Iqtisodiyot 20.09.2019 46

SHPATLYOVKA, AKRIL BO‘YOQLAR VA BOSHQA QURILISH MATERIALLARI

Kichik biznes

SHPATLYOVKA, AKRIL BO‘YOQLAR VA BOSHQA QURILISH MATERIALLARI

Endi Chiroqchida ham ishlab chiqarilmoqda

Sir emaski, bundan bir necha yil avval Chiroqchi tumanida sanoqligina ishlab chiqarish korxonalari bor edi, ularning ham ko‘plari samarasiz faoliyat yuritardi. Vaholanki, hududning sanoat va eksport salohiyati juda yuqori bo‘lib, mavjud resurslardan to‘liq va samarali foydalanish orqali ishlab chiqarish tarmoqlarini kengaytirib, aholi bandligi va daromadlarini oshirish borasida ko‘plab imkoniyatlar mavjud.

Shundan kelib chiqqan holda, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan tumanda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilindi. Xususan, Prezidentning 2018-yil 29-martdagi qaroriga asosan tumanda  kichik sanoat zonalari tashkil etilib, ayni paytda u yerda qurilish-bunyodkorlik ishlari yakunlangan va aksariyat tadbirkorlar o‘z faoliyatini boshlashga ham ulgurishgan. Shuningdek, o‘tgan yilning 29-oktabrida respublika hukumati tomonidan 2018-2019-yillarda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlanib, uning doirasida hududda birgina sanoat, xizmatlar ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida 129 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan edi. Hozirda ushbu loyihalarning aksariyati ishga tushirilgan.

Prezidentimizning 2019-yil 13-sentabrdagi "Chiroqchi" erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni esa bu boradagi ishlar yanada izchillik bilan davom etishi, tuman yaqin yillar ichida butunlay sanoatlashgan hududga aylanishini anglatadi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun Chiroqchida tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqish har qachongidanda kuchli. Buni yangi-yangi tarmoqlar soni ortib borayotganidan ham bilish mumkin. Xususan, mahalliy tadbirkorlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashdan tortib yengil sanoat, neft-kimyo, qurilish industriyasigacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab olishga erishib, ilgari Chiroqchida tayyorlanmagan mahsulotlar ishlab chiqarishni ham keng o‘zlashtirishmoqda.

"Ground mix products" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham yangi tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblanadi. Tadbirkor Jamshid Shaymanov tashabbusi bilan ta’sis etilgan  bu kichik biznes subyekti iste’molchilarga 12 turdagi qurilish materiallarini yetkazib bermoqda.

- Ishni bu yo‘nalishda boshlaganimiz bejiz emas, - deydi jamiyat ish yurituvchisi To‘lqin Shaymanov. - Boisi, bugun mamlakatimizning barcha hududlarida keng qamrovli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Sifatli, raqobatdosh qurilish materiallariga  talab yuqori. Shundan kelib chiqqan holda, aynan qurilishda pardozlash mahsulotlari ishlab chiqarishni tanladik. Buning yana bir muhim tomoni, zarur xom ashyoning 98 foizdan oshig‘i o‘zimizda mavjud. Masalan, hozir faoliyatimiz uchun zarur bo‘lgan asosiy xom ashyo - bo‘rni Kitob tumanidan, gipsni Samarqand viloyatining Jomboy tumanidan olayapmiz. Qolgan 2 foizga yaqin kimyoviy qo‘shimchalar esa import mahsulotlari hisoblanadi.

To‘lqin Shaymanovning ta’kidlashicha, korxonaning loyiha qiymati 700 million so‘mni tashkil etadi. Shundan 250 million so‘mi imtiyozli bank krediti bo‘lsa, qolgani tadbirkorning o‘z sarmoyasidir. Bu mablag‘ hisobidan bir necha turdagi qurilish-pardozlash mahsulotlarini ishlab chiqarish imkonini beradigan zamonaviy texnologiya xarid qilingan. Uning sutkalik ishlab chiqarish quvvati 50 tonnani tashkil etadi.

Korxona faoliyat boshlaganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, bu yerda ishlab chiqarilgan shpatlyovka va boshqa quruq qurilish aralashmalari, qolaversa, akril bo‘yoqlar ichki bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Tadbirkorning keyingi maqsadi esa qo‘shni davlatlar bozorlarini ham o‘z mahsulotlari bilan zabt etishga qaratilgan.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: korxona faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.