Jarayon 09.05.2019 33

SHIYPONDA YASHAGAN OILA ENDI UYLI BO‘LDI

Ijtimoiy himoya

Qarshi shahrilik Otabek Turdiyev - ikkinchi guruh nogironi. Rafiqasi Maqsuda Qorayevaning ham xastaligi bor. Bu holat ularning turish-turmushiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Ro‘zg‘ordan orttirib, bir mustahkam boshpana qurishga qurb yetmadi. 10 yildan oshibdiki, ijarada kun kechirishardi. Hatto so‘nggi vaqtda 2 nafar farzandi bilan dala shiyponida yashashga ham majbur bo‘lishgan. Yaqinda esa ehtiyojmand, imkoniyati cheklangan 20 ta oila qatorida ularning ham uyli bo‘lish orzusi amalga oshdi. Turar joylari ikki xonadan iborat, zarur qulayliklarga ega alohida oshxonasi bor. Endilikda oila a’zolarining  xursandchilikdan boshi osmonga yetgan.

Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatdan ham shu maqsad - aholining uy-joyga muhtoj qatlamini samarali qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. O‘tgan yillar davomida og‘ir oilaviy sharoiti hisobga olinib, ko‘plab kishilarga shunday yordam ko‘rsatildi. Ularga hech bir to‘lovsiz, yashash uchun barcha maqbul sharoiti bo‘lgan xonadonlar berildi. Viloyatimizda ham bu borada jiddiy ishlarga qo‘l urildi. Bultur Qarshi shahri Shayxali mahallasida 70 xonadonga mo‘ljallangan uy bunyod etilib, egalariga topshirilgandi. Kuni kecha esa Kat mahallasida barpo qilingan ikki qavatli uyga ham oilalar ko‘chib kirishdi.

Shu munosabat bilan tantanali marosim tashkil etildi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, turli tashkilot va idoralar mutasaddilari, yoshlar, xonadon sohiblarining yaqinlari qatnashdi. Bu marosim xayru saxovat ayyomi bo‘lmish muborak Ramazon oyida bo‘lib o‘tgani ham bejiz emas. Binobarin, shu kunlarda qilingan ezgu amallar savobi yanada ulkan bo‘ladi.

Tantanada 20 ta oila vakillari uy-joydan doimiy foydalanish huquqini beruvchi maxsus sertifikat va xonadon kalitlarini qabul qilib olishdi. Shuningdek, ularga qimmatbaho sovg‘alar ham taqdim etildi.

- Qizim  Dilnavoz uchun juda xursandman, - deydi Qarshi shahri Naxshab mahallasilik Gulnora Voronenkova. - 3 yildirki, og‘ir kasal, saratonga chalingan. Bir o‘g‘li bor. O‘zi mehnatga layoqatsiz. Shu paytgacha 8 kishi bir uyda tiqilib, qimtinib yashardik. Sharoiti ham o‘ziga yarasha. Ko‘mak so‘rab murojaat qilgandik. E’tiborga olishdi. Yangi uydan bir xona ajratib berishdi. Hali ham ko‘zlarimga ishonolmayapman. Hamma narsa yetarli. Shinam va qulay. Shu ishga bosh-qosh bo‘lgan barchaga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Aytish joiz, mazkur uy o‘rni avval qurilishi tugallanmagan bog‘cha binosi bo‘lgan. 30 yilga yaqin foydalanilmasdan kelgan. Mahalliy budjet hisobidan  1 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ sarflanib, bir va ikki xonali 10 tadan xonadonga moslashtirilgan. Zarur infratuzilma tarmog‘i qurilgan. Atrofi obodonlashtirilgan. Tez orada uy yaqinida tikuvchilik sexi ish boshlaydi. Korxonaga asosan xonadonda yashaydigan xotin-qizlarni mehnatga jalb qilish maqsad qilingan. Bundan tashqari, kelgusida shu joydan ehtiyojmand oilalar uchun yana 3 ta ikki va ko‘p qavatli uy barpo qilinishi mo‘ljallanmoqda.

Marosim viloyatimiz san’at ustalarining badiiy chiqishi bilan yanada serfayz o‘tdi.

Tadbirda Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari U.Muhammadiyev va viloyat hokimi Z.Ro‘ziyev so‘zga chiqishdi.

M.JO‘RAYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.