Jamiyat 13.09.2019 41

SHOKOLADLAR ORASIDAN TAQIQLANGAN DORI TOPILDI

Bojxona nazorati

Kuni kecha bojxonachilar tomonidan psixotrop moddalar yurtimizga noqonuniy olib kirilishining oldi olindi.

Viloyat bojxona boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, Qarshi xalqaro aeroportida Moskva-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha parvozini yakunlagan va "yashil yo‘lak" orqali harakatlangan fuqaro M.SH. bojxona xodimlarida shubha uyg‘otib, uning qo‘l yuklari rentgen apparati yordamida bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.

Natijada, yuklar ichida deklaratsiyalanmagan hamda bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, polietilen paketdagi shokoladlar orasiga xufyona tarzda 50 dona "Alprozolam" psixotrop tabletkalari yashirilgani oydinlashgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

N.XO‘JAYEV