So'nggi yangiliklar 07.05.2019 107

Shohista BOZOROVA – nufuzli xalqaro tanlov g‘olibi

3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida “Oltin qalam” XIV-Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, yurtimizda jurnalistika sohasidagi eng nufuzli hisoblangan bu tanlovda tahririyatimiz xodimi Shohista Bozorova ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, xalqaro hamkorlar ta’sis etgan nominatsiyalardan birida g‘olib deb topildi.

Tajribali jurnalist Sh.Bozorovaning “Qashqadaryo” gazetasida va viloyatimizdagi yana bir qator davriy nashrlarda 2018-2019-yillarda chop etilgan maqolalari to‘plami (“Sil bilan kasallangan ayol farzand ko‘ra oladimi?”, “Teri sili: sekin rivojlanib, uzoq davom etadi”, “Har yerni qilma orzu...” va boshqa maqolalar) unga AQSH Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning “Project HOPE” dasturi tomonidan joriy qilingan “Bosma va internet OAVda sil kasalligiga qarshi kurash haqidagi eng yaxshi material uchun” nominatsiyasida g‘alaba keltirdi. Ijodkor ayol maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz: jurnalistika sohasidagi bir qator nufuzli tanlovlarning sovrindori Shohista Bozorova 2017-yilning sentabr oyida USAIDning O‘zbekistondagi silga qarshi kurashish dasturi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan o‘tkazilgan “Silning davosi bor” mavzusida eng yaxshi materiallar tanlovida ham g‘alaba qozongan edi.

O‘z muxbirimiz

Suratda: Shohista Bozorova poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida.