Ma'naviyat 09.08.2019 85

SHE’RIYATGA OSHNO QALBLAR SADOSI

Ko‘rik-tanlov

Qarshi shahridagi madaniyat va aholi dam olish markazida "She’riyatga oshno kishi aslo kam bo‘lmaydi" shiori ostida "Mahalla raislari o‘rtasida she’rxonlik" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida eng ulug‘, eng aziz bayram - O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 28 yilligi  oldidan tashkil etilgan ushbu tanlovda shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan mahalla raislari ishtirok etdi.

Dastlab yig‘in raislari o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini yoddan o‘qib, iste’dodlarini namoyish etishdi. Tanlovning ikkinchi shartida esa qatnashchilar o‘zlari istagan zamonaviy o‘zbek va jahon she’riyati durdonalari hamda o‘z ijodlaridan namunalar o‘qishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Chiroqchi tumanidagi Beshbuloq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Allado‘st Ro‘ziyev g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

- She’riyat - inson ruhiyatining kundaligi, deyishadi, - deydi Allado‘st Ro‘ziyev. - O‘zim ham ijod qilib turaman. She’rlarim "Qashqadaryo bayozi"da, shuningdek,  turli gazeta va jurnallarda chop etilgan. Yig‘inimizda ham o‘ziga xos ijod muhiti yaratilgan. Bu, o‘z navbatida, 12 yildan buyon mahallada odamlar bilan muloqotda, ularning muammolarini bosiqlik bilan hal etishda, fuqarolar bilan hamnafaslikda, til topishib ishlashimga ham foyda berayapti.

Shohista BOZOROVA

Muallif olgan surat.