Qishloq xo'jaligi 08.10.2019 30

SHIFOSI HAM, DAROMADI HAM BISYOR

Anor eng foydali o‘simliklardan biri sanaladi. Xususan, uning butasi ildizi shifobaxsh, barglarini damlama qilib ichish insonga naf keltiradi. Quritilgan anor gullari choy sifatida damlab ichilsa, gipertoniklarga katta foyda beradi.

Mevasi esa vitaminlarga boy. Uni ayniqsa, kamqonlik, ateroskleroz, nafas olish yo‘llari infeksiyalari, bronxial astma, angina va radioaktiv nurlanishda iste’mol qilish juda foydali. Buyuk bobokalonimiz ibn Sino ham anor sharbatining qonni tozalashda beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan. Shuningdek, qondagi gemoglabin miqdorini oshirish, qon bosimini tushirish, yurak faoliyatini yaxshilash, gijjalarni haydash, shamollash va oshqozon-ichak kasalliklarida ham anor sharbati va mevasi po‘stlog‘idan tayyorlanadigan damlamalar juda yaxshi samara beradi. Bu ilmiy tadqiqotlarda ham o‘z isbotini topgan.

Qolaversa, anordan bir necha xil tabiiy rang olish mumkin. Suvda qaynatilgan po‘stlog‘i - kulrang, unga soda qo‘shilsa - to‘q jigarrang, temir kuporasi qo‘shilsa - tim qora, gullaridan esa qizil rang hosil bo‘ladi.

Ayniqsa, anor mevasi o‘zining qator dorivor xususiyatlari, oziqlik qiymati bilan ham ichki, ham tashqi bozorda birdek xaridorgir mahsulotlar sirasiga kiradi. Ammo bir tomoni borki, anor butalari hamma joyda ham o‘savermaydi, u quruq va nami kam, sho‘rlanmagan tuproqni, toza havoni, zilol suvni va salqin shabadani xush ko‘radi.

Viloyatimizning Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Koson va Kasbi tumanlarining bir qator hududlari anorchilik uchun qulay tuproq, iqlim sharoitiga ega bo‘lib, bu yerlarda dehqon va fermer xo‘jaliklari yer maydonlarida ham, aholi tomorqalarida ham anor ko‘p yetishtiriladi.

Koson tumanining Pudina qishlog‘ida ham anorchilik keng rivojlangan. Bu yerda o‘z sohasining sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirgan usta bog‘bonlar ko‘p. Toshmurod Karimov ham ulardan biri. 40 yil davomida qishloqdagi maktabda yoshlarga ona tili va adabiyot fanidan saboq bergan domla anorchilik bilan ham muntazam shug‘ullanib keladi.

- Yoshligimdan shu ishga qiziqib, har doim tomorqamda anor parvarishlaganman, - deydi u. - Uch o‘g‘il, ikki qizim bor. Ularning hammasi oilali, hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketishgan. Ularni o‘qitishim, uyli-joyli qilishimda ana shu mehnatlarimning samarasi beqiyos albatta. Hozir ikki o‘g‘limga ham o‘zim barpo etgan ikkita anorzorni berganman. Ular ham davlat ishida ishlash bilan bir qatorda, anorchilik bilan ham shug‘ullanishadi. O‘zim esa 5 yil avval nafaqaga chiqib, 9 sotix tomorqada yangi anorzor barpo etgandim. Nevaralarim bilan birga shu yerda mehnat qilaman. Hozir unda 120 tup anor butalari bor, hali yosh, ayni paytda har biri o‘rtacha 25-30 kilogrammdan hosil bermoqda. Bu bir yilda 3 tonnaga yaqin hosil degani. Yana ikki-uch yildan so‘ng ana shu joyning o‘zidan kamida 5-6 tonna sara meva olish mumkin.

Usta bog‘bonning ta’kidlashicha, anor butalarini parvarishlashning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Kutilgan hosilni olish uchun ularni o‘z vaqtida mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, yerga ishlov berish, anor butalarini haftasiga bir marotaba yangi navdalardan tozalab turish zarur. Shu bilan bir qatorda, kuzda butalarni ko‘mish, bahorda esa ochish tadbirlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish katta ahamiyatga ega.

- Har yili 3 mingtaga qadar anor ko‘chatlari tayyorlab, ichki bozorga sotayapman, - deydi u. - Xaridorlar ko‘p. Oktabr oyining oxiri -  noyabr oyining boshlarida anor donlarini ekamiz. Bahorda nihollar ko‘karib chiqadi. Ularni avgust oyiga qadar parvarishlab, so‘ng payvand qilamiz. Keyingi yil bahorida esa eski novda kesilib, payvandi qoldiriladi. Shundan so‘ng, nihol o‘zini tutib, kerakli darajada o‘sib olishi uchun yana bir yilga qadar parvarishlash lozim. Demakki, bitta anor ko‘chatini tayyorlash uchun kamida 3 yildan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi.

Yaqinda Kitob tumanidagi Varganza qishlog‘ida o‘tgan "Anor" festivali o‘zbek zaminida yetishtirilgan anor mevasini yana bir bor dunyoga mashhur qildi. Shunga monand uning xaridorlari ham ko‘paygani rost. Shunga tayanib aytish joizki, anor ekib parvarish qilgan kishi yaxshigina daromad topadi. Hech bo‘lmaganda oilasi salomatligi uchun naf keltiradi. Shunday ekan, anor eking!

J.QILICHEV

S.NARZIYEV olgan suratlar