Ta'lim 25.12.2018 36

"SHUYAM XATOMI, USTOZ?"

Aks-sado

"SHUYAM XATOMI, USTOZ?"

"Qashqadaryo"ning 29-noyabr sonida chop etilgan "Lolazor" yoxud "Diktant-chellenj" o‘tkazamizmi?" sarlavhali maqolani o‘qib, bir voqea yodimga tushdi.

O‘quv yilining boshlanishida 7-sinf o‘quvchilariga birinchi nazorat ishi sifatida diktant yozdirdim. Tahlil payti bir o‘quvchim bahosidan norozi bo‘lib, e’tiroz bildirdi:

- Ustoz, nimaga "to‘rt" qo‘ydingiz? Axir xatolarim yo‘q-ku...

Unga diktant matnidagi i va o' ustida qizil ruchka bilan to‘g‘rilangan "nuqta" va "teskari vergul"ni ko‘rsatdim.

O‘quvchim hayratlanib dedi:

- Iye, shuyam xatomi, ustoz?

Uning hayrati bejiz emas ekan. Aytishicha, ilgari boshqa o‘qituvchilar harflarning "shapka"larini o‘zlari "ko‘k" ruchkada tuzatib qo‘ya qolishar, buni aslo xato hisoblashmas ekan. Bolaga buning jiddiy imloviy xato ekanligini, bu belgilarsiz harflar chala bo‘lib qolishi, hech qanday mazmun anglatmasligi yoxud boshqa ma’noni berishini tushuntirgunimcha ancha vaqtim ketdi. Menimcha, bu saboq uning yodida qoladi.

Meni bir narsa tashvishga soladi. Bugun farzandimiz ingliz tilida she’r aytayapti, deb sevinamiz. Ammo o‘z tilini va imlosini bilmagan bolaning iqtidoriga qanday qilib chet tili asosida baho berish mumkin?

Ba’zan boshqa fanlardan a’loga o‘qiydigan bolalar ham ona tili va adabiyot darslarida e’tiborsiz va hafsalasiz o‘tirishadi. Shundaylardan biriga ozroq tanbeh bergan edim, ochiq-oshkora tarzda e’tiroz bildirdi:

- Menga ona tili darsi kerakmas. "Politexnicheskiy"ga hujjat topshirmoqchiman. Testdagi uchta "blok"dan repetitorga borayapman. Shu uchta fanni bilsam, bo‘ldi-da...

Endi men hayratda qolgandim. Nahotki, o‘quvchilarimizda shunday tushuncha shakllangan? Eng ayanchlisi, bunday tushuncha oilada singdirilmoqda: "Fizikangni tayyorla, boshqasi bilan boshingni qotirib nima qilasan?!" Axir fizikayu kimyoning murakkab formulalari ham eng avvalo ona tili orqali tushuntiriladi-ku? Aniqmi, ijtimoiymi, tabiiymi - har bir yo‘nalishda ona tili muhim-ku!

Menimcha, nafaqat maqolada taklif etilganidek ommaviy "diktant-chellenj", balki keyingi bosqichda "insho-chellenj" ham o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Chunki, diktant orqali kishining savodxonligi, saviyasi, didi sinovdan o‘tkazilsa, insho orqali uning tafakkur dunyosi, ma’naviy qiyofasiga baho berish imkoniyati yaratilardi.

Nigora SHARIPOVA,

Shahrisabz tumanidagi 70-o‘rta maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi