Ma'naviyat 09.08.2019 28

"SHOYAD, BIR TUHFA YETIB, UNDAN SO‘NG HECH QACHON BAXTSIZLIK KO‘RMASANGIZ..."

Qurbon hayiti shukuhi

Shunday ulug‘ kunlarga sog‘-salomat yetkazgani uchun mehribon Allohga cheksiz hamdu sanolar va maqtovlar bo‘lsin! Haq taolodan barcha ibodatlarimizni qabul aylab, ezgu maqsadlarimizning amalga oshishini iltijo qilib so‘raymiz. Qurbon hayitining fayzu barakoti qalblarimizni va xonadonlarimizni munavvar aylasin.

Qurbon hayiti Ibrohim alayhissalom hamda o‘g‘li Ismoil va xotini Hojar onamizning nafs istagi, shayton vasvasasi ustidan qozongan g‘alabalari sifatida tarixda qolgan.

Ibrohim (a.s.) uzoq yillar shavq bilan zo‘rg‘a yetishgan farzandini zabh etishga, ya’ni qurbonlik qilishga amr etildi. U zot Alloh taolo roziligini nafs xohishidan ustun ko‘rdi. O‘g‘li Ismoil (a.s.) ham bu xatarli imtihondan sharaf bilan o‘tdi. Uning tilidan otalaridan o‘tgan, payg‘ambarlik nuri bilan sug‘orilgan qalb nidosi otilib chiqdi: "Ey ota! Buyurilgan ishni bajaring! Inshoalloh, mening sabr qiluvchilardan ekanimga ishonasiz".

Hojar onamiz ham yagona jigarbandini kimsasiz, hech bir nabotot o‘smagan sahroda qoldirib ulug‘ sinovdan matonat ila o‘tdi va: "Agar Alloh amr etgan bo‘lsa, U zot bizlarni noumid qilmaydi", dedi. Alloh taolo Ismoil (a.s.) zurriyotidan Muhammadni (a.s.) elchi va payg‘ambar etib yuborish uchun uning o‘rniga katta bir qo‘yni qurbonlik qildi hamda bu joyning insonlar va butun olam uchun muborak bo‘lishini iroda etib, Baytulloh bilan obod qildi. Binobarin, unga dunyoning barcha joylaridan minglab qalblar intiladi.

Qurbon hayiti kunlarida Alloh taolo o‘z irodasi bilan dinlarning oxirgisi bo‘lgan islom dinini mukammal nihoyasiga yetkazgani va bu dinga rozi bo‘lgani, bandalari odamlar ichidagi eng olijanob ummat bo‘lishganini yana bir bor esga olamiz. Rasululloh (s.a.v.)ning vidolashuv hajlarida ulug‘ bir hukm nozil bo‘ldi. Bu Haq taoloning quyidagi kalomidir:

"...Ana, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun islomning din bo‘lishiga rozi bo‘ldim. Kimki, gunohga moyilligidan emas, balki ocharchilikda (mazkur man etilgan narsalardan yeyishga) majbur bo‘lsa, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir".

Shuning uchun ham bu buyuk kun hayit sifatida nishonlashga loyiqdir. Bu ilohiy hukm quvonchi va shodligi Allohga beadad shukur aytishni barchamizga vojib etadi. Zero, shu kuni bizlarga Allohning ne’mati to‘la-to‘kis, mukammal qilib berildi. U zot bizlarni zulmat qa’ridan nurga olib chiqdi, dinni bizlarga hidoyat yo‘li etib, xavfu xatardan omonlik sari yo‘lladi.

Hayit kunlarida Alloh taologa eng sevimli ish qodir bo‘lgan kishilarning Haq yo‘lida qurbonlik so‘yishlaridir. Qurbonlik qilish vojib amallardan. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir. Qurbonlik qilish Alloh taoloni ulug‘lash, bergan ne’matlarining shukronasini ado qilishdir.

Bu muborak kunlar, shuningdek, kishilar o‘rtasidagi mehr-oqibatni, muruvvatni, hamkorlik va birodarlikni kuchaytirish kunlaridir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga muvofiq bayram kunlarida mo‘minlar axloqiga mos va xos bo‘lgan o‘zaro salomlashish, diydorlashish, bir-birlarini hayit bilan qutlash, mehribonlik, saxovat, oqibat ko‘rsatish kabi fazilatlar ko‘proq namoyon bo‘lishi lozim.

Bayram kunlarida ota-onalarimizni, ustozlarimizni, qarindosh-urug‘lar, yor-birodarlarni, bemor va muhtojlarni ziyorat qilish, hol-ahvol so‘rash, ularni hadyalar berib yoki shirin so‘zlarimiz bilan xushnud etish musulmon kishining burchidir.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Farz amallaridan keyin Allohga eng mahbub amal mo‘minning qalbiga xursandchilik kirgizishdir" (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taoloning ba’zi kunlarni boshqa kunlardan ko‘ra ortiqroq va afzalroq qilib qo‘yishi bandalariga savoblarini ko‘paytirib olishlari uchundir. Bu haqda hadisi sharifda bunday deyilgan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Zamoningizda Robbingizning tuhfalari bor, uni qarshi olinglar. Shoyad, ulardan bir tuhfa sizlarga yetib, undan so‘ng hech qachon baxtsizlik ko‘rmasangiz", dedilar (Tabaroniy rivoyati).

Bandalarga tuhfa qilingan kunlardan biri Zulhijja oyining o‘ninchi kuni, ya’ni Qurbon hayiti kuni hisoblanadi. Ushbu fazilatli kunlarda dunyo mo‘min-musulmonlari qatori yurtimizdan ham minglab vatandoshlarimiz Baytullohda ulug‘ Haj ibodatini ado etmoqdalar. Alloh taolo ularga o‘z rahmatini hayit libosi qilib kiydirdi, ularga fazli-karami bilan mag‘firat nishonini taqdi. Yurtimiz hojilari Minoda jam bo‘lib, ulug‘ Rabbilarining tuhfalaridan shodlanishmoqda. Hojilar bu muborak joyda Alloh taolodan o‘zlari, oilalari va yurtlarini hifzu himoyasida saqlashini so‘rab, astoydil duolar qilishmoqda. Baytullohni tavof etgan vaqtlarida tazarru’ bilan ko‘zlaridan to‘kilgan yoshlar sababidan Alloh taolo ularga rahmat va barakotlarini nozil qilgusidur, inshoallohu taolo. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qilingan hadisda: "Bu kunlarda qilingan yaxshi ishlar boshqa kunlardagidan Alloh taologa suyuklidir", deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

Qurbon hayiti - ulug‘ bayram. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yo‘qlab ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va, umuman, bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan amali solihlar bilan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Bu kunda gina-kuduratlarni unutib, kechirimli bo‘lish lozim.

Alloh taolo Qurbon hayitini barchamizga muborak qilsin! Mustaqilligimizni mustahkam, yurtimizni tinch, ofiyatini bardavom qilsin! Farzandlarimiz ilmli, imonlik bo‘lsinlar! Xonadonlarimizga, mahallalarimizga, Vatanimizga, barcha musulmonlarga Yaratgan fayzu barakotini yog‘dirsin!

Bu hayit namozining savobidan hammamizni bahramand aylab, bayram barakotidan barcha mo‘min-musulmonlarning gunohlarini mag‘firat etib, darajalarini yuqoriga ko‘tarib, ikki dunyo saodatiga musharraf qilsin! Omin!

Rahmatillo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili