yuklanadi.

Umuman olganda, mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida respublika miqyosida mikroGESlar qurish bo‘yicha jami 19 ta pilot (tajriba) loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning umumiy hisob-kitob quvvati 10 ming kilovattdan ortiq. Qurilishiga jami 12 million dollardan ziyod mablag‘ ajratiladi. Joriy yilning to‘rtinchi va kelgusi yilning uchinchi-to‘rtinchi choraklarida Farg‘ona viloyatida bitta, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida ikkitadan, Jizzaxda uchta, Samarqandda beshta, Andijon viloyatida esa oltita mikroGESni ishga tushirish mo‘ljallanmoqda.

Birodar AZIZOV