Madaniyat 04.10.2018 258

SHAHRISABZDA ILK BOR YEVROPA KINOSI FESTIVALI BO‘LIB O‘TDI

Taqdimot

SHAHRISABZDA ILK BOR YEVROPA KINOSI FESTIVALI BO‘LIB O‘TDI

28-30-sentabr kunlari Shahrisabz shahridagi madaniyat saroyida Yevropa kinosi festivali bo‘lib o‘tdi. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan “O‘zbekkino” milliy agentligi bilan birgalikda, viloyat hokimligi ko‘magida tashkil etilgan festival doirasida dunyoning yetti mamlakati – Belgiya, Latviya, Sloveniya, Shveytsariya, Finlyandiya, Chexiya va Vengriyaning mashhur kinokartinalari kinotomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Tadbir avvalida Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays va Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi missiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Mikaela Pospisilova, Vengriyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Erika Tos, shuningdek, mahalliy hokimlik mutasaddilari, “Respublika kinoprokat markazi” DUK viloyat filiali vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda elchi Eduards Stiprays ushbu festival O‘zbekistondagi kino ixlosmandlari e’tiborini o‘ziga jalb etishi, bu yil festival geografiyasi kengayib, filmlar Shahrisabz va Farg‘ona shaharlarida ham namoyish etilayotganini qayd etdi. Kino qiziquvchilari va ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar qaytarildi.

Festival chexiyalik rejissor Rudolf Xavlikning “Emma uchun afsonalar” kartinasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng oilaviy va o‘smirlarga mo‘ljallangan “Kompyuterdan xavfliroq bobo” (Latviya), “Bubul” (Shveytsariya-Belgiya), “Onam va boshqa aqldan ozgan qarindoshlar” (Vengriya), “To‘rt element” (Finlyandiya), “Qo‘ying, basketbolchi bo‘lsin!” (Sloveniya), “Telbalarcha oshiq” (Shveytsariya) kabi filmlar namoyish etildi.

- Yevropa kino festivali o‘zbek tomoshabinlarini ko‘hna qit’a kino sanoatida yangi ishlangan filmlar bilan tanishtiradi, - deydi “Respublika kinoprokat markazi” DUK viloyat filiali rahbari Erkin Jo‘rayev. – Viloyatimizda ilk bor o‘tayotgan ushbu qamrovli tadbirda barcha filmlar suratga olingan original tilida, o‘zbek va rus tillaridagi titr bilan namoyish qilindi. Barcha tomoshalarning bepul ekani aholiga ham birday ma’qul bo‘ldi, deb o‘ylayman.

N.XO‘JAYEV